Diniy sohadagi davlat siyosati Konsepsiyasi loyihasi — jamoatchilik muhokamasida (+video)

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi loyihasi mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjumanda Spiker o‘rinbosari Rahimjon Hakimov so‘z olib, Konsepsiya loyihasining ahamiyati, uni takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan jurnalistlarga batafsil ma’lumot berib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, bir guruh deputatlar tomonidan tashabbus qilingan mazkur Konsepsiya va uni tasdiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi joriy yilning 31 yanvar kuni Qonunchilik palatasining yalpi majlisida birinchi o‘qishda qabul qilinib, 10 fevralga qadar palata rasmiy veb-saytida jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan.

— Muhokamalarda barcha yurtdoshlarimiz katta qiziqish bilan ishtirok etib, o‘z taklif va fikr-mulohazalarini bildirmoqda, — dedi Spiker o‘rinbosari. — Xususan, Konsepsiya loyihasi jamoatchilik muhokamasiga chiqarilganidan so‘ng bugunga qadar 200 dan ortiq izohlar, taklif va tavsiyalar kelib tushdi.

Konsepsiyada diniy qadriyatlarimiz jamiyatimiz uchun juda muhim ekani alohida qayd etilib, ular O‘zbekiston xalqining madaniyati, turmush tarzi, urf-odatlari, odob-axloqining shakllanishi hamda avloddan avlodga meros bo‘lib o‘tishiga xizmat qilib kelmoqda. Diniy e’tiqodlar va diniy bag‘rikenglik O‘zbekiston xalqini birlashtirish va jipslashtirishga xizmat qiluvchi, oilalarda o‘zaro hurmat-izzat va mehr-oqibatni mustahkamlovchi asriy qadriyatlar manbaidir, — dedi.

Ushbu hujjatda vijdon erkinligi huquqini yanada kafolatlash, diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsiplari, ustuvor yo‘nalishlari va ularni amalga oshirish mexanizmlari ochib berilyapti.

Konsepsiyada diniy sohadagi huquqlarni cheklovchi biror-bir yangi qoidalar kiritilmayapti, aksincha, huquqlar aniq bayon etilib, davlatning bu boradagi mas’uliyati va majburiyati belgilanmoqda. Hujjatda belgilangan asosiy vazifalarning bajarilishi ustidan samarali parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida Oliy Majlis palatalarining qarori bilan parlament komissiyasi tashkil etilishi nazarda tutilmoqda. 

Anjuman davomida jurnalistlar Konsepsiya loyihasini tayyorlash jarayonida xalqaro standartlar, xorijiy davlatlarning tajribalari o‘rganilgani bilan qiziqdi. Ma’lum qilinganidek, hujjat loyihasini ishlab chiqishda deputatlar tomonidan vijdon erkinligi borasidagi xalqaro standartlar, jumladan, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining hujjatlari to‘liq o‘rganilgan va Konsepsiya loyihasini tayyorlashda inobatga olingan.  

Konsepsiya din sohasidagi siyosatning mazmun-maqsadini, yo‘nalishlari va mexanizmlarini belgilab beradi. Yana bir muhimligi, barchaning diniy munosabatlardagi huquqlari, boshqalar bilan munosabatlari va albatta, chegaralarini aniq belgilaydi. Buni davlat xizmatchilari ham, olimlar ham, nomutaxassislar va oddiy insonlar bir xil tushunib, bir xil qabul qilib, ushbu konsepsiya qoidalari bo‘yicha o‘z munosabatlarini shakllantirishadi.  

Matbuot anjumanida ushbu Konsepsiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar haqida ham batafsil ma’lumotlar berildi. Jumladan, bu borada fuqarolarning xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik bo‘yicha kafolatlangan konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratiladi. Jamiyatda qonun ustuvorligi, ijtimoiy hamjihatlik va birdamlik muhiti mustahkamlanadi, davlat va konfessiyalar o‘rtasida diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni ta’minlash kabi natijalarga erishiladi. 

Anjumanda ayni paytda Konsepsiya loyihasi keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgani, barcha yurtdoshlarimiz uni takomillashtirish bo‘yicha o‘z takliflari bilan faol ishtirok etayotgani, ushbu taklif-mulohazalar deputatlar tomonidan o‘rganilib, Konsepsiyani maromiga yetkazishda inobatga olinishi ta’kidlandi.  

Muhtarama Komilova, Nishon Abduvoitov (video), O‘zA

Powered by GSpeech