Bir oiladan 1 nafardan ortiq bola bog‘chaga borsa, ularning to‘lovi uchun necha foizli chegirma imtiyozi beriladi?

Bir oiladan 1 nafardan ortiq bola bog‘chaga borsa, ularning to‘lovi uchun necha foizli chegirma imtiyozi beriladi?

Qonunchilikka ko‘ra, maktabgacha ta’lim tashkilotiga bir oiladan bittadan ortiq bola qatnasa, oiladagi har bir bola uchun oylik to‘lov miqdorlari belgilangan. Ushbu qarorda va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda bir oilaning ikki va undan ortiq bolalari ayni bir maktabgacha ta’lim tashkilotiga qatnashi sharti qo‘yilmagani sababli, oiladagi bolalar ayni bir yoki har xil maktabgacha ta’lim tashkilotiga qatnashidan qat’i nazar kamaytirilgan miqdorlarda to‘lov to‘laydi.

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi   ma’lumotiga ko‘ra, masalan, Toshkent shahrida joylashgan, ish rejimi 10,5 soatlik bo‘lgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga bir oiladan bir nafar bola qatnaganda 246 ming so‘m to‘lov belgilangan bo‘lsa, bir oiladan ikki va undan ortiq bola qatnaganda har bir bola uchun 175 ming so‘mdan oylik to‘lov belgilangan.  

Tuman markazida joylashgan, ish rejimi 10,5 soatlik bo‘lgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga bir oiladan bir nafar bola qatnaganda 183 ming so‘m to‘lov belgilangan bo‘lsa, bir oiladan ikki va undan ortiq bola qatnaganda har bir bola uchun 138 ming so‘mdan oylik to‘lov belgilangan.    

Agar davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga ota-onalar to‘lovi bo‘yicha imtiyoz berilgan tumanda (3-toifa tumanda — 30 foiz, 4- va 5-toifadagi tumanlarda — 50 foiz imtiyoz) joylashgan bo‘lsa, belgilangan to‘lov miqdorlari berilgan imtiyozga mos ravishda kamaytiriladi.  

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA

Powered by GSpeech