Qarorgohi Londonda joylashgan Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti (IISS) bashorat qilishicha, turli qit’alarda mojarolar kechayotgan bir sharoitda dunyo “yanada xavfli o‘n yillik” bilan yuzlashishiga to‘g‘ri keladi.
– Harbiy xavfsizlik sohasida yuzaga kelgan hozirgi vaziyat yanada xavfli o‘n yillik qarshimizda turganidan darak bermoqda, – deyiladi institut tayyorlagan “Harbiy muvozanat” sarlavhali risolada. – Bu ayrim kuchlar o‘z da’vosini hayotga joriy qilish uchun yuzsizlarcha harbiy harakat boshlashi bilan namoyon bo‘ladi.
Tashkilot ta’kidlashicha, xavfsizlikka darz ketishi natijasida dunyo bo‘yicha umumiy mudofaa xarajati 2023 yil rekord darajaga ko‘tarilib, 2,2 trillion dollarga yetdi. Bu avvalgi yildan 9 foiz ko‘p. Institut tahliliga ko‘ra, joriy yil ushbu mablag‘ yana ortishi mumkin.
Yevropaning ko‘plab mamlakatlari mudofaa xarajatini 2014 yildan boshlab oshirib kelyapti. Masalan, Qrim Rossiya tarkibiga kirgandan keyin NATO mamlakatlari (AQSHdan tashqari) harbiy byudjeti 32 foiz ortgan. AQSH esa avvaldan harbiy xarajat bo‘yicha yetakchilikni qo‘ldan bermaydi. Aniqrog‘i, dunyo bo‘yicha mudofaa uchun ajratilayotgan mablag‘ning 41 foizi, Shimoliy Atlantika ittifoqi mamlakatlari mudofaa sohasi moddiy ta’minotining 70 foizi Qo‘shma Shtatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Institut ekspertlari ta’kidlashicha, RF va Xitoy ham mudofaa xarajatini uchdan bir hissa oshirgan. Natijada jami mudofaa xarajatining 70 foizi NATO va shu juftlik hisobiga to‘g‘ri keldi.
Hisobotda Yevropa mamlakatlari mudofaa byudjeti o‘sishi, asosan, mudofaa sohasidagi eski muammolarni hal qilishga qaratilgani ta’kidlangan.
– Rossiya va Ukraina mojarosida o‘q-dori sarflanishi sur’ati G‘arbni qurol-yaroq sanoatida ishlab chiqarish quvvati pasayganini tan olishga majbur qildi va mamlakatlar zudlik bilan ko‘p yil yetarli sarmoya kiritilmagani va e’tibor qaratilmagani tufayli sohada yuzaga kelgan vaziyatni tuzatishga shoshildi, – deyiladi hujjatda.
Ekspertlar fikricha, Ukrainadagi jangovar harakat ortidan boshqa davlatlar mudofaa sohasiga yondashuvni qayta ko‘rib chiqishini taqozo qilmoqda.
– Harbiy harakatlardan olingan saboq ko‘plab mamlakatlar qurolli kuchlari zehniyatiga ta’sir qila boshladi, – deyiladi hisobot matnida. – Bunga zambarak uchun snaryad, osmonda uchib yuruvchi o‘q-dori va uchuvchisiz parvoz qiladigan havo vositalariga qarshi tizim, shuningdek o‘zi suzar transport vositalari qiymatini belgilash va xavfini chuqurroq anglash zaruratini yuzaga chiqardi.
Dengizda o‘zi harakatlanadigan vositalarga ehtiyoj “Harbiy muvozanat” byulletenida ilk bor tilga olingan, deydi mutaxassislar.
Ta’kidlanishicha, G‘arb yetkazib berayotgan qurol-yaroq Ukrainadagi harbiy texnika ko‘lamini saqlab qolish va sifatini oshirish imkonini bergan. “Vaziyat harbiy harakatlar boshi berk ko‘chaga kirib qolganini tasdiqlamoqda, bu holat 2024 yil oxirigacha saqlanib qolishi mumkin”, – deb hisoblaydi ekspertlar.
Yaqinda “Guardian” gazetasi ham Buyuk Britaniya razvedkasiga tayanib, dunyoda keng ko‘lamli mojaro ehtimoli mavjudligi haqida yozdi.
Qayd etilishicha, bunga Yaqin Sharqda keskinlik xavfi oshishi, Ukraina ziddiyati yanada kengayishi ehtimoli hamda Xitoy zamonaviy qurollar yaratayotgani va Tayvanni bosib olishga urinishi sabab bo‘lmoqda.
S.Rahimov, O‘zA
- Qo'shildi: 19.02.2024
- Ko'rishlar: 1976
- Chop etish