Muhammad Majid: O‘zbekistonda turli konfessiya, din va e’tiqodga ega insonlar o‘rtasidagi ochiq va ishonchli munosabatning yorqin ifodasini ko‘rdik

O‘zbekiston Respublikasining Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi Favqulodda va muxtor elchisi Javlon Vahobov diniy erkinlik bo‘yicha xalqaro sammit (IRF Summit)da ishtirok etdi.

AQSHning xalqaro diniy erkinlik masalalari bo‘yicha sobiq elchisi Sem Braunbek tashabbusi bilan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinadigan mazkur nufuzli anjumanda ta’qib va diniy kamsitishga, diniy va etnik asosda genotsidga qarshi kurash, ijtimoiy tarmoqning iqtisodiyotda va milliy xavfsizlik sharoitida diniy erkinlikni targ‘ib etishdagi o‘rni, musulmonlar orasida diniy erkinlik va xotin-qizlar huquqini himoya qilish, harbiy mojaroning diniy e’tiqodga ta’siri kabi mavzular muhokama qilindi.

Mamlakatimiz vakili diniy erkinlikni ta’minlash, diniy tashkilotlarga oid qonunchilikni liberallashtirish, ma’rifatli islom g‘oyasini ilgari surish va yoshlar o‘rtasida radikalizmga qarshi kurashish borasida O‘zbekiston erishayotgan yutuqlar, respublikaning ushbu sohadagi xalqaro tashabbuslari haqida ishtirokchilarga batafsil ma’lumot berdi. O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan BMTning “Ta’lim va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi hamda Toshkent va Buxoroda o‘tkazilgan “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumida qabul qilingan ta’lim, bag‘rikenglik madaniyati, turli konfessiya tarafdorlarining milliy an’analariga hurmat bilan qarash va ularning haq-huquqini ta’minlash g‘oyalarini ilgari suruvchi Buxoro Deklaratsiyasining ahamiyati ochib berildi.

Elchixona bergan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotning mazmun-mohiyati va asosiy maqsadi, fuqarolarning asosiy huquqi, jumladan, din erkinligini yanada yuksaltirishdagi ahamiyati alohida tushuntirildi.

Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha AQSH komissiyasi (USCIRF)ning sobiq raisi Nadin Maenza O‘zbekistonning diniy erkinlikni targ‘ib qilish sohasidagi muvaffaqiyatli tajribasini qayd etdi.

- O‘zbekiston nisbatan qisqa vaqt ichida diniy erkinlikni ta’minlashda ulkan yutuqlarga erishganiga, dunyoga dinlararo totuvlikni targ‘ib qilishning noyob modelini taqdim etayotganiga guvohmiz, - dedi u. – Bularning bari turlicha ko‘nikma va ish tajribasiga ega odamlar qo‘llab-quvvatlashi kerak bo‘lgan strategik tashabbus va ulkan o‘zgarishning natijasidir.

Global jalb qilish instituti vitse-prezidenti Jeyms Chen shunday dedi:

- O‘zbekistonda biz diniy erkinlikni ta’minlash borasida hukumat, fuqarolik jamiyati institutlari va diniy jamoalar vakillari bilan ko‘p qirrali hamkorlik o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldik. So‘nggi yillarda mamlakatda misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishildi. Qonun ustuvorligi va diniy erkinlik bo‘yicha o‘quv dasturlari, samoviy din vakillari o‘rtasidagi dinlararo muloqot orqali erishilgan natijalarni birlashtirish va ko‘paytirishga yordam bermoqdamiz.

Dunyo mamlakatlarining diniy erkinlikni targ‘ib qilish sohasidagi yutuqlari muhokamasida AQSHDAgi eng yirik masjidlardan birining imomi Muhammad Majid shunday dedi:

- O‘zbekistonda turli konfessiya, din va e’tiqodga ega insonlar o‘rtasidagi ochiq va ishonchli munosabatning yorqin ifodasini ko‘rdik.

Tadbir doirasida namoyish etilgan, Global jalb qilish instituti tomonidan Deklaratsiyalar forumida ishtirok etish uchun tayyorlangan qisqa video lavha (Making Multi-Faith History in Bukhara)da mamlakatimizning diniy plyuralizm va bag‘rikenglikni targ‘ib qilish masalasiga yondashuvi ochib berilgan. “O‘zbekiston renessans davrini boshdan kechirmoqda, do‘stlik, hurmat va ishonchning yangi davrini ko‘rsatadigan ochiq muloqot va o‘zgarishga yangi mazmun baxsh etmoqda”, - deyiladi, jumladan, lavhada.

Global jalb qilish instituti rahbari Kris Sayplning fikrlari ham e’tiborli:

- Deklaratsiyalar muloqoti –musulmonlar ko‘pchilikni tashkil etadigan mamlakatda avvalgi deklaratsiyalar vakillarini birlashtiradigan, sezilarli farqni yengib o‘tish va jips jamiyatni yaratish imkonini beruvchi ochiq va konstruktiv muloqot uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan yangi mexanizm. Buxoro Deklaratsiyasi allaqachon o‘z samarasini berib, butun dunyo bo‘yicha - Ganadan Indoneziyagacha diniy yetakchilar o‘rtasidagi aloqani mustahkamlashga yordam bermoqda. Bu hujjat bir mintaqa yoki bir din doirasidan tashqariga chiqishga imkon beradigan global harakat, mazmunli o‘zgarishni rag‘batlantirish yo‘lidagi sheriklik, zarur amaliy yechimlar qudratining ishonchli dalilidir.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yildan beri Vashingtonda har yili o‘tkaziladigan “IRF Summit” xalqaro forumida 80 dan ziyod mamlakatdan hukumat vakillari, diniy yetakchilar va fuqarolik jamiyati faollari to‘planadi. Anjumanda dunyo bo‘ylab diniy erkinlikni targ‘ib qilish, jamiyatda qutblanish va radikallashuvga qarshi kurashish, yakka tartibda yoki birgalikda ta’qib qilinayotgan dindorlarni himoya qilish masalalari muhokama qilinadi.

O‘zA

Powered by GSpeech