Xitoy bola parvarishi uchun eng qimmat davlatlardan biriga aylandi

Xitoyning YuWa Aholishunoslik tadqiqot institutining tahlillariga ko‘ra, Xitoy bola parvarishi uchun dunyodagi eng qimmat joylardan biri hisoblanadi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Hisobotda keltirilishicha, bola tug‘ilgandan 17 yoshgacha xarajatlar taxminan 74,800 dollar, bakalavriat darajasida qo‘llab-quvvatlash uchun 94,500 dollarni tashkil qiladi. Mamlakatda 18 yoshgacha bo‘lgan bolani tarbiyalash xarajati aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotidan 6,3 baravar yuqori. Taqqoslash uchun, Avstraliyada xarajat aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotdan atigi 2,08 baravar, Fransiyada 2,24 baravar, AQSHda 4,11 baravar va Yaponiyada 4,26 baravar ko‘p.

Xitoy iqtisodiyoti 2023-yilda 5,2 foizga o‘sdi. Ammo mamlakat ko‘chmas mulk bozoridagi rekord darajadagi pasayish, yoshlar o‘rtasidagi ishsizlikning o‘sishi kabi muammolarga duch kelmoqda.

 Farzand ko‘rish xarajatining yuqoriligi, ayollarning oila va ishda muvozanat saqlashdagi qiyinchiliklar sababli xitoyliklarning farzand ko‘rish istagi dunyoda eng past o‘rinlarda. Hisobotda tug‘ilishning pasayishi iqtisodiy o‘sishga, odamlarning umumiy farovonligiga ta’sir qilishi haqida ogohlantirilgan.
Daryo.uz
Powered by GSpeech