Deputat fikri
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yaqinda bo‘lib o‘tgan majlisida deputatlar tomonidan ikkita qonun loyihasi rad etildi. To‘g‘rirog‘i, mas’ul qo‘mitalarning qonun loyihasini birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilish to‘g‘risidagi taklifi yetarli ovoz ololmadi. Bizni kuzatib borayotgan, qonun ijodkorligi jarayonlariga befarq bo‘lmagan jamoatchilik vakillarida, ijtimoiy tarmoqlar faollarida, “o‘zi aslida gap nimada edi”, “nimaga endi birdaniga ikkita qonun rad etildi”, “qanday asoslar bor edi” mazmunidagi savollar tug‘ilishi tabiiy, albatta.
Birinchi qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining yo‘l harakati sohasini tartibga soluvchi bir qancha moddalariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilgan.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning amaldagi 171-moddasi birinchi qismida yo‘l harakati qoidalari buzilganligi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan taqdirda, transport vositasining mulkdori ma’muriy javobgarlikka tortilishi belgilangan. Taklif etilgan qonun loyihasida ushbu jazoga mazkur huquqbuzarlik uchun transport vositasining mulkdori yoki transport vositasidan fuqarolik-huquqiy tartibda foydalangan shaxs tortilishi taklif etilgan.
Tashabbuskorlar tomonidan taklif etilayotgan g‘oya aslida to‘g‘ri bo‘lib, qonun loyihasidan ko‘zlangan maqsad ham ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilgan transport vositasini boshqargan shaxsning o‘zini javobgarlikka tortish mexanizmini yaratishdan iboratdir. Lekin qonun ijodkorlari bu g‘oya va maqsadni qonun loyihasida to‘g‘ri ifoda eta olmagan.
Bir jihatdan qaraganda, loyihada belgilangan normalar juda to‘g‘riga o‘xshaydi. Lekin normaning shunday tahrirda qabul qilinishi amaliyotda qonunni qo‘llovchilar, shuningdek, ma’muriy javobgarlikka tortiluvchilar uchun muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Birinchidan, transport vositasidan “fuqarolik-huquqiy tartibda foydalanish” tushunchasining ma’nosi birorta qonunda ochib berilmagan. Albatta, bunda ishonchnoma yoki ijara shartnomasi asosida foydalanish nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin. Lekin fuqarolik-huquqiy munosabatlarning chegarasi yo‘q. Masalan, fuqaro o‘z mulkidagi transport vositasini shartnoma asosida boshqa shaxsga saqlab turish uchun yoki boshqa shaxsga ijaraga ham berishi mumkin. Ya’ni, u transport vositasini umuman boshqarmasligi ham mumkin.
Taklif etilayotgan normaga ko‘ra, bu holatda transport vositasining mulkdori ham, transport vositasini boshqarmagan yuqoridagi shaxs ham ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin bo‘lib qolayapti. Shunga ko‘ra, oldin “transportdan fuqarolik-huquqiy tartibda foydalanuvchi shaxs” degan tushunchani aniqlashtirish lozim bo‘ladi.
Ikkinchidan, qonunda biror bir javobgarlik o‘rnatish o‘ta aniqlikni talab etadi. Biroq, yuqoridagi qonun loyihasida nazarda tutilgan o‘zgartirish va qo‘shimcha bilan qonun ijodkori o‘ziga shart-sharoit yoki imkoniyat yaratmoqda. Unga ko‘ra, 171-moddaning birinchi qismidagi huquqbuzarlik maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalarini buzish sodir etilsa, xohlasa transport vositasining mulkdorini, xohlasa undan foydalangan shaxsni javobgarlikka tortish imkoniyati yaratilmoqda. Chunki, mazkur normada “yoki” degan so‘z ishlatilmoqda. Bu esa korrupsiyaga olib kelishi mumkin.
Uchinchidan, bugungi kunda transport vositalari haydovchilari tomonidan yo‘l harakati qoidabuzarligini sodir etganlik uchun “jarima ballarini hisoblash tizimi”ni joriy etish ko‘zda tutilmoqda. Taklif etilayotgan norma qabul qilingan taqdirda, kelgusida “jarima ballarini hisoblash tizimi” ishga tushganidan keyin transport vositasida yo‘l harakati qoidabuzarligini sodir etganlik uchun jarima ballarini transport vositasining mulkdoriga yoki mazkur transport vositasidan foydalangan shaxsga nisbatan qo‘llashga doir norma turlicha talqin etilib, turli tushunmovchiliklar yuzaga kelishi mumkin. Masalan, hozirda Oliy Majlisning yuqori palatasida ko‘rib chiqilayotgan boshqa qonunga ko‘ra, transport vositasi boshqaruvi chog‘ida bir yil davomida yo‘l-harakati qoidalarini buzganlik natijasida yig‘ilgan ballar miqdori 122 dan oshsa, shaxs haydovchilik huquqidan mahrum qilinishi kerak. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, transport vositasini ishonchnoma asosida boshqarayotgan shaxs qoidani buzsa, unga ball qo‘ymaslik uchun umuman haydovchilik guvohnomasi mavjud bo‘lmagan va transport vositasining uni boshqarmaydigan mulkdori ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin.
