Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra bugungi kunda Germaniya, Janubiy Koreya, Litva, Buyuk Britaniya, Belarus, Yaponiya, Latviya, Bolgariya, Turkiya, Polsha kabi davlatlarda tibbiyot, haydovchilik, qurilish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishning turli sohalarida minglab bo‘sh ish o‘rinlari taklif etilmoqda.
2023 yil davomida dunyoning iqtisodiyoti rivojlangan davlatlaridan O‘zbekistondan ishchi kuchini jalb qilish bo‘yicha ish beruvchi va rekruting agentliklari o‘rtasida 120 ga yaqin shartnoma imzolanishiga erishilgan.
Mazkur ish beruvchi va rekruting agentliklarining 100 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari aniqlanib, 60 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rniga talabnoma olingan.
Natijada, 38 ming nafardan ortiq fuqaroning Rossiya Federatsiyasi, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Qozog‘iston, Germaniya, Turkiya, Ruminiya, Yaponiya, Litva, Bolgariya, Polsha kabi davlatlarga tashkiliy va manzilli tartibda ishga joylashishiga ko‘maklashilgan.
Ilk bor 2 ming nafarga yaqin fuqaro Buyuk Britaniyaga, 500 ga yaqini Germaniyaga yuborildi. Janubiy Koreyaga yuborilgan fuqarolar soni 1,5 baravarga ko‘payib, 4900 nafarga yetkazilgan.
Xorijda ishlash istagidagi yurtdoshlarimizni ketishdan oldin chet tili va kasblarga tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
- Ish beruvchilarning asosiy talabi fuqarolarning soni emas, balki chet tilini biladigan, malakaga ega bo‘lgan, qo‘lida sertifikati, diplomiga ega bo‘lgan mutaxassislarni xohlaydi va ana shu ish beruvchilarning talabiga mos mutaxassislarni topish va ularni ishga jalb etish rejalashtirilyapti, - deydi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati rahbari Ortiqxo‘ja Norov. – Fuqarolarimiz xorijga ketishdan oldin u qaysi davlatga boradi, qanday sharoitda yashaydi, ishlaydi, uni ijtimoiy va huquqiy himoyasi qanday bo‘ladi, vatanga qanday qaytadi? - ana shu narsani bilishi kerak va shu savollarga albatta javobi bo‘lishi kerak.
Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish istagini bildirgan fuqarolarni kasblarga va xorijiy tillarga o‘qitish bo‘yicha Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimidagi 32 ta monomarkaz va uning filiallari, 53 ta kasb-hunarga o‘qitish markazi, 13 ta qurilish sohasi malakali mutaxassislarini tayyorlash markazlari hamda boshqa turli vazirlik va idoralar, nodavlat ta’lim muassasalari, 10 ta xorijiy hamkorlar bilan tashkil etilgan 48 ta kurslar imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda.
Amaldagi subsidiya hisobiga mehnat migrantlariga taqdim etilayotgan sug‘urta polisi samaradorligini oshirish maqsadida sug‘urta hodisalari bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar 3 tadan 6 taga ko‘paytirildi.
Agentlik tomonidan 2023 yilda jami 227 ming nafardan ortiq fuqaroga xizmatlar ko‘rsatilgan. Shundan, 197 mingdan ortig‘iga axborot va maslahat xizmati, 13 minga yaqiniga huquqiy, 13 mingdan ortig‘iga ijtimoiy, 3 mingga yaqiniga moddiy, shundan, 1499 nafariga 79 ming 447 AQSH dollari miqdorida bir martalik moddiy yordam berilgan.
Shuningdek, 115 nafar fuqaro vaqtinchalik xostellarga joylashtirilgan, og‘ir vaziyatlarga tushib qolgan 547 nafar yurtdoshimiz esa O‘zbekistonga olib kelingan. Agentlikning xorijdagi vakolatxonalari aralashuvi bilan yurtdoshlarimizning ish beruvchilaridan 1 mln 700 ming AQSH dollaridan ortiq miqdordagi ish haqlari undirib berilgan.
Shu o‘rinda aytish kerakki dunyoning rivojlangan davlatlariga borib ishlayotgan va ishlash uchun ketayotgan yurtdoshlarimizning migratsiya qonunchiligiga rioya qilishi, mehnat shartnomasi talablarini buzmasligi, ish beruvchilar hurmatini qozonishi, keyinchalik ushbu davlatlarga O‘zbekistondan migratsiya oqimi hajmining ortishiga xizmat qiladi.
Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA
- Qo'shildi: 20.02.2024
- Ko'rishlar: 2041
- Chop etish