1-qism
Biz, katta avlod vakillari – kambag‘allik, oziq-ovqat tanqisligi, hatto, ocharchilik nimaligini yaxshi bilamiz. Uzoqqa borishning hojati yo‘q. Sho‘ro davrining so‘nggi yillaridagi “O‘zbekiston paxta bersin, qolganini biz ta’minlaymiz, deya zimmaga olingan vazifa bajarilmay, xalq og‘ir ahvolga tushib qolgan yillar shundoqqina ko‘z oldimizda. Xuddi bugungi O‘zbekistondagidek tansiq oziq-ovqat mahsulotlariga to‘la savdo rastalarini faqat xorijiy filmlardagina suqlanib ko‘rganimiz hamon yodimizda.
Shunday vaqtlar bo‘ldi-ki, na cho‘ntakda pul, na oilada yetarli daromad va na do‘konlarda go‘sht, shakar, yog‘ bor. Bu masalaning bir tomoni.
Ma’lumki, kambag‘allik yoki o‘ziga to‘qlik darajasi, avvalo, har bir oila topadigan daromad yoxud muayyan mamlakat yetarli miqdorda zarur mahsulot ishlab chiqarishi bilan bog‘liq. Bu borada, qariyb, bir yarim milliard aholiga ega Xitoy Xalq Respublikasi tajribasi har qanday davlat uchun namuna bo‘la oladi.
Aytish joiz, qanchalik jiddiy bo‘lmasin, muammoni hal qilish yo‘lida tinimsiz mehnat qilish zarur, hadiksirash, hayiqish, qo‘rqish yaramaydi.
Haqiqatni tan olishimiz kerak: kambag‘allarimiz bor va ayni yo‘nalishda hali qiladigan ishlarimiz bisyor. Ayni bir payt hosildor yerimiz, “Mana men!” deya boqib turgan quyoshimiz, zahmatkash xalqimiz, kamroq bo‘lsa-da, tejab ishlatilsa, mo‘l-ko‘lgina hosil uchun yetarli suv zaxiramiz bor ekan, o‘ta murakkab ko‘rinayotgan bu muammoni yengsa bo‘ladi, degan xulosaga kelasan, kishi.
Si Szinpin hokimiyat tepasiga kelgan 2012-2013 yillarda kambag‘allik barchaning tinkasini quritib, joniga tekkan, mazkur holat bilan kurashishga yoshu-qari birlek tayyor edi. “Xitoy madaniy revolyutsiyasi”ning bor mashaqqatini ota-onasi, oilasi bilan boshidan kechirgan yetakchi anchadan beri o‘ylab yurgan rejasini o‘rtaga tashladi, o‘zi tashabbus ko‘rsatdi, kambag‘allikka qarshi kurashga boshchilik qildi. Si Szinpin vaziyatni xas-po‘shlamadi, qiyin bo‘lsa-da, boshdanoq haqiqatni aytdi. Ehtimol, muvaffaqiyatning asosiy sababi aynan shu haqiqatni vaqtida anglashdadir... Xitoy rahbari davlati qoloq, xalqi kambag‘al ekanini tan oldi, qashshoqlikka qarshi kurashni milliy siyosatning ustuvor yo‘nalishi sifatida e’lon qildi.
Xalqni kambag‘allikdek XX asr uchun sharmandali hol ustidan g‘alaba qozonishga, farovonlikka chorladi. Bu chaqiriqni Xitoy jamiyatining barcha qatlami, asosiys, xalq eshitdi. Nafaqat eshitdi, balki ma’qulladi, qizg‘in qo‘llab quvvatladi.
O‘sha davrlar davlat rahbari real holatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish maqsadida shaxsan mamlakatning eng kambag‘al qishloqlariga 50 dan ortiq tekshiruv safari bilan borgan. Bundan tegishli xulosa chiqargan hukumat juda ko‘p dasturlar ishlab chiqdi.
Ta’kidlash lozim, bu nozik, og‘ir kurashga kirishishdan avval Si Szinpin xalqning roziligini, ruxsatini, fotihasini, deymizmi... oldi. Ishni esa mamlakatning eng chekka hududlarida zamonaviy yo‘l, elektr tizimi va kommunikatsiya barpo etish, transport ta’minotini yaxshilashdan boshladi.