To‘rtinchidan, Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, hukumat tomonidan oxirgi uch oyda kiritilgan hamda bitta sohaga tegishli bo‘lgan 3 ta qonun loyihasining har birida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 171-moddasiga konseptual jixatdan uch xil ma’noni anglatadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilgan. Bunday holat qonun loyihalarining muhokamasi va qabul qilinish jarayonlarini qiyinlashtiradi. Ya’ni, hali oldin qabul qilingan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kuchga kirmasdan turib, yana shu moddaga tuzatish kiritishga olib keladi.
Taklif qilinayotgan keyingi yana bir muhim yangilikka e’tibor qaratmoqchiman. Qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 283-moddasidagi sodir etilgan huquqbuzarlik uchun joyning o‘zida jarima solinishini va jarima to‘laganligi to‘g‘risida aybdorga belgilangan shakldagi kvitansiya berilishini nazarda tutuvchi normani bekor qilish taklif etilmoqda.
Deputatlarning fikricha, qonun loyihasini ishlab chiqqan tashabbuskor vazirlik aslida fuqarolarga qulay bo‘lishi uchun yaratilgan tizimdan tor idoraviy manfaatlarni ko‘zlab voz kechishni taklif etmoqda. Mas’ul qo‘mita qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilishni va uni ikkinchi o‘qishga qadar maromiga yetkazishni taklif qilgan bo‘lsa-da, muhokamalardan keyin qonun loyihasi ovozga qo‘yildi hamda yetarlicha ovoz to‘plamaganligi tufayli rad etildi. Endi deputatlar tomonidan rad etilgan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikka tortish tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida” gi ikkinchi qonun loyihasining rad etilishi bilan bog‘liq masalaga to‘xtalamiz.
Loyiha bilan kiritilayotgan ayrim qoidalarning hayotiy zaruriyati yo‘qligi, qolaversa, yuridik jihatdan to‘g‘ri rasmiylashtirilmaganligi bois xalq vakillarining jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Ma’lumki, amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 138-moddasida “... yo‘llarga ajratilgan mintaqa tegrasida mol boqish” uchun javobgarlik nazarda tutilgan. Biroq taklif etilgan loyihada yo‘llarga ajratilgan mintaqada uy hayvonlarini boqish yoki ularni qarovsiz qoldirish uchun javobgarlik belgilanmoqda. Vaholanki, uy hayvoniga mollardan tashqari it, mushuk, tovuq, quyon, o‘rdak, g‘oz va hokazolar kiradi. Shu bois deputatlarning fikricha, loyihaning qabul qilinishi kelajakda tushunarsiz va kulgili vaziyatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Masalan, yo‘llarga ajratilgan mintaqa tegrasiga chiqib ketgan mushuk uchun ham uning egasini topish va javobgar qilish kerak bo‘ladi, ya’ni aslida aybsiz bo‘lgan shaxslarni javobgarlikka tortishga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, loyiha bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 136-138-modalariga individual harakatlanish vositasini boshqarib borayotgan shaxslarning yo‘l belgilari talablariga rioya etmaganligi uchun javobgarlik belgilanmoqda. Biroq bugungi kunda “individual harakatlanish vositasi” tushunchasi qonunchilikda ochib berilmagan. Shuningdek, hukumat qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalarida ham individual harakatlanish vositalarini boshqarish bo‘yicha talablar o‘rnatilmaganligi huquqiy jihatdan tartibga solinmagan qoida uchun javobgarlik belgilanishiga olib keladi.
Qonun loyihasidagi yana bir norma haqida to‘xtalmoqchiman. Foto va video vositalar orqali yo‘l harakati qoidalari buzilganligi qayd etilgan paytdan e’tiboran 48 soat ichida qoidabuzarlik to‘g‘risidagi ma’lumotlarni jarima solish vakolatiga ega shaxsga yuborish taklif etilgan. Lekin ushbu normada yana eskicha qoida saqlab qolinib, bunda faqat transport vositasining mulkdorini javobgarlikka tortish nazarda tutilgan xolos. Ushbu qoidani aks ettirish taklif etilgan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 171-moddasiga qonun tashabbuskorlari tomonidan qisqa muddat ichida 3 marotaba bir-biriga muvofiq kelmaydigan turli normalarni kiritish taklif etilgan. Bu holat esa deputatlarning mazkur modda bo‘yicha uzil-kesil to‘xtamga kelishiga to‘sqinlik qildi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, deputatlar tomonidan qizg‘in muhokama qilingan qonun loyihasi uni konseptual jihatdan qabul qilish uchun yetarli ovoz to‘play olmadi.
Farhod Ashmatov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
O‘zA
- Qo'shildi: 16.02.2024
- Ko'rishlar: 2183
- Chop etish