Konstitutsiyaviy islohotlar inson qadrini yuksaltirishga xizmat qiladi

Konstitutsiyaviy islohotlar inson qadrini yuksaltirishga xizmat qiladi

Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlar doirasida mamlakatimizda xalqparvar davlatni barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur islohotlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi.

Shu bois joriy yilda ikki yetakchi siyosiy partiya – Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari tomonidan mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha muhim tashabbus ilgari surildi.

Ushbu tashabbusni amalga oshirish borasidagi ishlarni samarali va puxta tashkil etish maqsadida Oliy Majlis palatalari Kengashlarining Qo‘shma qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi.

O‘tgan davrda Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan Asosiy qonunimizni yanada takomillashtirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borildi. Jumladan, Konstitutsiyaviy komissiyaning Yig‘ma axborot-tahlil guruhi va Takliflar bilan ishlash guruhi keng jamoatchilikdan kelib tushgan har bir fikr-mulohaza va taklifni o‘z vaqtida umumlashtirib, tahlil qilib bordi.

Konstitutsiyaviy komissiyaning Matbuot xizmati islohotlarning ochiq va shaffof olib borilishini ta’minlash hamda bu boradagi ishlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda.

Konstitutsiyaviy komissiyaning xulosalari asosida «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ishlab chiqilib, qonunchilik tashabbusi huquqi asosida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan 2022 yil 21 iyun kuni parlament quyi palatasiga kiritildi.

Ushbu Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi mas’ul etib belgilandi. Mazkur qo‘mitalarning xulosalari asosida shu yilning 24 iyun kuni Konstitutsiyaviy qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

«Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining tegishli qaroriga asosan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi joriy yilning 25 iyunidan 5 iyuliga qadar umumxalq muhokamasiga qo‘yildi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi «Xalq so‘zi», «Narodnoe slovo» gazetalarida va «Meningkonstitutsiyam.uz» elektron platformasida e’lon qilindi.

Konstitutsiyaviy islohotlarga xalqimiz va jamoatchilikning katta qiziqish bilan qaraganligi hamda fuqarolar tomonidan bildirilgan istaklardan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining tegishli qarorlariga muvofiq Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi muddati ikki marotaba uzaytirilib, shu yil 1 avgust kuniga qadar davom ettirildi.

Mas’ul qo‘mitalar Konstitutsiyaviy komissiya bilan birgalikda fuqarolarning takliflari hamda fikrlarini umumlashtirish, o‘rganib chiqish hamda tahlil etish borasidagi ishlarni uzluksiz olib bordi va hozirda ham bu jarayon davom ettirilmoqda.

Yetakchi siyosiy partiyalarning parlamentdagi fraksiyalari tomonidan konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha ilgari surgan tashabbuslari ularning demokratik islohotlarni chuqurlashtirishdagi, umuman, mamlakatimiz oliy vakillik organlaridagi alohida o‘rni va mas’uliyati qay darajada oshganligini aniq namoyon etdi.

Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasining deputatlar tomonidan kiritilganligi, loyihaning umumxalq muhokamasidan o‘tkazilganligi deputatlar korpusining mamlakat siyosiy va ijtimoiy hayotida mas’uliyati yanada oshganligini ko‘rsatmoqda.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 20 iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan o‘tkazgan uchrashuvida insonning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi kerakligiga, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarimiz markazida inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ezgu g‘oya mujassamligiga alohida urg‘u berganliklari konstitutsiyaviy islohotlarimizga yangicha mazmun-mohiyat olib kirdi. 

O‘tgan vaqt mobaynida mas’ul qo‘mitalarga kelib tushgan takliflarni har tomonlama tahlil qilish imkoniyati yaratildi. Mas’ul qo‘mitalar ushbu takliflar asosida Konstitutsiyaviy qonun loyihasini yanada takomillashtirdi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasining har bir normasi umumxalq manfaatlariga daxldorligini inobatga olib, uni har tomonlama sinchiklab ko‘rib chiqish va mukammal hujjatga aylantirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining shu yil 24 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi atroflicha ko‘rib chiqildi.

