Milliy inson huquqlari institutlari Global alyansi (GANHRI) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ni Parij prinsiplariga muvofiqligi bo‘yicha qayta akkreditatsiyadan o‘tkazish va “A” maqomini berish bilan bog‘liq masalalar onlayn shaklda muhokama etildi.
Unda Ombudsman hamda BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va Markaziy Osiyo uchun Istanbul mintaqaviy markazi, Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasi, Milliy inson huquqlari institutlarining global alyansi (APF), Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ekspertlari ishtirok etdi.
Ma’lumki, 2020 yilda Global alyans tomonidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) akkreditatsiyadan o‘tkazilib, unga “V” maqomi berilgan.
Muloqotda Ombudsman Feruza Eshmatova 2020 yilda GANHRIning tegishli qo‘mitasi tomonidan berilgan tavsiyalar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda 2021-2023 yillarda Ombudsman faoliyati samaradorligini oshirish borasidagi islohotlarga to‘xtalib o‘tdi.
Onlayn muloqotda Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy boshqarmasining (OHCHR ROCA) mintaqaviy vakili Matilda Bogner O‘zbekistonda olib borilgan islohotlar natijasida Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari faoliyatining yo‘lga qo‘yilganini qayd etdi.
Murojaatlar bilan ishlash, qiynoqlarning oldini olish va ochiqlikni ta’minlash borasida erishgan yutuqlari, fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorligining kuchaytirilgani, konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida Ombudsmanga qonunchilik tashabbusi huquqining berilgani va uning huquqiy asoslari mustahkamlanayotganini ijobiy baholadi. Shuningdek, Ombudsmanning 2025 yilda akkreditatsiyadan o‘tkazilishi nuqtayi nazaridan uning “A” maqomini olish borasida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqishni taklif qildi.
Yig‘ilishda so‘z olgan Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasining milliy inson huquqlari institutlari sektori rahbarining o‘rinbosari, Global alyansning akkreditatsiya bo‘yicha qo‘mitasi kotibi Sinita Redert ham Ombudsman institutining mamlakatdagi inson huquqlarini ta’minlash yo‘nalishidagi ishtirokining mustahkamlangani va uni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganiga e’tibor qaratdi.
Milliy inson huquqlari institutlarining global alyansi (APF) direktori Kiren Fitspatrik va Huquqiy va siyosiy boshqaruvchi Filip Uordl, BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va Markaziy Osiyo uchun Istanbul mintaqaviy markazi mutaxassisi Aynura Bekkoyenova, Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy boshqarmasi O‘zbekiston ofisida Pavlo Byalik ham so‘z olib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Mazkur uchrashuv Ombudsman hamda Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasining hamkorlikdagi “O‘zbekistonda qonun ustuvorligini mustahkamlash va inson huquqlarini himoya qilish” loyihasi doirasida tashkil etildi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 16.02.2024
- Ko'rishlar: 2123
- Chop etish