Islom sivilizatsiyasi markazi – Yangi O‘zbekistonning ma’rifiy salohiyati ramzi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 yanvar kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Qurilish ishlari va ekspozitsiya bilan tanishish jarayonida davlatimiz rahbari markaz faoliyatini tashkil etish, uning ma’no-mazmunini yanada boyitish va takomillashtirish yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berdi.

O‘zbekiston bir necha ming yillik ulug‘vor va muhtasham tarixga ega. Uning turli davrlarida  jahonshumul sivilizatsiyalar, yirik imperiyalar,  shaharlar va bebaho me’moriy obidalar vujudga kelgan. Ulug‘ ajdodlarimizning tengsiz madaniy merosi insoniyat tarixida o‘chmas iz qoldirgan. Ularning ilmiy, tarixiy va badiiy asarlari bugun dunyoning turli nuqtalarida, xorij to‘plamlari, jamg‘armalari, kutubxona va muzeylarida ham saqlanmoqda.    

Sharq Uyg‘onish davri – Musulmon Renessansi davomida bugungi O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlarning jahon ilm-fani va madaniyati, muqaddas Islom dini rivojiga qo‘shgan bebaho hissasi dunyo ilmiy jamoatchiligi tomonidan haqli ravishda tan olingan. Xususan, IX-XI asrlarda Xorazmda tashkil etilgan Ma’mun akademiyasi, XV asrda Samarqandda shakllangan Mirzo Ulug‘bek ilmiy maktabi, Xurosonda Alisher Navoiy, Husayn Boyqaro singari ajdodlarimiz shakllantirgan madaniy muhitning yetuk vakillari o‘zlarining boy  ma’naviy merosi bilan  dunyoga dong taratganlar. 

O‘rta asrlarning ilk davrida ulug‘ ajdodlarimiz tomonidan matematika, astronomiya, fizika, kimyo, geodeziya, farmakologiya, tibbiyot kabi aniq fanlar bilan birga, tarix, geografiya, falsafa, madaniyat va san’at, arxitektura sohalarida yaratilgan buyuk ilmiy g‘oya va kashfiyotlar jahon ilm-fani va sivilizatsiyasi rivojida keskin burilish yasagan. 

Bugungi kunda shiddat bilan rivojlanayotgan axborot texlogiyalarining tamal toshi bevosita bobokalonimiz Abu Muso Muhammad al-Xorazmiy asos solgan sanoq tizimiga borib taqalishi, hakim Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” asari Germaniyada ixtiro qilingan matbaa uskunasida bosilgan ilk kitoblardan biri ekanligi, 1037 yilda Abu Rayhon Beruniy oddiy usturlob yordamida Yer radiusini o‘ta yuqori aniqlikda o‘lchab chiqqani,  1492 yilda Xristofor Kolumb  aynan Ahmad al-Farg‘oniy tuzgan yerning darajasini aniqlash haqidagi hisob-kitoblari asosida Amerika sohillari yetib borgani kabi o‘nlab dalillar ulug‘ allomalarimizning cheksiz aql-zakovati va idrokidan dalolat beradi.   

Ta’kidlash joizki, o‘z milliy tarixi va madaniyatiga, intellektual va ma’naviy salohiyatga chuqur hurmat bilan yondashish, uni asrab-avaylash va boyitish, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash jahondagi har bir davlat va jamiyatning moddiy va ma’naviy taraqqiyotida hal qiluvchi o‘rin egallaydi. 

2017 yilning 23 iyun kuni Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida “O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishi esa bu masalada qo‘yilgan eng ulug‘ qadamlardan biri bo‘ldi.   

Mazkur markaz ming yillar ilgari ota-bobolarimiz asos solgan sivilizatsiyalar va ularning mantiqiy davomi bo‘lgan Yangi O‘zbekistonning ilmiy, madaniy-ma’rifiy salohiyatini jahonga namoyon qilishi lozim. 

Markazdan boy muzey va kutubxona, anjumanlar zali, ajdodlarimizning ilm-fan rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi va me’morlik an’analariga bag‘ishlangan ko‘rgazma zallari, axborot-resurs markazi, akademiya, arxiv va qo‘lyozmalar fondi o‘rin oladi. Kutubxona hamda fondlarni mamlakatda va chet ellarda saqlanayotgan qadimiy qo‘lyozmalar, toshbosma kitoblar, tarixiy hujjatlar, arxeologik topilmalar, osori-atiqalar, zamonaviy ilmiy-tadqiqot ishlari, video va foto hujjatlar bilan boyitish, 300 o‘rinli konferensiya zali barpo etish ham ko‘zda tutilgan. 

