Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 3 iyun kuni hududlarda turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini ko‘paytirish chora-tadbirlari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Dunyoda iqtisodiy vaziyat qiyinlashgan hozirgi sharoitda ko‘proq ish o‘rni yaratadigan, investitsiya va eksportni ko‘paytiradigan sohalarni qo‘llab-quvvatlash zarur. Turizmda bunday salohiyat katta. Bu sohaga yo‘naltiriladigan har bir dollar kelgusida 3-4 barobar daromad keltiradi. Har bir yangi ish o‘rni boshqa tarmoqlarda yana 2 ta ish joyi hosil qiladi.
Mamlakatimizda tarixiy, madaniy va xushmanzara go‘shalar ko‘p. Ularning negizida turizm maskanlari, mehmonxonalar barpo etildi. Tartib-taomillar soddalashtirilib, sayyohlik biznesiga qulaylik yaratildi. Sayyohlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida turizm politsiyasi tashkil etildi.
O‘tgan yil oktyabrda Samarqandda bo‘lgan Butunjahon turizm tashkiloti forumi doirasida 2 milliard 300 million dollarlik investitsiyaviy kelishuvlarga erishilgan edi. Ular orasida turizm infratuzilmasini rivojlantirish, yangi maskanlar barpo etishga qaratilgan loyihalar ko‘p.
Jumladan, xorijiy investorlar tomonidan Shahrisabz tumani G‘elon va Sarchashma qishloqlari orasida 3 ming gektarli tog‘-chang‘i majmuasi tashkil qilish boshlandi. Miraki qishlog‘i bo‘yicha ham master reja ishlab chiqilmoqda.
Bu tumanning tarixi ham, tabiati ham diqqatga sazovor. Qolaversa, Shahrisabz shahri Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining “2024 yildagi turizm poytaxti”, deb e’lon qilingan.
Shu bois u yerda turizmni rivojlantirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar belgilandi. Birinchi galda Shahrisabz shahri va Shahrisabz tumanida turizm klasteri tashkil qilinadi. 33 kilometrli Hisorak – G‘elon va Hisorak – Sarchashma yo‘li kengaytirib, ta’mirlanadi. “Chiroqchi-Sho‘rquduq” avtomobil yo‘li yaxshilanib, Samarqanddan Shahrisabzga qatnov vaqti qisqaradi.
G‘elondan o‘tuvchi Oqsu daryosida quvvati 24 megavattli 3 ta gidro elektr stansiya ishga tushiriladi. Natijada turizm klasterida elektrdan muammo bo‘lmaydi. Shahrisabz turizm texnikumida Shveysariya dasturi asosida yiliga 100 nafar mutaxassis tayyorlanadi.
Bunday ishlarni Ohangaron, Urgut, Nurota, Yangiqo‘rg‘on, Pop, Chortoq, Boysun, Sariosiyo, Baxmal, Farg‘ona kabi turizm salohiyati yuqori 20 ta tumanda ham qilish mumkinligi ta’kidlandi. Mutasaddilarga xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda bu borada master reja ishlab chiqish topshirildi.
Ma’lumki, yaqinda “Boysun bahori” xalqaro etno-festivali bo‘lib o‘tdi. Bibishirin mahallasida 6 million dollarlik 4 yulduzli mehmonxona, amfiteatr va o‘tovlar qurildi. Ko‘ngilochar shoular o‘tkazildi. Natijada Surxondaryoga sayyohlar kelishi 4 karra ko‘paydi.
Umuman, yoshlarning ekstremal turizmga qiziqishi yildan-yilga oshayapti. Bu yo‘nalishni rivojlantirish bo‘yicha dastur qabul qilish vazifasi qo‘yildi.
Yoz kunlarida akvapark va basseynlarga talab oshishi tabiiy. Sohaga ajratilgan mablag‘lar doirasida mehmonxonalarda basseynlar qurilmoqda. Lekin hududlarda turistlarni o‘ziga tortadigan zamonaviy akvaparklar yo‘q.
Tabiiy ko‘llar atrofidagi turizm imkoniyatlari ham ishga solinmayapti. Masalan, Mirishkor tumanidagi Sechanko‘l va Achinko‘l bo‘yida birorta dam olish maskani yo‘q. Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi ovchilik va ekoturizm uchun juda qulay.
Shulardan kelib chiqib, akvaparklar qurish hamda ko‘llar bo‘yida loyihalar qilish uchun yerlar auksionga chiqarilishi belgilandi.
Pandemiyadan keyin tibbiyot va sog‘lomlashtirish turizmiga talab kuchaygan. Yurtimizdagi sanatoriy va tibbiy muassasalarda o‘tgan yili 60 mingdan ziyod xorijiy turist davolangan. Oxirgi besh yilda xususiy klinikalar ko‘paygani bilan atigi ikkitasi xalqaro akkreditatsiyaga ega. Albatta, bular juda kam.
Chunki bizda tibbiyot va sog‘lomlashtirish turizmini uyg‘unlikda rivojlantirish bo‘yicha yaxlit yondashuv yo‘q. Aslida, tibbiy turizmning o‘zidan yiliga 300 million dollar eksport qilish mumkin.
Shu bois Janubiy Koreya, Turkiya va Hindiston tajribasi asosida “Tibbiy xizmatlar mehmondo‘stligi” dasturi boshlanishi e’lon qilindi.
Endi xususiy klinikalarning xalqaro akkreditatsiyadan o‘tish, xorijiy ko‘rgazmada qatnashish xarajati byudjetdan qoplanadi. Klinikalarga kelgan chet elliklar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytarib beriladi. Xorijga borib, targ‘ibot-diagnostika xizmatini ko‘rsatgan shifokorlarning transport va yashash xarajatlari to‘lab beriladi.
Shu maqsadda shifoxona va sanatoriylarni xalqaro sertifikatlash, malakali menejerlarni jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
An’anaviy festivallarning doimiy aniq sanalarini belgilash, chegaradan o‘tishni yanada soddalashtirish muhimligi qayd etildi.
Turizm rivojiga xalal berayotgan yana bir muammo transport bilan bog‘liq. Chet ellarda turoperatorlar chiptalarni kamida olti oy oldin sotib oladi, shuning uchun “sayohat to‘plami” arzon. Bizda esa samolyot va poyezdga chipta olish qiyin, bir-ikki oy qolganda topilmaydi ham.
Shu bois Transport vazirligiga xalqaro reyslarni ko‘paytirish, barcha qatnovlar haqida ma’lumot va chipta olish imkonini beradigan yagona onlayn platformani ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.
Prezident mamlakatimiz turizm salohiyatini to‘liq ko‘rsatuvchi global targ‘ibot kampaniyasini yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidlab, qator tashabbuslarni bayon qildi.
“Milliy turizm brendi”ga kontent yaratish uchun tanlov o‘tkaziladi. Bu yil Toshkentda, kelgusi yilda Xivada xalqaro gastronomik festivallar tashkil etilib, 300 dan ziyod milliy taomlarimiz targ‘ib qilinadi. “Elektron-viza” tizimi yanada takomillashtirilib, mobil ilovasi ham ishga tushiriladi.
Targ‘ibotda televideniye bilan birga, ijtimoiy tarmoqlardan ham keng foydalaniladi. Auditoriyasi katta chet ellik blogerlar uchun info-turlar tashkil qilinadi.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbari sohadagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot qildi. Ularning muammolari va takliflaridan kelib chiqib, turizm xizmatlarini eksportoldi moliyalashtirishni yo‘lga qo‘yish, turoperatorlarga qo‘shilgan qiymat solig‘ini subsidiya sifatida qaytarish muddatini uzaytirish, turizm geografiyasini kengaytirish, milliy mehmonxona brendlarini yaratish, o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash va xorijda malakasini oshirish kabi ko‘plab takliflar bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Prezidentimiz turizmni rivojlantirish bo‘yicha jamoatchilik kengashi tuzishni taklif qildi. Soha vakillari va tadbirkorlar buni mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatladi.
Mutasaddilar bu yil 11 million xorijiy sayyohni jalb etish hamda turizm eksportini 2,5 milliard dollarga yetkazish imkoni borligini aytib, rejalari yuzasidan axborot berdi.
O‘zA
- Qo'shildi: 04.06.2024
- Ko'rishlar: 1848
- Chop etish