Inson huquqlarini himoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati

Inson huquqlarini himoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati

Inson o‘z huquqlari himoyasi ta’minlangan jamiyatda o‘zini erkin his qiladi. Erkin inson esa maqsad sari, jamiyat rivojiga hissa qo‘shish sari kuch bilan, ishonch bilan olg‘a intiladi.

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilanishi lozimligiga e’tibor qaratilgani va bu konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida e’tiborga olingani diqqatga sazovor.

Aytib o‘tish kerakki, inson huquqlari himoyasini to‘la ta’minlash bevosita sud-huquq tizimiga bog‘liq. Shu bois so‘nggi yillarda sud-huquq tizimida adolat o‘rnatish bo‘yicha ko‘p ishlar qilinmoqda. 

Shu bilan birga sohada o‘ziga yarasha muammolar ham yo‘q emas. Bularga barham berish, huquq-tartibot idoralarini yangicha ishlashga o‘rgatadigan, odil sudlov sifatini oshiradigan tizim yaratilmoqda.

Eng muhimi, bu yo‘nalishda real natijaga erishish uchun konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlanmoqda. “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasida inson huquqlarini ta’minlash, fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishga ustuvor ahamiyat qaratildi.

Inson huquqining ta’minlanishi malakali yuridik himoya bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois malakali yuridik yordam olish huquqi Konstitutsiyada aks ettirilmoqda.

Endilikda har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda, yuridik yordam davlat hisobidan ko‘rsatiladi.

Huquqbuzarliklardan jabrlanganlar huquqlari qonun bilan muhofaza qilinadi. Davlat jabrlanganlarga himoyalanishni va odil sudlovdan foydalanishni ta’minlaydi, ularga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi.

Konstitutsiyada advokatura uchun alohida bob paydo bo‘layotgani tarixiy ahamiyatga ega. Zero, bu orqali ayblov va himoyaning tom ma’noda tengligini ta’minlashning mustahkam konstitutsiyaviy asoslari yaratilmoqda.

Konstitutsiyada belgilanayotganidek, jismoniy va yuridik shaxslarga malakali yuridik yordam ko‘rsatish uchun advokatura faoliyat ko‘rsatishi nazarda tutilmoqda. Advokatura faoliyati qonuniylik, mustaqillik va o‘zini o‘zi boshqarish prinsiplariga asoslanadi. Advokatura faoliyatini tashkil etish va uning tartibi qonun bilan belgilanadi.

Advokat o‘z kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganda uning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi. Advokatga o‘z himoyasidagi shaxs bilan to‘sqinliksiz va holi uchrashish, maslahatlar berish uchun shart-sharoitlar ta’minlanadi. Eng muhimi, advokat va uning kasbiy faoliyati davlat himoyasida bo‘ladi.

Sudlar mustaqilligini ta’minlash Konstitutsiyada mustahkamlanib, sudlarning faoliyatini moliyalashtirish faqat Davlat byudjetidan amalga oshirilishi Konstitutsiya bilan mustahkamlanmoqda. Bu, o‘z navbatida, odil sudlovni to‘liq va mustaqil ravishda amalga oshirish imkonini beradi.

Shu bilan birga, mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinishi ko‘zda tutilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega va to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi.

Zarina ISROILOVA,

yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD),

JIDU “Xalqaro huquq va davlat huquqi fanlari”

kafedrasi dotsenti.

O‘zA

Powered by GSpeech