Millionlab odamlarni sharoiti qiyin joydan ko‘chirish, oilalarga subsidiya ajratish, xususiy biznesga yo‘l ochish, qishloqlarda yangi ish o‘rinlari yaratish yengil kechmadi, albatta. Jahondagi eng zamonaviy, yuqori samarador fermerlik faoliyati bilan shug‘ullanish usullari o‘zlashtirildi, savdo yuritish uchun maxsus malaka oshirish va mutaxassislarni qayta tayyorlash kurslari tashkil etildi, yoshlar ta’lim olishi uchun kambag‘al hududlarda zamonaviy texnologiya bilan ishlashni o‘rgatadigan maktablar, boshqa ta’lim muassasalari ochildi.
Soliq va boshqa turli to‘lovlar miqdori mintaqada yashash sharoiti, har bir oilaning daromadidan kelib chiqib belgilangani esa aholiga yanada qulaylik tug‘dirdi.
Xullas, Xitoydek ulkan davlat nozik, murakkab va o‘ta global bu muammoga har tomonlama yondashdi.
“Intilganga tole yor”, deyishadi. Mana, 30 yil o‘tar-o‘tmas, ilgari yegani non topa olmayotgan Xitoy, avvalo o‘z xalqini to‘ydirdi, keyin dunyoga oziq-ovqat mahsulotlari eksport qilishga kirishdi.
Tabiiyki, qashshoqlik ustidan g‘alaba qozonish jarayonida kutilgan-kutilmagan voqea-hodisalar sodir bo‘lib turdi. Mahalliy hokimiyat hukumatdan ko‘proq subsidiya va mablag‘ olish maqsadida aholi daromadini ataylab kam ko‘rsatgan paytlar bo‘ldi, deyishadi islohotlar tepasida turgan mutaxassislar. Yoki aksincha: ko‘pchilik kambag‘al oilalar muhtojlar ro‘yxatida turib, shahardan uy-joy ola bilmagan. Rasmiylar ba’zi oilalar daromadini noto‘g‘ri hisoblagan, kimlardir hujjati kechikkani bois, muayyan ro‘yxatga kirmay qolgan. Bularning bari ulkan maqsad yo‘lidagi kurashda beixtiyor uchraydigan kamchilik, xatoliklar edi. Bugun o‘sha damlar yarim hazil, yarim istehzo bilan yodga olinadi.
O‘tgan yil Xitoyda bo‘lganimizda hamkasbimiz – “Sinxua” axborot agentligi muxbiri Jen Juyen Si Szinpin bilan bog‘liq, vaqtida Xitoy matbuotida chop etilgan bir voqeani gapirib berdi. Sichuan viloyati hududidagi baland tog‘da mulozimlar ham unutib yuborgan Atuleer qishlog‘i bor ekan. Dengiz sathidan qariyb bir yarim ming metr balandda, jarlik yoqasida joylashgani bois kamdan-kam odam mehmon bo‘lib boradigan “bulutlar tepasidagi afsonaga aylanayozgan bu qishloq”qa borishning yagona yo‘li 800 metrli tik zinapoya edi. Zina tepasidan turib pastga qarash uchun kishidan yaxshigina muvozanatni saqlay bilish qobiliyati talab etilardi. Mahalliy keksalar yillar davomida qishlog‘idan chiqishmas, bolalar maktabga borish uchun esa eski arqon narvonga osilib, harakatlanar, buning uchun soatlab vaqt yo‘qotishardi.
Yodimda, xitoylik hamkasbimiz bir necha surat ko‘rsatdi o‘shanda. Tasavvur qiling: tog‘ tepasidan – bir necha yuz metr tik balandlikdan jarlikka qarab tushib ketayotgan yoki aksincha, toqqa qarab – aslida ilm, bilim, yangi hayot, yuqori madaniyat sari, qashshoqlikdan ma’murlikka tomon tirmashib chiqayotgan bolalar tasviri hamon ko‘z oldimdan ketmaydi. Ular har kuni, oyda 23-24 kun, yiliga 9 oy shu yo‘l bilan maktabga qatnagan. O‘g‘il bolalar-ku, mayli, deylik – bo‘lajak askarlar, ammo yelkasiga darslik solingan papka osib olgan qizaloqlar-chi?.. Ularning ota-onasi, maktab ma’muriyati, tarbiyachi-o‘qituvchilar, noiloj, vaziyatga chidagan. Boz ustiga, xavotiri, bezovtaligini bildirmay, ota-onalar har kuni farzandini tergab turgan. Zotan, ilm, bilim, nur, ziyo faqat yaxshilikka yetaklashiga ishongan, farzandlariga katta umid bog‘lagan ular. Tog‘ cho‘qqisidagi kichik vatanidan keyin yirik shaharlar, xorijiy davlatlardagi oliy o‘quv yurtlarida ilm cho‘qqilarini egallash orzusi kurtak otib, hayotning achchiq-chuchugiga chidash ko‘nikmasi bolakaylarda shunday hosil bo‘lgan, shakllangan, tarbiyalangan bo‘lsa kerak...
