Birgina kam taʼminlangan oilalarni aniqlash mezonlarini ishlab chiqish, tizimni shaffof qilish hisobiga, 550 ming oʻziga toʻq, mashinasi bor, doimiy daromadga ega oila bunday toifadan chiqarildi. Natijada, byudjetdan yiliga 2,5 trillion soʻm asossiz xarajatning oldi olindi.
1-iyundan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini aniqlash tartibi va ular bilan ishlash tizimi oʻzgaradi:
- ehtiyojmand toifani belgilash boʻyicha aniq mezonlar ishlab chiqiladi va ijtimoiy himoyaga muhtoj deb topilgan har bir aholi identifikatsiya qilinadi;
- ularning har biri boʻyicha individual ijtimoiy xizmatlar dasturi boʻladi.
Har bir savol boʻyicha odamning oʻzi nima qilgani, mahalla qanday yordam koʻrsatgani, xonadonda nima oʻzgargani monitoring qilinadi.
Yana bir muhim jihati, mahalladagi barcha ijtimoiy xizmatlarni bosqichma-bosqich ijtimoiy xizmat koʻrsatish shartnomasi orqali taqdim etish yoʻlga qoʻyiladi. Bunda, xizmat koʻrsatuvchi ham, yordam oluvchi ham oʻziga majburiyat oladi.
Albatta, ijtimoiy himoya tizimining mahalla darajasiga tushirilishi hokimlar, hokim yordamchilari, mahalla idoralari uchun oson boʻlmaydi. Ammo bu yechim koʻpincha “xoʻja koʻrsin”ga oʻtkazilayotgan turli qabullar va tadbirlardan farqli oʻlaroq, har bir tuman-shaharda, viloyatda va nihoyat, respublika miqyosida haqiqiy yordamga muhtoj aholi vakillarini toʻgʻri aniqlash, ularga manzilli koʻmak berishga xizmat qiladi.
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati