Yurtimizda maktabga sababsiz kelmagan farzandlarning ota-onalariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga binoan jarima jazosi qo‘llanilishi belgilangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sudlar tomonidan joriy yilning yanvar oyi mobaynida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi (bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) 2- va 4-qismlari bilan 52 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilib, ularning barchasiga jarima jazosi qo‘llanilgan. Ota-onalarga bunday jazo qo‘llanilishi ijtimoiy tarmoqlar orqali keng muhokamalarga sabab bo‘lib turadi.
Ta’lim tizimi rivojlangan mamlakatlar tajribasiga tayanib, bu kabi jazo turlarini xorijiy davlatlar bilan taqqoslash maqsadida yuridik fanlar doktori, professor Mirg‘olib NURMATOVning fikrlariga qiziqdik.
– O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasida bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik holatlari yuzasidan choralar belgilangan, – deydi M.Nurmatov.–Xususan, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan, voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Bolalarning majburiy umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi olishiga ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan to‘sqinlik qilish esa bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Shu o‘rinda solishtiradigan bo‘lsak, bolalarning maktabga bormaganligi yoki yuborilmaganligi holatlari bo‘yicha xorijiy davlatlarda ham ota-onalarga nisbatan turlicha jazo choralari qo‘llaniladi.
Masalan, Irlandiyada 2000 yilda qabul qilingan "Ta’lim (farovonlik) to‘g‘risida"gi qonunga binoan agar farzand maktabga bormaydigan bo‘lsa, (kasalligi va boshqa sabablar) ota-onalar bu haqida maktab ma’muriyatiga xabar berishi (imkon qadar yozma tarzda) lozimligi belgilangan. Ushbu qonunga ko‘ra ota-onalar yoki qonuniy vakillar o‘z farzandining maktabga borishini va ta’lim olishini ta’minlashi uchun qonuniy majburiyatlarga ega. Farzandlari maktabga bormaydigan bo‘lsa, ota-onalarga avvalo ogohlantirish yuboriladi. Unda farzandlari maktabga kelmayotganligi va bu holat yana davom etadigan bo‘lsa, qonuniy choralar ko‘rilishi ko‘rsatib o‘tiladi.
Agar ota-onalar ogohlantirishga rioya qilmasa, ularga nisbatan jazo choralari, jumladan, jarima jazosi yoki bir oygacha qamoq (ma’muriy) jazosi qo‘llanilishi mumkin. Jarima miqdori farzandi maktabga kelmagan har bir kun uchun oshirib boriladi.
Buyuk Britaniyada 1996 yilda qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘risidagi” qonunga binoan agar bolalar sababsiz maktabga kelmagan bo‘lsa, ota-ona huquqbuzarlikda aybdor, deb topiladi va darsga muntazam qatnashmaslik holati bo‘yicha jarimaga (ming funt sterling) tortiladi.
Bundan tashqari, ota-onalar tomonidan bu kabi huquqbuzarlik yana qayta sodir qilinsa, 2500 funt sterlinggacha jarima yoki 3 oygacha qamoq jazosi qo‘llanilishi belgilangan.
Kanadada ham farzandlari maktabga bormagan ota-onalarga nisbatan jarima jazosi mavjud. Xususan, jazo tariqasida ota-onalar majburiy tarbiyalash kurslari va oilaviy maslahat kurslariga jalb qilinishlari mumkin.
Ta’lim tizimi bilan dunyoga o‘rnak bo‘layotgan Singapur davlatida esa ota-onalar o‘z farzandlarining maktabga borishiga e’tiborsizlik qiladigan bo‘lsa, ular farzandlari bilan birgalikda Majburiy ta’lim kengashiga chaqirtiriladi. Bundan keyin ham salbiy holat davom etsa, ularga nisbatan qonuniy tartibda jarima jazosi qo‘llaniladi.
Rivojlangan davlatlardan biri – Germaniyada farzandlari maktabga kelmagan ota-onalar ogohlantiriladi. Agar ushbu holat yana davom etsa, ularga nisbatan jarima jazosi (1250 yevrogacha) qo‘llaniladi.
Bundan tashqari, ota-ona farzandini maktabga yuborishdan bosh tortsa yoki bolasini nazorat qila olmasa, mahalliy bolalar xizmatlari yoki ijtimoiy xizmat xodimlari politsiyadan ularni maktabga kuzatib borishlarini talab qilishi yoki og‘ir oqibatlarda ota-onalik huquqidan mahrum etish (qisman yoki to‘liq) uchun sudga murojaat qilishlari mumkin.
Bundan tashqari, 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nisbatan ham dars qoldirganliklari uchun qamoq tarzidagi jazo chorasi qo‘llanilishi mumkin.
Qo‘shni Qozog‘istonda farzandlari maktabga bormaganligi uchun aybdor bo‘lgan ota-onalarga nisbatan Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksning 127-moddasi (Voyaga yetmagan shaxsni tarbiyalash va (yoki) o‘qitish, huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik)ga binoan hamda 409-moddasi (Qozog‘iston Respublikasining ta’lim, jismoniy tarbiya va sport sohasidagi qonunchiligini buzish)ga asosan jarima yoki ma’muriy qamoq (10 sutkagacha) jazosi qo‘llaniladi.
O‘zA muxbiri
Abdulaziz RUSTAMOV yozib oldi.
- Qo'shildi: 20.02.2024
- Ko'rishlar: 2237
- Chop etish