O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning taklifiga binoan 4-5 fevral kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.
O‘zbekiston va Malayziyani tarixiy do‘stlik aloqalari mustahkam bog‘lab turadi. Bu do‘stlik esa o‘zaro teng manfaatlar, bir-biriga yaqin madaniy qadriyatlar va o‘xshash urf-odatlar asosiga qurilgani bilan ahamiyatli. Yakdillik keyingi yillarda yaqqol namoyon bo‘ldi. Xususan, ikki davlat o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi.
5 fevral kuni Kuala-Lumpur shahridagi "Perdana Putra" hukumat majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarini Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim kutib oldi.
Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Ikki mamlakat davlat madhiyalari yangradi.
O‘zbekiston Prezidenti faxriy qorovul safi oldidan o‘tdi.
Shundan so‘ng "Perdana Putra" hukumat majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim tor doirada va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Malayziya Bosh vaziriga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan "Madani" davlat strategiyasining yuksak natijalari bilan dildan qutladi.
O‘zbekiston bilan Malayziya o‘rtasidagi do‘stlik va sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Malayziya Bosh vazirining o‘tgan yil may oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan tarixiy tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirishga katta sur’at bag‘ishlagani ta’kidlandi.
Siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalar faollashdi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi, qo‘shma korxonalar va aviaqatnovlar soni oshmoqda.
O‘tgan yili Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishi samarali o‘tkazildi, Ishbilarmonlar kengashi tuzildi, qator yirik biznes forumlari tashkil etildi.
Tashrif arafasida tahliliy markazlar uchrashuvi, O‘zbekistonning turizm salohiyati va madaniy merosi taqdimotlari, yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari forumi o‘tkazildi.
Hamkorlikni rivojlantirish va oliy darajadagi kelishuvlar ijrosini samarali muvofiqlashtirish maqsadida Tashqi ishlar vazirlarining strategik muloqoti platformasini tashkil etishga qaror qilindi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalaridagi amaliy hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tovar ayirboshlashni ko‘paytirish maqsadida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish, o‘zaro sanoat ko‘rgazmalarini o‘tkazish, Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilishga kelishib olindi.
Malayziya hukumati O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini faol qo‘llab-quvvatlamoqda.
Yetakchilar 2025-2026 yillarni O‘zbekiston – Malayziya sherikligini innovatsion rivojlantirish davri deb e’lon qilishga kelishib oldilar.
Iqtisodiy hamkorlikning yangi modelining ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi. Bular – neft-kimyo va kimyo, elektronika va yarimo‘tkazgichlar sanoati, innovatsion sanoat, "aqlli" qishloq xo‘jaligi, "yashil" energetika, ziyorat turizmi va boshqalar.
Kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Toshkent viloyatida Malayziyaning yetakchi kompaniyasi boshqaruvida maxsus iqtisodiy zona tashkil etilmoqda.
Davlat rahbarlari faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish muhimligini ta’kidladilar. Joriy yilda O‘zbekiston va Malayziyada madaniyat haftaliklari o‘tkaziladi.
Yetakchilar mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar. Terrorizm, radikalizm va islomofobiyaga qarshi kurashda sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligi qayd etildi.
Muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni tayyorlashga qaror qilindi.
Yakunda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.
Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tgan samarali muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim Strategik sheriklik yo‘lida ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risida qo‘shma bayonot imzoladilar.
Shuningdek, quyidagi hujjatlar qabul qilindi:
– Mahsulotlarning "halol" standartlariga muvofiqligini baholash sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Bojxona ishida hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risida bitim;
– Oliy ta’lim sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Madaniyat sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Sud-ekspertlik faoliyati sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Akademik-diplomatik hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– "Aqlli" shaharlarni rivojlantirish sohasida hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
– 2025-2026 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi sheriklikni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma reja.
So‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Malayziya Islom san’ati muzeyiga tashrif buyurdi.
Ta’kidlash joizki, ushbu majmua mamlakatning eng yirik muzeylaridan biri hisoblanadi. U 1998 yilda tashkil etilgan.
Muzey an’anaviy islom me’morchiligi uslubida barpo etilgan bo‘lib, uning umumiy maydoni 30 ming kvadrat metrdan ziyodni tashkil etadi.
Bino gumbazining ichki qismini bezash va restavratsiya ishlarida o‘zbekistonlik ustalar ishtirok etgan.
Bu yerda 10 mingdan ortiq islom san’ati namunalari saqlanmoqda. Doimiy ekspozitsiyada Qur’on qo‘lyozmalarining noyob to‘plami, sopol va qimmatbaho buyumlar, qurol-yarog‘ namunalari va inshootlar maketlari, taqinchoqlar, tangalar va boshqa ashyolar namoyish etilmoqda.
Muzey fondida zamonaviy O‘zbekiston hududida turli tarixiy davrlarda yaratilgan 200 ga yaqin noyob eksponatlar alohida o‘rin egallaydi. Ular orasida o‘rta asrlarga oid qo‘lyozmalar, zargarlik buyumlari, mashhur abr matolari va kiyim namunalari, Sharq Renessansiga oid kulolchilik buyumlari mavjud.