Yana bir bezovta fikr qiynaydi meni. Biz-chi, farzandlarini gard yuqtirmay, paypaslab o‘stirayotgan bizning ota, onalarimiz-chi? Ular bunday sharoitga chiday olarmidi? Ular ham ilm olish, bilim egallash yo‘lida shunday sinovlardan o‘ta olarmidi? Xitoyliklar erishgan muvaffaqiyatni shunday qisqa muddat, yuqori sifatda biz ham qo‘lga kirita olamizmi? Hech tinchlik bermaydigan bu savollarga javob izlab, ma’qulini topgandek bo‘laman, goho ikkilanib qiynalaman. Xitoyliklar boshiga yorug‘ kunlar, xalqparvar, vatanparvar rahnamolar kelishdi. Ular kambag‘allikni tag-tomiri bilan yo‘q qilmoqchi, mehnatga to‘lanadigan haqni kishi uyalmaydigan darajaga ko‘tarmoqchi, turmush sharoitini ilg‘or davlatlar darajasiga olib chiqmoqchi, vatanini eng qudratli davlatlardan biriga aylantirmoqchi.
Xitoy O‘zbekiston bilan do‘stlikni mustahkamlab, strategik hamkorlik shartnomasini imzoladi. Ishonchimiz komilki, ular ham, barcha voqea-xodisalarni ko‘rib, anglab turgan va to‘g‘ri xulosa chiqarayotgan biz ham ezgu maqsadga erishamiz. Axir, besh ming yillik tarixga ega, shunday boy tajriba to‘plagan, zahmatkash do‘stlar davrasidamiz-ku. “Hovli olma, ko‘shni ol”, degan naqlga amal qilayotgan Yangi O‘zbekiston xalqining bu qo‘shnichilikdan umidi katta, ko‘ngli esa to‘q.
Xitoydagi o‘zgarishlar, ramziy ma’noda, yuqorida keltirib o‘tilgan Atuleerdagi o‘sha tik zinadan boshlandi, deyish mumkin. Dastlab oson ko‘tarilish uchun zina mustahkam metalldan qayta yasaladi, lekin islohotchilar ko‘ngli to‘lmaydi, baribir. Si Szinpin Sichuan rahbariyati oldiga ko‘p asrlik qashshoqlikdan qutqarish, mashaqqatli o‘tmishdan “chiqarib olish” uchun tog‘lik aholini sivilizatsiya bilan “tanishtirish”dek aniq vazifa qo‘yadi.
Mahalliy hokimiyat 2020 yil iyun oyi oxiriga qadar belgilangan muddatda tog‘ning pastki qismiga arzon narxda qulay zamonaviy uy-joy qurib, bulut tepasidagi aholini yerga ko‘chiradi. Boshida keksa avlod loydan qurilgan qadrdon uyi bilan birga boshqa ko‘plab urf-odat, an’analar ham unutilib ketishidan xavotirga tushadi. Bir muncha vaqt o‘tgach esa barcha qulaylikka ega shahar hayotiga asta-sekin o‘rganadi. Keksalar yangi rahbarning inqilobiy ish uslubiga ko‘nika boshlaydi, yangi turmushning afzalligini ko‘rib, chin dildan qabul qiladi.
Bulutlar ortidagi qishloqning osmondan yerga tushishida yana bir ibratli hikmat bor. O‘shanda har ishga hoziru-nozir yoshlar ham tek turmagan. Hatto, hali o‘rta ma’lumot ham olmagan yigit-qizlar internet orqali pul topishni o‘rganadi. Ular o‘z ijtimoiy tarmoq sahifalarida tog‘li qishloq odamlarining yashash tarzi haqida qiziqarli ma’lumotlar joylashtirib, daromad qila boshlaydi. Shu tariqa mamlakatning odam qadam bosmas chekka hududiga ham zamonaviy axborot texnologiyalari kirib boradi.
