2003 yildan buyon 18 sentyabr Jahon suv yoki suv sifati monitoringi kuni sifatida nishonlab kelinadi.
Amerikadagi “Toza suv” jamg‘armasi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu ekologik bayram bugungi kunda aholining sayyoramiz suv resurslari muammosi haqidagi xabardorligini oshirish,obi hayotni ifloslanishdan himoyalashda ishtirok etishga qaratilgan axborot-ma’rifiy dasturga aylangan.
Mazkur tashabbus odamlarga mahalliy suv havzasi holati asosiy monitoringini o‘zlari amalga oshirish imkonini beradi va Suv muhiti federatsiyasi (Water Environment Federation – WEF) va Xalqaro suv assotsiatsiyasi (International Water Association – IWA) tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.
Jahon suv monitoringi kuni dastlab 1972 yil AQSH Kongressi tomonidan Toza suv to‘g‘risidagi qonun qabul qilingan sana munosabati bilan 18 oktyabrda nishonlanishi rejalashtirilgan edi. Ushbu hujjat mamlakat suv resurslarini tiklash va muhofaza qilishga qaratilgan.
Vaqt o‘tishi bilan loyihaning ahamiyati ortib, boshqa mamlakatlarda ham sana nishonlana boshlandi. Shu tariqa 2007 yildan boshlab oktyabrga kelib havzalardagi suv muzlaydigan mamlakatlar ishtirokini ta’minlash uchun sana bir oy oldinga o‘zgartirildi.
Endilikda an’anaviy tadbir doirasida sayyoramizdagi turli havzalardan namuna olinadi, suvning sifati, inson hayoti va tirik organizm uchun xavfsizligi baholanadi.
Qiziquvchilarga mahalliy daryo, ko‘l va boshqa manbalardagi suv sifatini aniqlash uchun turli oddiy sinovlar o‘tkazish, natijani Jahon suv monitoringi kuni (WWMD) veb-saytida e’lon qilish taklif etiladi. Sinov jarayoni 22 mart – Jahon suv kunida boshlanadi.
E’tiborli jihati, suv monitoringi kunini nishonlayotgan odamlar safi yil sayin kengaymoqda. WWMD veb-sayti ma’lumotidan 2011 yil tadbirlarida 77 mamlakatdan 340 ming kishi qatnashgani ma’lum. Bugungi kunda esa 150 davlatdan 1,7 million ko‘ngilli suv havzasini kuzatib boradi. Oddiy test to‘plami yordamida kattalar ham, bolalar ham osongina yaqin atrofdagi havzaning sifati, jumladan suvning harorati, kislota (pH)ga boyligi, tiniqlik (loyqalik) darajasi va obi hayot tarkibidagi erigan kislorod (DO) miqdorini tekshirishi mumkin. Natija esa WWMC veb-sayti orqali butun dunyo bo‘ylab ishtirokchi jamoalar bilan baham ko‘riladi.
G.Sattorova,
O‘zA
- Qo'shildi: 19.09.2024
- Ko'rishlar: 862
- Chop etish