Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi munosabati bilan “Alisher Navoiyning adabiy merosida fiqh masalalari” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda Qonunchilik palatasi deputatlari, navoiyshunos olimlar, yozuvchilar hamda teatr aktyorlari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, Alisher Navoiy o‘zining she’riy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy g‘oyalarni, ona tilimizning beqiyos so‘z boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etgan.
Filologiya fanlari doktori, professor Olimjon Davlatov Navoiy va uning ilmiy-ijodiy merosi haqida so‘z yuritar ekan, Alisher Navoiy davlatchilik jarayonlari va hujjatlarga o‘zbek tilini olib kirganini ta’kidladi. Shuningdek, navoiyshunos olim Alisher Navoiy adolat haqida ko‘p gapirganini, ko‘p yozganini, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega, yurtda adolat va haqiqat ustuvorligi uchun sobit turadigan zot bo‘lganini alohida e’tirof etdi.
— Navoiy talqinida adolat barchaning tengligi emas, tengsizliklar uyg‘unligini ta’minlashdir. Shaksiz, adolat — Alisher Navoiy ijodining o‘qtomirini tashkil etadi. Shunday ekan, davlatchilik, boshqaruvning asosi va o‘qtomiri adolat tamoyili hisoblanadi, — dedi Olimjon Davlatov.
Shuningdek, tadbirda navoiyshunos olima Burobiya Rajabova so‘zga chiqib, hazrat Alisher Navoiy nafaqat ilmiy-ijodiy, balki milliy davlatchilik va adolatli jamiyat barpo etish borasidagi faoliyati bilan ham jahon tarixida o‘chmas iz qoldirganini qayd etdi. Olima ta’kidlaganidek, Navoiy asarlarida davlatchilik asoslari, inson huquqi masalalariga alohida e’tibor qaratilib, farovon jamiyat, adolatli boshqaruv g‘oyalari aks etgan. Kechirimli bo‘lish va avf masalasida Navoiyga teng keladigani bo‘lmagan.
Alisher Navoiy davlatning mudofaa va xavfsizlik masalalariga ham mas’ul bo‘lgan. Shuningdek, Burobiya Rajabova Navoiy onalarning haq-huquqlarini keng yoritgan shoir ekanini, buyuk ajdodimizning asarlari dunyoning ko‘plab kutubxonalarida saqlanayotgani, jahon ilm ahli tomonidan keng o‘rganilayotganini ta’kidladi.
Alisher Navoiy fiqh ilmining chuqur bilimdoni, hozirgi zamon iborasi bilan aytganda, yetuk huquqshunos bo‘lgan. Fiqh ilmi borasidagi qarashlari uning “Nazm ul-javohir”, “Majolis un-nafois”, “Xazoyin ul-maoniy”, “Tarixi mulki ajam” nomli asarlarida o‘z ifodasini topgan.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Alisher Navoiyning adabiy merosi, xususan, uning huquqshunoslikka oid qarashlari keng miqyosda o‘rganilishi, yoshlarning tarbiyasiga singdirilishi zarurligini qayd etdi.
Tadbirning badiiy qismida aktyorlar Rixsitilla Abdullayev hamda Madina Muxtorova ijrosida “Alisher Navoiy” spektaklidan parcha namoyish etildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 08.02.2024
- Ko'rishlar: 2427
- Chop etish