Farzand – inson umrining mazmuni. Oila esa farzandlar dunyoga keladigan va kamol topadigan muqaddas qo‘rg‘on. Bu qo‘rg‘onning darvozasi – nikoh, poydevori – mehr-muhabbat. Dunyoga kelgan beg‘ubor va begunoh jajji qalb egalarining har biri oila qo‘rg‘onini yanada mustahkamlaydi, ota va ona degan yuksak maqom egalari burch va mas’uliyat, baxt va quvonch, shukronalik va orzu rishtalari bilan bog‘lanadi. Mamlakatimizda har bir oila qonun himoyasida, davlat va jamiyat e’tiboridadir.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XIV bobi “Oila, bolalar va yoshlar” deb nomlanadi. Uning 76-moddasida: “Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda u jamiyat va davlat muhofazasidadir. Nikoh O‘zbekiston xalqining an’anaviy oilaviy qadriyatlariga, nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligiga va teng huquqliligiga asoslanadi. Davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratadi”, – deya belgilangan.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasi qabul qilingan. Mazkur asosga ko‘ra, 2019-yildan e’tiboran mamlakatimizda har yili 15-may – Xalqaro oila kuni sifatida keng nishonlanadi.
Ushbu xalqaro sana Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1993-yil 20-sentyabrdagi A/RES/47/237-son rezolyutsiyasi bilan e’lon qilingan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – jahon hamjamiyati diqqatini oilaviy qadriyatlarga va oila instituti bilan bog‘liq muammolarga qaratishdan iborat. 15-may – Xalqaro oila kuni hozirgi kunda BMTga a’zo deyarli barcha davlatlarda nishonlanadi.
Mamlakatimizda ushbu xalqaro sana munosabati bilan turli madaniy tadbirlar va sport musobaqalari o‘tkaziladi, ommaviy axborot vositalarida oila muqaddasligini targ‘ib qiluvchi ijodiy tanlovlar tashkil etiladi. Eng muhimi, 15-may kuni yurtimizdagi ko‘pgina xonadonlarda ixcham oilaviy bazmlar uyushtiriladiki, bu oilaning mustahkamlanishiga, ota-onalar va farzandlar labida quvonch tabassumlari porlashiga sabab bo‘ladi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda oiladagi munosabatlarning qonunchilik asoslarini mustahkamlash, ota, ona va farzandlar huquqlarini himoya qilish, ko‘makka muhtoj oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ibratli oilalarni rag‘batlantirish, oilada uchrashi mumkin bo‘lgan zo‘ravonliklarga barham berish, gender tenglikni ta’minlash borasida huquqiy, tashkiliy va amaliy chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining bo‘ysunuvi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligidan Vazirlar Mahkamasiga o‘tkazildi. Erkaklar va xotin-qizlarning teng huquq hamda imkoniyatlarini ta’minlash, xotin-qizlar va oilani har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga oid qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, oila a’zolarining huquqiy madaniyatini oshirish, oilalarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, oila institutini mustahkamlash kabilar qo‘mita faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi. Shuningdek, qo‘mita tarkibida Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi.
Albatta, oilaning mustahkamligi, farzandlarning to‘g‘ri tarbiya olishi ko‘p jihatdan oila bekalarining ma’rifatli bo‘lishiga bog‘liq. Raqamlarga yuzlansak, mamlakatimizda 2022-2023-yillarda xotin-qizlarning 100 ming nafardan ortig‘i imtiyozli asoslarda oliygohlarga qabul qilingan bo‘lsa, hozirda 14 ming nafardan ziyod ayollar magistraturada bepul ta’lim olmoqda. Bu esa davlatimiz tomonidan “Oila ma’rifatli bo‘lsa, jamiyat ma’rifatli bo‘ladi” tamoyiliga katta e’tibor qaratilayotganidan dalolat beradi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda mamlakatimizda 9 milliondan ortiq oila bor va har yili o‘rtacha 250 – 300 ming yangi oila qurilmoqda. Shu bilan birga, oilalarda ajralishlar ham qayd etilayotgani, bu ko‘rsatkich 2024-yilning yanvar – mart oylarida 11,5 mingtani tashkil etgani nafaqat davlat, balki jamiyat miqyosidagi muammodir. Darz ketgan 11,5 ming oila qo‘rg‘onining 46,2 foizi farzandsiz bo‘lgan, 29,6 foizida 1 nafar farzand bilan, 24,2 foizida 2 va undan ortiq farzand bilan ajralish kuzatilgan.
