25 noyabr – Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni

25 noyabr – Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni

Xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini mustahkamlash, huquq va manfaatlarini himoya qilish nozik xilqat egalarining o‘zini namoyon etishida muhim ahamiyat kasb etadi. Ammo so‘nggi paytlarda butun dunyoda turli tazyiq va zo‘ravonlikka, tajovuzlarga duch kelayotgan xotin-qizlar soni ortsa, ortmoqdaki, kamayayotgani yo‘q.

Bu boradagi muammolarga qarshi kurashish maqsadida 1999 yil 17 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 25 noyabr Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni sifatida e’lon qilingan. Mazkur sana munosabati bilan qator davlatlarda zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha tadbir va aksiyalar tashkil etib kelinadi.

Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish borasida mamlakatimizda ham keng ko‘lamli ishlar tizimli ravishda tashkil etib kelinmoqda. Xususan, 2019 yilda qabul qilingan «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni, 2021 yilda qabul qilingan «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori hamda «Xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Vazirlar Mahkamasining qarori ushbu yo‘nalishdagi tadbirlarda muhim huquqiy asos bo‘lib kelayotir.

Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilish, ularga psixologik, ijtimoiy, huquqiy va moddiy ko‘mak ko‘rsatish, shu holatdan chiqishi uchun kasb-hunar o‘rgatish, mehnatga jalb qilish maqsadida barcha hududda Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Xotin-qizlarni himoya qilishda ichki ishlar organlari ayollar masalalari bo‘yicha inspektorlari lavozimi joriy etildi. Zero, xotin-qizlarga nisbatan huquqbuzarliklarning oldini olishda ularning muammolari haqida o‘z vaqtida xabar topish va tegishli idoralar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhim masalalardandir.

Bu borada ichki ishlar organlari tomonidan muayyan ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, 2022 yilning o‘tgan davri mobaynida tazyiq va zo‘ravonlik holati qayd etilgan oilalar, ish joylari, jazoni ijro etish muassasalari va boshqa ob’ektlarning hisobini yuritish, shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlik sodir etishga moyil bo‘lgan yoki ularni sodir etgan g‘ayriijtimoiy xulq-atvorga ega shaxslarni aniqlash hamda ular bilan profilaktik ishlar o‘tkazish choralari ko‘rilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangani uchun 38 mingga yaqin xotin-qizga himoya orderlari berilgan. Ularning 21,5 mingdan ortig‘i ruhiy zo‘ravonlik, 9 ming 804 tasi jismoniy zo‘ravonlik, 378 tasi iqtisodiy zo‘ravonlik, 42 tasi jinsiy zo‘ravonlik hamda 7 mingdan ortig‘i tazyiq holatlariga uchragan. Olib borilgan choralar natijasida 18 ming 839 oila yarashtirildi. 428 mingga yaqin ishsiz yordamga muhtoj ayollar ro‘yxati shakllantirilgan, 6,5 ming ayol ishga joylashtirilgan. 89 ming 400 ta ayolga tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Xotin-qizlarni turli tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish maqsadida ishga tushirilgan 1259 ishonch telefoni orqali 10 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan.

Ayolga qo‘l ko‘tarish, kuch ishlatish aslida kuchsizlarning ishi. Ammo buni anglamagan ayrim kimsalar ojiza qatlam vakilalariga zo‘ravonligini ko‘rsatishga urinishadi. Bu kabi holatlar nafaqat xotin-qizlarning ruhiyatiga, balki tazyiq va zo‘ravonlik holatlari mavjud bo‘lgan oilada ulg‘ayayotgan farzandlarning ruhiyatiga ham, tarbiyasiga ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatishi shubhasiz. Bunday oilada o‘sib-ulg‘ayayotgan bolalar o‘ziga ishonchsiz, qat’iyatsiz bo‘lib qolishi, jamiyatda o‘z o‘rnini topishida qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin.

Shunday ekan, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik, tahdid va tajovuz holatlarini bartaraf etish, xotin-qizlar huquq va manfaatlarini himoya qilishga muntazam e’tibor qaratish lozim. Ayoli baxtli jamiyat esa tinch va farovon bo‘ladi.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA

Powered by GSpeech