Undan oldin ushbu masala Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari yig‘ilishlari hamda quyi palata Kengashi majlisida ham muhokama qilindi.

Majlisda bir guruh deputatlar Konstitutsiyaviy komissiya va mas’ul qo‘mitalar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni e’tirof etgan holda, joylardagi uchrashuvlarda xalqimiz asoslantirilgan, o‘ylab tahlil etishga majbur qiladigan ko‘plab takliflarni berishda davom etayotganligini hamda bunday takliflarni e’tiborsiz qoldirish mumkin emasligini ta’kidlab, Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirishga doir ishlarni davom ettirish yuzasidan takliflarni ilgari surishdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisidagi muhokamalar yakunidan kelib kelib chiqib shuni aytish mumkinki, Konstitutsiyaviy qonun loyihasini yanada takomillashtirish bo‘yicha hali oldimizda qator vazifalar turibdi.

Avvalo, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasidagi ustuvor yo‘nalishlar hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy va ma’muriy islohotlar bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratishimiz lozim.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga davlat xizmatini yanada demokratlashtirish, uning ochiqligini va ma’muriy islohotlarga hamohangligini ta’minlashga xizmat qiluvchi normalarni singdirish muhim ahamiyatga ega.

Ijtimoiy davlat prinsipini ro‘yobga chiqarishning konstitutsiyaviy mexanizmlarini ko‘zda tutish, jamoatchilik, parlament va deputat nazorati mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan normalarni ishlab chiqishga ham katta e’tibor qaratilishi maqsadga muvofiq.

Ilg‘or xorijiy tajribani chuqur o‘rgangan holda, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda davlat va jamiyat qurilishining ta’sirchan konstitutsiyaviy asoslarini yaratish bo‘yicha eng yaxshi tajribani amaliyotga tatbiq etish choralarini ko‘rishimiz kerak bo‘ladi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasidagi normalarning amaldagi qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan o‘zaro bog‘liqligini hamda davlat organlari, shu jumladan sudlar tomonidan Konstitutsiya normalarining qo‘llanilishini tartibga solish masalalarini ham e’tibordan chetda qoldirmasligimiz zarur.

Albatta, bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflarni Konstitutsiyaviy qonun loyihasida aks ettirgan holda loyihani har tomonlama mukammal hujjatga aylantirish hozirgi kundagi asosiy maqsadimiz hisoblanadi.

Yuqoridagilardan tashqari ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish, davlat va jamiyat qurilishining samarali konstitutsiyaviy asoslarini yaratishga qaratilgan eng yaxshi tajribani amaliyotga tatbiq etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish choralarini ko‘rish, konstitutsiyaviy islohotlarning dolzarb masalalarini muhokama qilish, uning asosiy vazifalari, konstitutsiyaviy yangiliklarning mohiyati va ahamiyatini tushuntirish bo‘yicha mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda mamlakatimizda hamda chet ellarda qator tadbirlar tashkil etish zarur.

Shundan kelib chiqib, Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirishga doir ishlarni davom ettirish haqida Qonunchilik palatasining tegishli qarori qabul qilindi hamda mas’ul qo‘mitalar oldiga aniq vazifalar qo‘yildi.

Muxtasar aytganda, Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirishga doir ishlar davom etar ekan, parlament bu borada barcha kuch va imkoniyatlarini yanada safarbar etishi, mas’ul qo‘mitalar esa oldiga qo‘yilgan aniq vazifalarni izchillik bilan bajarishi zarur bo‘ladi. Bu esa konstitutsiyaviy islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsadga, ya’ni mamlakatimizda insonni ulug‘lashga, uning sha’ni va qadr-qimmatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

 

   

Nuriddin ISMOILOV, 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 

Qonunchilik palatasi Spikeri

 

Powered by GSpeech