Xulosa shuki, 2016-2020 yillar mobaynida Xitoyning besh muxtor tumani, Guyjou, Yunnan, Sinxay kabi turli millat vakillari istiqomat qiladigan uch muzofotida jami 15 million 600 ming odam kambag‘allik kishanidan qutuldi.
Xitoy islohotlarining yana bir o‘ziga xos tomoni shundaki, mamlakat, asosan, ayollarga tayangan. Birgina raqam: kambag‘allikdan qutulgan 100 million kishining teng yarmi ayollar. Umuman, katta yoshli aholining kam ta’minlangan qismi, imkoniyati cheklangan va mehnatga layoqatsiz keksalarni moddiy tomondan himoya qila oladigan butun bir insonparvarlik tizimi yaratildi.
Savobli tashabbusning qanoti bor, deyishadi. Bu borada O‘zbekistonda ham ko‘p ish qilinmoqda. Masalan, diyorimizda ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlash, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji yoki ishtiyoqi bor xotin-qizlar muammosini aniqlash, bartaraf etish va nazoratga olish bo‘yicha aniq, fundamental ma’lumot bazasi yaratilib, tizim “Ayollar daftari” deb nomlandi.
Mazkur masala bo‘yicha “Xotin-qizlar muammosini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Vazirlar Mahkamasining maxsus qarori qabul qilindi. Hujjatda ijtimoiy ahvoli, turmush sharoiti og‘ir, ishsiz va ijtimoiy faol bo‘lmagan xotin-qizlar bilan “Ayollar daftari”ni yuritish orqali ishlash tizimini yanada takomillashtirish, ehtiyojmandlarni ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan. Qarorda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagidagi xotin-qizlarning ilk tadbirkorlik ishini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishga yo‘naltiriladigan kredit ajratish ko‘zda tutildi.
Birgina 2023 yil boquvchisini yo‘qotgan 42 mingdan ziyod xotin-qizga moddiy yordam ko‘rsatildi. “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar uyini ta’mirlab berish mas’uliyati viloyat va tuman rahbarlari – hokimlarga yuklatildi. “Ayollar daftari” va “Temir daftar”ga kirgan oilalar farzandiga nisbatan, ehtiyojga ko‘ra, bepul jarrohlik amaliyoti amalga ошириладиgaн bo‘ldi.
Og‘ir ijtimoiy ahvoldagi xotin-qizlarga imtiyozli uy-joy berildi. Ayollarning kasb o‘rganish uchun qilgan xarajatini davlat to‘lab beradi, o‘qishi uchun 7 yillik foizsiz ta’lim krediti beriladi. Xotin-qizlar va bolalar huquqini himoya qilish tizimida javobgarlik kuchaytirildi.
Аёллар uchun davlat tomonidan yaratilgan imtiyozlarning faqat bir qismini sanab o‘tdik, xolos. Bu chora-tadbirlar, avvalo, Xitoy va gender tenglikni ta’minlash yo‘lida faol harakatlanayotgan boshqa davlatlar tajribasi chuqur o‘rganilishi samarasidir. Bu sohada juda ildam Xitoy ulkan savob ishlarni amalga oshirishda davom etmoqda. Ushbu mamlakatda, jumladan, yashash uchun yetarli miqdorda bepul oziq-ovqat bilan ta’minlanadigan imkoniyati cheklanganlar ro‘yxatiga 10 million 670 ming kishi kiritilgan.
2022 yil yakuni bo‘yicha O‘zbekistonda qashshoqlik darajasi 17 foizdan 14 foizga kamaydi. Xitoy tajribasi ko‘rsatdiki, bandlikni ta’minlash kambag‘allikni qisqartirishning muhim shartlaridan biridir. Zero, inson ish bilan ta’minlansa, daromad ko‘ra boshlaydi, oilasini boqadi, uy quradi, bolasini o‘qitadi, mashina oladi. Qo‘yingki, bosh maqsadiga, orzu-havasiga erishadi. “Kalavaning uchini topsang, muammoni hal qilasan” degan hikmatli gap bor. Qashshoqlik bilan kurashuvchining bor mahorati aynan kalavaning uchini topishda.
Irismat ABDUXOLIQOV,
O‘zA sharhlovchisi
- Qo'shildi: 13.02.2024
- Ko'rishlar: 2236
- Chop etish