Alisher Navoiy ijodi haqida gap ketganda ayrim adabiyotshunoslar uning asarlaridagi ko‘pchilikka tanish bo‘lgan jihatlari haqida gapirishadi. Buyuk bir dahoning asarlari haqidagi o‘xshash fikrlarni eshitish esa odamni qiziqtirmasligi, e’tiborini tortmasligi tabiiy. Aslida Navoiy asarlarining hali o‘rganilmagan, sizu bizga notanish bo‘lgan jihatlari ko‘p.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti yetakchi ilmiy xodimi, filologiya fanlari doktori Qodirjon Ergashev Alisher Navoiy ijodida novatorlikka bo‘lgan munosabat xususida fikr bildirdi.
—Navoiy ijodini o‘rganishda ko‘proq qaysi jihatlariga e’tibor qaratish zarur?
—Buyuk ajdodimiz Alisher Navoiy o‘zining shoh asarlari bilan nafaqat o‘zbek, balki dunyo adabiyotini ham boyitgan. Shunday ekan, uning ijodini o‘rganish ham shunga yarasha bo‘lishi kerak.
Navoiy asarlari dunyo adabiyotining eng yuksak mezonlari asosida o‘rganilishi, tadqiq etilishi lozim. Bizning tadqiqotchilarimiz ko‘p hollarda Navoiy ijodining an’ana bilan bog‘liq tomonlarini yoritishga e’tibor beradi.
Albatta, an’ana hamma narsaning asosi, desak bo‘ladi. Sababi har qanday daho, buyuk ijodkorlar o‘z davrining an’analaridan bahra oladi. Ammo buyuk ijodkorlar an’analar doirasida qolib ketmaydi. Ular kerak bo‘lsa, eski an’analarni buzib, yangilariga asos soladi. Shuning uchun ular buyuk ijodkor bo‘ladi.
Har qanday ijodkor ijodining eng qimmatli jihati bu o‘ziga xosligi, novatorligi hisoblanadi. Mana shu jihatlarini ochib berish tadqiqotchining oldida turgan eng asosiy vazifalardan biri hisoblanadi. Shunga erishmasak, biz albatta daholar ijodini butun bo‘y basti bilan o‘quvchilarga yetkazib bera olmaymiz. Qolaversa, ularni nafaqat o‘zimizning adabiyot, balki jahon adabiyotidagi o‘rnini ham to‘g‘ri belgilab ololmaymiz.
—Navoiy asarlaridagi o‘ziga xoslik xususida nima deya olasiz?
– Navoiyning asarlarida novatorlik xususiyatlari juda kuchli ekaniga ishonch hosil qildim. Navoiyning o‘zi ham o‘quvchilarni ijodining shu tarafiga ko‘proq e’tibor qaratishlarini, u kiritgan yangiliklarni his qilishlarini istagan. “Farhod va Shirin” dostonidagi bir bobda mana shu masalaga alohida to‘xtalib o‘tgan. Jumladan, Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy o‘z dostonlarida asosiy e’tiborni Xusravga qaratganini Navoiy ma’qullamaydi. Va biroz tanqidiy ohangda yozadi: “...Sarosar bo‘ldilar Xusravga maddoh”, deydi. Ya’ni, ular Xusravga maddohlik qildilar, ular uchun bosh rejada Xusrav turdi, mamlakati andoq, lashkari bundoq, mulki undoq, deya tariflar bergan. Navoiy esa mening qalbimga Farhod yaqin, men Farhodni madh etaman, deydi. U birinchi planga Farhodni olib chiqadi. Bu holatni asaridagi yangilik sifatida qayd etadi.
Yoki “Sab’ai sayyor” dostonini olaylik. Shu mavzuda Navoiydan oldin yozgan Nizomiy asarida bosh qahramon Bahromga afsonalarni yettita iqlimdan olib kelingan malikalar, ya’ni shoh qizlari aytib berishadi deydi. Odatda malika va shohlar qissaxonlardan afsona eshitadi. Shuning uchun Navoiy o‘sha epizodni hayotiy haqiqatga mos emas, deb hisoblaydi. O‘zining asarida boshqacha yo‘l tutadi. Chunki uning qissalari, hikoyalarini Bahromga dunyo kezgan, jahongashta musofirlar aytib beradi. Ular albatta ko‘p narsalarni ko‘rgan, boshidan kechirgan, ularni hikoya qilib berishi tabiiy. Bu yangilikni ham Navoiy asarida alohida ta’kidlab o‘tgan.
—Shu o‘rinda yana bir nozik masala bor. Bunday kamchiliklarni aytish Navoiyga ham oson bo‘lmagandir?
— To‘g‘ri ta’kidladingiz, oson bo‘lmagan. Chunki u paytda “odobi tasnif” degan qoida bo‘lgan. Adiblar asar yozganda mana shu tasnifga rioya qilishgan. Ya’ni, yozish qoida va odobiga. Ana shu tasnifni asosiy qoidalaridan bittasi muallif o‘zini juda ham kamtar, xokisor tutishi shart edi. Shuning uchun, oldingi adabiyotimizga nazar tashlasak, mualliflar o‘zlarini xokisor tutganini ko‘ramiz. Asar debochasida o‘zlari haqida ozgina ma’lumot berishadi. Ularda o‘zini maqtash yoki adabiyotga olib kirgan yangiligini pisanda qilish odati bo‘lmagan. Navoiy hamisha odobi tasnifga rioya qilgan.
O‘zining “Xamsa”sida Nizomiy, Dehlaviy, Jomiyga alohida bob bag‘ishlagan, ularning ijodini yuksak baholagan. Keyinroq boshqa bir bobda o‘zining novatorlik jihatlarini ko‘rsatib, ularni tanqid ham qilib ўтган. Navoiy o‘quvchilarning diqqatini o‘zi olib kirgan novatorlikka qaratishlarini juda istagan.
Navoiyni bugun novatorlik yo‘nalishida ko‘proq tadqiq qilish kerak. Shundagina biz uni daho adib bo‘lganini, o‘zbek va jahon adabiyotiga qanchalik yangilik olib kirganini ko‘rsatib bera olamiz.
N.Rahmonova, A.Ahmedov (video), O‘zA
- Qo'shildi: 09.02.2024
- Ko'rishlar: 2095
- Chop etish