Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mas’ullarining so‘zlariga ko‘ra, joriy yil 13 fevral kuni qariyb 1 million nafar o‘quvchi maktabga bormagan. Shundan 800 ming nafardan ortig‘i sababli, salkam 95 mingi esa maktabga sababsiz ravishda bormagan.
Qayd etilishicha, elektron tizimda bolalar davomadi 95-98 foiz qilib yozilgan bo‘lsa-da, asl holatda kelmaydigan o‘quvchilar soni ko‘pchilikni tashkil qiladi.
Qonunchilikda bolaning ta’lim olish huquqi va bu huquqni amalda ro‘yobga chiqarish borasida davlatning, shu jumladan ota-onalarning majburiyatlari belgilangan. Xo‘sh, aslida farzandini maktabga yubormaganlarga qanday javobgarlik bor? Dars qoldirgan bolalarning muammosini o‘rganishga kim mas’ul?
Huquqshunos Dilmurod Rajabboyev tomonidan ta’lim olish huquqi va unga to‘sqinlik qilishning huquqiy oqibatlari haqida ma’lumot berildi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, mavjud qonunchilikka asosan, har bir bola bilim olish huquqiga ega. Konstitutsiyaning 50-moddasida har kim ta’lim olish huquqiga ega ekani, 77-moddada esa ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburligi belgilangan.
“Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra esa, davlat bolaning bepul majburiy umumiy o‘rta ta’lim va o‘rta maxsus ta’lim olishini kafolatlaydi.
Demak, bolaning bepul ta’lim olishini davlat kafolatlab, ta’minlab bermoqda. Ota-onalar esa bolaning o‘z vaqtida ta’lim olishi uchun sharoit yaratib berishi lozim.
Shuningdek, bolaning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday mehnat – majburiy mehnat deb baholanadi. Konstitutsiyaning 44-moddasida bolalar mehnatining bolaning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlangan.
Demak, hech bir shaxs bolaning maktabga borishiga to‘sqinlik qilib, uni ishlatishi mumkin emas. Ya’ni, bolani o‘qish vaqtida turli hasharlarga yoki boshqa ishlarga jalb qilish Konstitutsiya bilan taqiqlangan.
Xo‘sh, dars qoldirgan bolalarning muammosini o‘rganishga kim mas’ul?
Dars qoldirgan bolalarning muammosini o‘rganish va uni bartaraf qilish uchun – maktab, hokimlik, maktabgacha va maktab ta’limi organlari hamda Milliy gvardiya mas’ul.
Yuqoridagi organlar bolalarni darslarga qatnashish holati yuzasidan monitoring olib borishi va uning natijasida aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rishi kerak.
Bu qay tartibda amalga oshiriladi?
Darsga kelmayotgan bola bilan individual ish olib boriladi, ota-onasi maktabga chaqirtiriladi, zarurat bo‘lganida bolaning uyiga boriladi, xullas, bolaning darsda qantashishini ta’minlash chorasi ko‘riladi.
Bola darsga ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxs sababli kelmayotgan bo‘lsa, ularga nisbatan ma’muriy javobgarlik masalasi ko‘rib chiqiladi.
Bolaning maktabga borishiga to‘sqinlik qilish uchun belgilangan tartibda javobgarlik bor.
Xususan, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi – bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 5 baravarigacha jarima;
yuqoridagi huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa – bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima;
bolalarning majburiy umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi olishiga ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan to‘sqinlik qilish — bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha jarima;
ta’lim olishga to‘sqinlik qilish ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yilda takror sodir etilsa – bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan 25 baravarigacha jarima solishga yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA
- Qo'shildi: 19.02.2024
- Ko'rishlar: 1998
- Chop etish