Bola huquqlari bo‘yicha vakil faoliyatining qonuniylik, mustaqillik, adolatlilik, insonparvarlik, kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, xolislik, ochiqlik va bola huquqlarining ustuvorligi kabi asosiy prinsiplari belgilanmoqda.
Bu Senat yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi qonunda aks etmoqda.
Qonunda Bolalar ombudsmanining asosiy vazifalari, huquqlari va majburiyatlari aniq belgilanmoqda.
Mazkur masala yuzasidan munosabat bildirgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva qonunlarimizga, kodekslarga ayollar va bolalarimizga nisbatan turli tazyiq hamda zo‘ravonlik holatlarini bartaraf qilish bo‘yicha juda muhim o‘zgarishlar kiritilganini qayd etdi.
– Eng asosiy vazifamiz – bolalarimizni davlatimiz tomonidan berilayotgan barcha sharoitlar bilan amalda ta’minlash kerak. Qandaydir sabab bilan, kimningdir xohishi bilan bolalar huquqlari poymol qilinishi, bolalarimizning maktabga bormasligi yoki kasb o‘rganmasligi, qizlarimiz salohiyatini namoyon qilish imkoniyatidan cheklanib, erta turmushga berib yuborilishi – hammasining oldini olishimiz zarur. Bu borada hammaning oldida juda katta vazifalar turibdi, – dedi T.Norboyeva.
Qonunga bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga taalluqli masalalarga doir qonunchilik hujjatlari loyihalari Bola huquqlari bo‘yicha vakil bilan kelishilishi majburiy tartib sifatida kiritilmoqda.
Bundan tashqari, Bolalar ombudsmani ma’ruzasi Oliy Majlis palatalarining majlislarida har yili eshitilishi, Bolalar ombudsmani bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganini aniqlanganda, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish haqida davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning rahbarlariga taqdimnomalar kiritishi mumkinligi qonundan o‘rin olgan.
Bola huquqlari bo‘yicha vakilga o‘z faoliyatiga taalluqli masalalar yuzasidan tashkilotlar rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslar tomonidan darhol qabul qilinishi huquqidan foydalanish vakolati berilmoqda.
Qonunda Bola huquqlari bo‘yicha vakilning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi mintaqaviy vakillari tayinlanishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlarida hamda ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarida, tergov hibsxonalarida va tarbiya koloniyalarida turgan bolalar yozma shakldagi murojaatlarini Bola huquqlari bo‘yicha vakilga yuborishi mumkini belgilanmoqda.
Senatorlar ma’qullagan ushbu qonun bolalarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida Bolalar ombudsmanining rolini kuchaytiradi.
Norgul Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 09.02.2024
- Ko'rishlar: 2080
- Chop etish