QALBNI YO‘QOTISH – MA’NAVIY MANQURTLIKDIR

Siyosatshunos Q.Rafiqov intervyusiga munosabat

 

 

Yaqinda “Ishonch” gazetasining 2024-yil 18-noyabr sonida e’lon qilingan germaniyalik taniqli siyosiy sharhlovchi, “Berliner Zeitung” nashri Geosiyosat bo‘limi rahbari Tomas Fasbenderning o‘zbekistonlik mashhur siyosatshunos Qudratilla Rafiqov bilan suhbatini o‘qidim. Juda jiddiy va nufuzli jurnalning siyosiy sharhlovchisi bilan o‘ta muhim muloqot bo‘libdi.

Suhbatning mavzusi ham nihoyatda salmoqli va mazmuni behad qiziqarli. Yanada muhimi, suhbat Yangi O‘zbekiston jamiyati va davlati, shu aziz Vatanda yashayotgan har bir insonning hayotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri daxldor, ta’bir joiz bo‘lsa, har birimizning jon-jonimizga bog‘langan taqdirulamal masalalar tahliliga bag‘ishlangan.

 

Intervyuning nomi xususida

 

Taniqli siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning germaniyalik mashhur siyosiy sharhlovchiga bergan intervyusini ommabop va hammaga tushunarli tilda tayyorlangan qiziqarli ilmiy-publitsistik chiqish, deb baholash mumkin. Bu bahoni tasdiqlaydigan o‘ziga xos mezonlar bor, albatta.

Xususan, intervyuning sarlavhasiyoq g‘oyat o‘ziga xos. Ya’ni: “O‘zbekistondan “Yangi O‘zbekiston”gacha: yo‘qotilgan qalbni izlab...”. Ayni sarlavhani o‘qiganimda mashhur o‘zbek shoiri Sadriddin Salim Buxoriy (1946-2010) qalamiga mansub “Buxoroga Buxoro keldi”, degan misra yodimga tushdi.

Mustaqillik tufayli orzu-armonlari ushalganidan, jumladan, sho‘rolar davri qatag‘oni sabab tashlandiq ahvolga kelib qolgan ulug‘ allomalar yurti Buxoroning tarixiy yodgorliklari ham yana munosib qadr topganidan behad quvongan ushbu shoir va alloma 1999-yilda “Buxoroga Buxoro keldi” she’rlar turkumini nashr ettirgandi. O‘sha kitobdan el orasida dong qozongan mana bu misralar ham joy olgan: 

Buxoroga nur-ziyo keldi,

Imon keldi, sharm-hayo keldi.

Buxoroni zulmat etdi tark,

Buxoroga Buxoro keldi... 

Shoirlikka hech qanday da’vomiz yo‘q. Ammo, oqil siyosatchi va hassos shoirlar rag‘bat berganida, kamina ham jim qarab turolmadi. Ushbu misralarni shu rag‘batning hosilasi sifatida qabul qilgaysiz: Dovon ortda qolib, dovon kelmoqda; ruhga ruh qo‘shguvchi zamon kelmoqda. Yangi marralarga yangi kuch berib, Yangi O‘zbekiston ravon kelmoqda! Aytmoqchimizki, Qudratilla Rafiqov intervyusining hatto nomlanishiga ham chuqur adabiy-badiiy mohiyat va nihoyatda o‘zbekona ruh singdirilgan. Ya’ni, O‘zbekistondan “Yangi O‘zbekiston”gacha – o‘zbek siyosatshunosi birgina shu jumla bilan Yangi O‘zbekistonga o‘ziga xos tarzda ta’rif bergan. Yanada aniq qilib aytganda, ta’riflarga sig‘maydigan buyuk tarixiy voqelik ta’rifsiz ta’riflangan. Jurnalist intervyu so‘ngida shunday deydi: “Ayniqsa, menga “Yo‘qotilgan qalb” haqidagi izohingiz juda yoqdi”. Germaniyalik siyosiy sharhlovchining bunday e’tirofi atoqli qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatovning hayotiy falsafasi bilan yo‘g‘rilgan “manqurt nazariyasi”ni esga soladi. Haqiqatan ham, “Qalbni yo‘qotish – ma’naviy manqurtlikdir!” Shu haqda o‘ylar ekanman, intervyu sarlavhasining o‘zi ham nainki milliy ruh, balki umuminsoniy mazmun-mohiyat kasb etadi, degan fikr o‘tdi xayolimdan. Yangi Markaziy Osiyo taraqqiyoti va dog‘da qolgan G‘arb siyosatshunoslari

