Navoiy viloyatida qiynoqqa qarshi kurashish amaliyotiga bag‘ishlangan o‘quv kursi bo‘lib o‘tmoqda

19 sentyabr kuni Navoiy viloyatida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv kursi o‘z ishini boshladi. Mashg‘ulotlarda Navoiy viloyati prokuraturasidan 10 nafar va ichki ishlar tizimidan 50 nafar xodim tinglovchi sifatida qatnashmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturiga asosan “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv kursi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Ichki ishlar vazirligi hamkorligida o‘tkazilmoqda. Unda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Ichki ishlar vazirligining Akademiyasi va Malaka oshirish instituti rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ichki ishlar organlari xodimlari ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Prezidentining 2021 yil 22 fevral kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 46-sessiyasining oliy darajadagi segmentida so‘zlagan nutqida qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmni takomillashtirish, odamning qadr-qimmatini yerga uradigan, insoniylikka zid bo‘lgan har qanday qiynoq ko‘rinishlarining oldini olish tizimini rivojlantirish mamlakatimizda demokratik o‘zgarishlarni yanada chuqrlashtirish va BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi doirasidagi faoliyatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi ta’kidlandi.

Qiynoqlar – insoniyatga qarshi jinoyat hisoblanadi. Bu borada qabul qilingan barcha hujjatlarda qiynoqlar qat’iyan taqiqlanadi hamda qiynoqqa solish holatini oqlashga hech qachon va hech qanday asosda yo‘l qo‘yilmaydi. 

O‘quv kursi davomida ma’ruzachilar tomonidan qiynoqning oldini olish faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalarning mohiyati atroflicha tushuntirilmoqda. Bu sohada qator yangi ta’sirchan mexanizmlarni joriy etish yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berilmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech