14-may kuni Olmaota shahrida Markaziy Osiyo davlatlariga xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiya to‘g‘risidagi global shartnomani amalga oshirishga yordam berish mintaqaviy loyihasi doirasida yakuniy davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir Xalqaro migratsiya tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha submintaqaviy missiyasi tomonidan tashkil etildi.
Xalqaro davra suhbatida mezbon mamlakat hisoblangan Qozog‘iston, shuningdek, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonning tegishli davlat muassasalari, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari, ilmiy va akademik doiralari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari qatnashdi. Muloqotda Xalqaro migratsiya tashkilotining bosh qarorgohi, mintaqaviy ofisi, Migratsiya ma’lumotlarini tahlil qilish global markazi, ushbu xalqaro tashkilotning Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi vakolatxonalari xodimlari va ekspertlari ham ishtirok etdi.
Dastavval Markaziy Osiyo davlatlariga xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiya to‘g‘risidagi global shartnomani amalga oshirishga yordam berish mintaqaviy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. O‘z navbatida, migratsiya sohasidagi mintaqaviy hamkorlik istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Munozaralarda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Tashqi ishlar vazirligi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi xodimlaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi faollik ko‘rsatdi. Xususan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimi S. Bozorov “Xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiya: O‘zbekiston tajribasi” mavzusida ma’ruza qildi.
Mamlakatimizda ayni yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar samaralari haqida so‘z yuritildi. Milliy markazning bu boradagi ibratli faoliyati yuzasidan taqdim etilgan muhim ma’lumotlar xalqaro davra suhbati ishtirokchilariga manzur bo‘ldi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 16.05.2024
- Ko'rishlar: 1534
- Chop etish