Xo‘sh, bugungi kunda oilalar buzilishining, nikohdan ajralishlarning asosiy sabablari nimada?
Birinchidan, yoshlarning ixtiyoriy roziligisiz, ota-ona yoki yaqin qarindoshlarning bosimi bilan qurilgan oilalar ajralishga moyil bo‘ladi. Agar yoshlar o‘rtasida birgalikdagi turmush davrida mehr paydo bo‘lmasa, bunday oila poydevori mo‘rt binodek omonat: o‘zaro kelishmovchiliklar, dunyoqarashning mos kelmasligi nikohdan ajralishga olib kelishi mumkin.
Naql qiladilarki, Sa’diy Sheroziy safarda yurganida faranglarga asir tushadi, uni qul qilib, bir shaharga olib boradilar. Nogoh bir savdogar ulug‘ shoirni tanib qoladi va 10 dinor evaziga uni asirlikdan qutqaradi. Keyin yuz dinorlik qalin puli bilan shoirni o‘z qiziga uylantiradi. Uning qizi o‘ta janjalkash bo‘lib, oxiri, “Sizni otam 10 dinor berib qullikdan xalos qilmaganmidi?” deya ta’na qilishgacha boradi. Shunda Sheroziy: “Ha, men otang 10 dinor berib qullikdan ozod qilgan, keyin 100 dinor berib changalingga tashlagan odamman”, deya o‘sha shahardan bosh olib ketgan ekan.
Ikkinchidan, farzandsizlik ham ko‘p hollarda nikohdan ajralishga sabab bo‘lmoqda. Bugungi kunda tibbiyot ancha rivojlangan va ushbu muammoning bir qancha yechimlari mavjud. Faqatgina har ikki tomon buni to‘g‘ri qabul qilishi va bir-birini qo‘llab-quvvatlashi zarur.
Uchinchidan, ayolning o‘zi kelin bo‘lib tushgan xonadon muhitiga moslasha olmasligi, qaynona-kelin munosabatlaridagi tushunmovchiliklar, mayda maishiy gap-so‘zlar ham aksar oilalarning parokanda bo‘lishiga olib kelmoqda. Bu o‘rinda oilaning, ayniqsa, yoshi katta a’zolaridan sabrli va oqil bo‘lish talab etiladi. Ular yoshlarga oilaning muqaddas ekanini tushuntirishlari lozim.
To‘rtinchidan, iqtisodiy yetishmovchiliklar sababli buzilgan oilalar ham uchrab turadi. Unutmaylikki, har bir ota-ona o‘z farzandini ilmli qilish, hayotga tayyorlash va jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashishga burchlidir. Agar yoshlar kasbu korli bo‘lib, iqtisodiy tomondan tayyor bo‘lgandagina oila qurishsa, bu kabi muammolar sezilarli darajada kamayadi.
Albatta, oilalar mustahkamligiga ta’sir etuvchi omillar va sabablar turli-tuman. Ammo ularning negizida nikohlanuvchi yoshlarning oila haqida to‘g‘ri tasavvurga ega bo‘lishlari, uning muqaddasligini anglashlari, ota va ona degan yuksak maqomning mas’uliyatini his etishlari mujassam. Shundagina oilalarimiz farovon, farzandlarimiz baxtli bo‘ladi. Jamiyatimiz manfaat, davlatimiz ravnaq topadi.
Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharririning o‘rinbosari
- Qo'shildi: 16.05.2024
- Ko'rishlar: 1497
- Chop etish