Shu bildan birga,  mahalliy va chet ellik mutaxassislarni keng jalb etgan holda ilmiy-tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yish, Musulmon Renessansi davrida ilm-fan, madaniyat va san’at, me’morlik rivoji to‘g‘risida keng qamrovli ma’lumotlar berish, dinlararo va sivilizatsiyalararo muloqotni samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida  YUNESKO, AYSESKO, IRSIKA  kabi xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatish, diniy ta’lim muassasalariga ilmiy-tadqiqot va o‘quv-uslubiy masalalarda hamda o‘qituvchi va diniy xodimlarning malakasini oshirib borishda amaliy yordam ko‘rsatish ham Markazning asosiy vazifalari qatoridan joy olgan.   

O‘tgan yili 30 iyun kuni Birlashgan Millatlar tashkilotining Bosh kotibi Antoniu Guterrish mamlakatimizga tashrifi chog‘ida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib, bu yerda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi. Mamlakatimizda madaniy merosni asrab-avaylash  va targ‘ib qilishga qaratilayotgan e’tiborga yuqori baho berdi. 

– Afsuski, so‘nggi yillarda dunyoda islomofobiyaning turli ko‘rinishlari bilan to‘qnash kelmoqdamiz, – degan edi Antoniu Guterrish. – Bu bizni qattiq tashvishga solmoqda. Ana shunday bir paytda mamlakatingiz rahbari boshchiligida katta ilmiy-ma’rifiy muassasaning barpo etilishi, Islomning asl mazmun-mohiyatini ifodalashga harakat qilinishi juda ulug‘ ishdir. 

O‘tgan yilning  3-4 iyul kunlari Toshkentda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati  (WOSCU) tashabbusi bilan “Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans poydevori” mavzusida birinchi olimlar forumi o‘tkazildi. 

500 ga yaqin sharqshunos, tarixchi, qur’onshunos, etnograf va san’atshunos olimlar, tadqiqotchi va ekspertlarni qamrab olgan forumda Islom sivilizatsiyasi markazining maqsad va vazifalari, kelgusi rejalari, hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalar muhokama qilindi. 

23-26 avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renesans asosi” mavzusida xalqaro anjuman,  18-26 oktbyar kunlari Toshkentda “Sharq renessanslari fenomeni: saltanatlar, dinlar, shaxslar va sivilizatsiyalar” mavzusida xalqaro madaniy meros haftaligi o‘tkazildi. Ushbu xalqaro tadbirda dunyoning 40 dan ortiq davlatidan 350 dan ziyod olimlar va mutaxassislar, muzeylar va kutubxonalar, ilmiy-tadqoqot muassasalari vakillari ishtirok etdi. 

Ushbu yirik anjumanlarda bildirilgan taklif va mulohazalar asosida markaz konsepsiyasini boyitish, kontentni shakllantirish maqsadida 700 dan ortiq loyiha ishlab chiqildi. 

Muhtaram Prezidentimiz tashrifi davomida markaz qurilishi, so‘nggi bosqichdagi bezatish  ishlari, shuningdek, ekspozitsiyasi loyihalari bilan tanishdi.  Ajdodlarimizning  dunyo tamadduniga qo‘shgan hissasini keng miqyosda ko‘rsatib berish, yoshlarimizni buyuk tarixiy merosga sadoqat ruhida tarbiyalash, kelgusida bu noyob zamonaviy maskanda turli ilmiy muhokamalar, bahs-munozaralar o‘tkazish, dolzarb g‘oya va kashfiyotlarni ilgari surish, yangi ilmiy kontentlar ishlab chiqish uchun barcha sharoit yaratilishiga e’tibor qaratdi. 

Markazning eng asosiy qismidan Qur’oni karim zali o‘rin oladi. Bu yerda musulmon dunyosining ma’naviy durdonasi – qadimiy Usmon Mushafi joylashtiriladi. Shuningdek, Mushaf atrofiga jahonning eng mo‘’tabar Qur’on qo‘lyozmalari, somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, g‘aznaviylar, saljuqiylar,  temuriylar va boshqa tarixiy sulolalar davrida bitilgan Kalomulloh  nusxalari, ularning eski o‘zbek tilidagi tarjimalari ham qo‘yiladi.

Prezidentimiz ushbu nodir qo‘lyozmalar bilan tanishar ekan, tarixni o‘rganishda katta qadamlar tashlangani,  yangi manbalar yuzaga chiqayotgani, ularni faqat yodgorlik sifatida saqlamasdan, xalqimiz, xususan,  yoshlarga tushunarli tilda yetkazish, jahon jamoatchiligiga keng targ‘ib qilish kerakligini ta’kidladi. Bu dargoh nafaqat o‘tmish haqida hikoya qiladigan, balki tarix, bugun va kelajakni bog‘laydigan, taraqqiyotimizning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradigan aql-tafakkur markazi bo‘lishi zarur.

Shuningdek davlatimiz rahbariga “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans davri”, “Ikkinchi Renessans davri”, “O‘zbekiston XX asrda”, “Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans” kabi bo‘limlar hamda ulardan joy olishi ko‘zda tutilayotgan eksponatlar haqida ma’lumot berildi. 

Xorazmiy, Farg‘oniy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Burhoniddin Marg‘inoniy, Mahmud Zamahshariy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo, Ali Qushchi kabi alloma va mutafakkirlar,  Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Qaffol Shoshiy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband, Xo‘ja Ahror Valiy kabi ulamolarning Islom ma’rifatiga qo‘shgan hissasi  markaz kontentidan alohida joy oladi. 

Prezident markazning asosiy kirish foyesidan o‘rin oladigan buyuk allomalarimiz, tarixiy shaxslar qiyofalari aks etgan mahobatli rangtasvir  asarlari bilan ham tanishdi. Ularni yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdi. 

Shuningdek, markaz ekspoziyalarini bir-biriga bog‘laydigan, zamonaviy ko‘rinishdagi “Vaqt devori”, “Tarix yo‘lagi” singari interaktiv loyihalar bilan ham tanishdi. Yaqin vaqt ichida markaz olimlari tomonidan aniqlangan tarixiy eksponatlar, xorijiy muzey va kutubxonalardan keltirilgan faksimil nusxalar, O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati hamkorligida nashr qilinayotgan “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” , “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihalari ham namoyish qilindi. 

Davlat rahbarining “Markaz bilan tanishgan odam ana shu tarixni yaqqol ko‘rib, Islom dini, bu avvalo, tinchlik, taraqqiyot va bag‘rikenglik dini ekanini, o‘zbek xalqining dunyo tamadduniga qo‘shgan buyuk hissasini anglaydi”, degan fikri ham ayni paytda bu yerda olib borilayotgan ishlar mazmun-mohiyatini belgilaydi. 

Markaz   ulug‘ ajdodlarimiz merosini chuqur tadqiq qilish, uni bugungi kunning o‘tkir muammolariga javob bera oladigan hayotbaxsh kuchga aylantirish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikda faoliyat yuritmoqda. 

Tashrif davomida ana shu hamkorlikni yanada mustahkamlash, ushbu tashkilotlar faoliyatini har tomonlama  muvofiqlashtirish, zamonaviy tahdidlarga munosib ilmiy javoblar topish, “bitta dargoh, bir maqsad, bir natija, bir kelajak” tamoyili asosida hamkorlikda ish olib borish lozimligi  ta’kidlandi. 

Albatta, davlat rahbarining buyuk madaniy-ma’rifiy merosga bo‘lgan ulkan e’tibori yana bir bor o‘z isbotini topdi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi jamoasi, hamkor tashkilotlar, ilmiy muassasalar vakillari uchun bu tashrif, unda ko‘tarilgan masalalar, qimmatli yo‘l-yo‘riq va tavsiyalar katta kuch va ilhom baxsh etdi, deyish mumkin. Ana shu ezgu maqsad yo‘lida kuch va imkoniyatlarni birlashtirish, oldimizga qo‘yilgan mas’uliyatli vazifalarni ado etish uchun hamjihatlik bilan harakat qilish lozim.  

Rustam JABBOROV, 

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi 

 markazi ilmiy kotibi.

Rustam NAZARMATOV (surat), O‘zA

Powered by GSpeech