Davlatimiz rahbari eksponatlarni ko‘zdan kechirish chog‘ida birgalikda tadqiqotlar o‘tkazish va ko‘rgazmalar tashkil etish, ilmiy va madaniy almashinuvni kengaytirish muhimligini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim Kuala-Lumpur shahrida qo‘shma biznes forumida ishtirok etdilar.
Tadbirda ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari, investitsiya va bank-moliya institutlarining 200 dan ziyod rahbarlari, jumladan, Malayziyaning “Petronas”, “MMC Corporation”, “DRB-Hicom”, “Gemilang Coachwork”, “Proton”, “Gentari”, “Five Petroleum”, “YTL Corporation”, “Sunview Group”, “KPJ Healthcare”, “MK Tron”, “Mimos”, “Sparco Engineering”, “Tradewinds Group”, “Kapital DX”, “Gamuda”, “Westports”, “Khazanah”, “EXIM Bank of Malaysia” va boshqa ko‘plab kompaniyalari vakillari qatnashdi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida oliy darajadagi samarali muzokaralarda O‘zbekiston – Malayziya sherikligini innovatsion rivojlantirishning ikki yillik davrini boshlash bo‘yicha kelishuvga erishilgani, amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olinganini ta’kidladi.
O‘tgan yili Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi tashkil etilgani, ikki mamlakat ishbilarmonlari ishtirokida qator yirik tadbirlar o‘tkazilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
Mamlakatlarimiz geografik jihatdan bir-biridan olis bo‘lishiga qaramay, transport va logistika imkoniyatlari kengayib bormoqda. Poytaxtlar o‘rtasida deyarli har kuni to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda.
Bo‘lib o‘tgan muzokaralarda mavjud zaxiralar chuqur tahlil qilinib, ko‘p qirrali sheriklikning yangi "o‘sish nuqtalari" belgilab olindi.
Tovar ayirboshlash hajmini karrasiga oshirish, imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish, o‘zaro ko‘rgazma va yarmarkalar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Qo‘shma loyihalarning salmoqli portfeli shakllantirildi, Sanoat kooperatsiyasi dasturi ishlab chiqildi.
– Maqsadimiz – munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqish, – dedi Prezident.
Malayziya O‘zbekistonning muhim innovatsion va texnologik hamkoridir. Shu ma’noda, davlatimiz rahbari O‘zbekiston – Malayziya ishbilarmonlik hamkorligini yanada rivojlantirishning qator ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi.
Bu, eng avvalo, elektronika va yarimo‘tkazgichlar sanoatida uzoq muddatli hamkorlikni kengaytirishdir. Sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, ma’lumot markazlari bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish mumkinligi qayd etildi.
Gaz-kimyo va kimyo sanoati muhim yo‘nalish hisoblanadi. Polimerlar, "yashil" vodorod va ammiak ishlab chiqarish bo‘yicha strategik loyihalarni tayyorlash ustida ish olib borilmoqda.
Qurilish sohasining jadal rivojlanishi innovatsion va ekologik toza qurilish materiallariga talabni oshirmoqda. O‘zbekiston Prezidenti Malayziya kompaniyalarini mamlakatimiz hududlarida zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Sog‘liqni saqlash sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollari qayd etildi. Zamonaviy klinikalar qurish, Malayziyaning ilg‘or tajribasi asosida innovatsion farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish shular jumlasidan.
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda katta imkoniyatlar borligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu nuqtai nazardan, "aqlli" qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini joriy etish, organik mahsulotlar ishlab chiqarish va "halol" standartlarini qo‘llash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Davlatimiz rahbari Malayziyaning yetakchi kompaniya va banklarini O‘zbekistonning telekommunikatsiya, energetika, bank-moliya va boshqa sohalardagi davlat aktivlarini xususiylashtirishda faol ishtirok etishga taklif etdi.
Bundan tashqari, geologiya, ta’lim, transport, ziyorat turizmi kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilish uchun katta salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston yetakchisi malayziyalik ishbilarmonlarning qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qiziqishi katta ekanini, ular texnologiyalar va bilimlar bilan o‘rtoqlashishga tayyorligini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Shu munosabat bilan Toshkent viloyatida Malayziya kompaniyasi boshqaruvida maxsus iqtisodiy zona tashkil etilishi ma’lum qilindi.
So‘zining yakunida davlatimiz rahbari navbatdagi qo‘shma biznes forumini shu yil kuzda O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif etdi.
Kuala-Lumpur shahridagi ishbilarmonlik dasturining davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim «Petronas” korporatsiyasining bosh qarorgohi – "Twin Towers" binosiga tashrif buyurib, kompaniya prezidenti Muhammad Tavfiq bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Neft-gaz, neft-kimyo va qayta tiklanuvchi energetika sohalarida yetakchilardan biri bo‘lgan ushbu global kompaniya bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari xomashyoni chuqur qayta ishlash va "yashil" energetika loyihalarini amalga oshirish borasidagi istiqbolli rejalarni qo‘llab-quvvatladi.
Geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va istiqbolli uglevodorod konlarini o‘zlashtirish, karbonat angidrid gazini ushlab qolish va saqlash bo‘yicha ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, “Petronas” universiteti negizida yuqori malakali kadrlar tayyorlash ustuvor vazifalar sifatida qayd etildi.
Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Malayziyaga rasmiy tashrifi yakunlandi.
O‘zA
- Qo'shildi: 06.02.2025
- Ko'rishlar: 704
- Chop etish