Senatning elliginchi yalpi majlisida 2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2023-yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarning ijrosi hamda 2024-yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Dastlab, 2023-yilda gender tenglikni taʼminlash hamda ayollarning ijtimoiy va siyosiy hayotdagi rolini oshirish yuzasidan qilingan ishlar sarhisob qilindi.
Taʼkidlanganidek, sohada 13 ta normativ-huquqiy hujjat (shundan 3 tasi Qonun, 4 tasi Prezident farmoni va qarori, 6 tasi Hukumat qarori) qabul qilingan.
Xususan, xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yana-da takomillashtirish munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan.
Jumladan, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etganlarga nisbatan javobgarlik choralari kuchaytirilgan. Ushbu toifadagi jinoyatlar uchun qonunchilikda ko‘zda tutilgan yengilliklar berilmasligi, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish, yarashganligi munosabati bilan javobgarlikdan ozod qilish kabi choralar qo‘llanmasligi qatʼiy belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, Saylov kodeksiga siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatilayotganda ayollar sonining eng kam miqdorini nomzodlar umumiy sonining 30 foizdan 40 foizga oshirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilgan.
Bundan tashqari, Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 262,2 ming nafar xotin-qizga 4,5 trln so‘m miqdorida kredit, ishsiz va ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turuvchi 27 mingdan ziyod xotin-qizlarga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, o‘zini o‘zi band qilish uchun 118,5 mlrd so‘m subsidiyalar ajratilgan.
Davlat boshqaruvi akademiyasida rahbar xotin-qizlarni tayyorlash bo‘yicha 60 soatlik malaka oshirish kurslari tashkil etilib, unda 319 nafar xotin-qiz o‘qitilgan.
Shu bilan birga, majlisda ijro muddati ortda qolgan ayrim masallar tanqidiy muhokama qilinib, tegishli vazirlik va idoralarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Xususan, xalqaro standartlar va normalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish masalasini o‘rganish, mehnat sohasidagi gender statistikasi maʼlumotlarini xalqaro tavsiyalarga muvofiq takomillashtirish, iqtidorli yosh xotin-qizlarni yuqori nufuzli idoralarda stajirovka o‘tash qamrovini kengaytirish zarurligi aytib o‘tildi.
Majlis davomida 2024-yilda Gender tenglikka erishish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ko‘rib chiqildi.
Dasturda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlashga qaratilgan qonunchilik asoslarini takomillashtirish, xotin-qizlarning ilmiy va startap g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish ko‘nikmalarini shakllantirish, ularni ilmiy-innovatsion faoliyatga keng jalb etish kabi masalalar qamrab olinganligi qayd etildi.
Senatorlar ushbu Dastur milliy va xalqaro majburiyatlarni bajarishga ko‘maklashishga xizmat qilishini taʼkidlab, unda belgilangan vazifalar, tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish hamda bu boradagi ishlarni kuchaytirish muhimligi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY MAJLISI SENATI
- Qo'shildi: 12.02.2024
- Ko'rishlar: 2320
- Chop etish