Intervyu matni tahliliga o‘tsak: jurnalist atigi 8 ta savol bergan bo‘lsa-da, savollar mazmunan turlicha va ularning har biri juda keng mavzularni qamraydi. Savollar, bir tomondan, ham aniq, ham siyosiy dolzarb, G‘arb o‘quvchisini o‘ylantiradigan mazmunda bo‘lsa, ikkinchi tomondan, xuddi shu jihatlari bilan o‘zbek siyosatshunosiga munosib javoblar qaytarish uchun ilhom hamda jo‘shqinlik  baxsh etgan, nazarimizda.

Suhbatning o‘q ildizini Yangi O‘zbekistonning uzoq va yaqin o‘tmishi hamda buguni va kelajagi haqidagi o‘y-mulohazalar tashkil etadi. Bu boradagi fikrlar Markaziy Osiyo mintaqasida kechayotgan tarixiy-siyosiy jarayonlar bilan uzviy bog‘liqlikda talqin etilgan.

Yana bir muhim jihat shundaki, Qudratilla Rafiqov o‘z javoblarida tarixiy-qiyosiy metod (uslub) asosida, ya’ni “Kim edik, kim bo‘ldik, kim tufayli” degan mantiqiy silsilaga tayanadi. Ilmiy aniq, badiiy ravon va dadil tafakkur bilan so‘zlaydi. O‘zbek siyosatshunosi G‘arbning nomi dunyoga taniqli 2 nafar muallifini tilga olgan va ularning shov-shuvli kitoblarini tanqidiy tahlil etgan.

Bulardan biri – amerikalik olim, AQSHning Kolumbiya universiteti professori Edvard Vadi Said bo‘lib, uning “Oriyentalizm” nomli  kitobi juda mashhur. Ikkinchisi – AQSH Prezidentining Milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Zbignev Bjezinskiy va uning “Buyuk shaxmat taxtasi” asaridir.

Avvalo “oriyentalizm” atamasiga aniqlik kiritib olaylik. Ushbu tushuncha G‘arb dunyosining Sharq haqidagi ilmiy izlanishlari va uydirmalarga asoslangan farazlarining mujassamini anglatadi. Ilmiy nuqtayi nazardan, oriyentalizm – Sharq tillari, madaniyati va tarixiga oid tadqiqotlar  majmuini o‘zida qamrasa-da, ayni vaqtda, mazkur yo‘nalish sharqona jamiyatlar haqida noto‘g‘ri tushuncha va tasavvurlar to‘qib-tarqatilishini tanqid qiladi.

Shu ma’noda, Edvard Vadi Saidning 1978-yili nashrdan chiqqan “Oriyentalizm” kitobida G‘arb tomonidan Sharq ilm-fani, san’ati va siyosatiga oid noto‘g‘ri qarashlar, ta’bir joiz bo‘lsa, “Sharqning beo‘xshov qiyofasi” qay tarzda uydirmalashtirilgani xususida so‘z borganligi bilan ahamiyatlidir.

E.Saidning fikricha, oriyentalizm go‘yoki “ekzotik” va “irratsional” Sharq qiyofasini “ratsional” va “rivojlangan” G‘arb timsoliga qarshi qo‘yishga intilgan kolonializm siyosatining mafkuraviy quroli bo‘lgan. O‘z navbatida, postkolonializm davrida E.Saidning kitobi bunday nomaqbul yondashuvni tanqid qiluvchilar uchun asos bo‘lib xizmat qildi.

Bu o‘rinda Qudratilla Rafiqovning  mana bu kinoyali bo‘lsa-da, ilmiy jihatdan to‘g‘ri fikrlari diqqatga molik: “Oriyentalizm talablariga ko‘ra, Sharq o‘zi haqida o‘zi gapira olmaydi, o‘zini o‘zi tanita olmaydi, taqdim eta olmaydi, balki boshqalarning o‘zi haqida gapirishlariga, taqdimiga, demak, Yevropa fani ko‘magiga muhtoj”.

O‘zbek siyosatshunosi ayni mavzudagi mulohazalarini G‘arbning Markaziy Osiyo mintaqasiga yondashuvining tanqidiy-tahliliy talqini misolida izchil davom ettiradi. Q.Rafiqov qayd etganidek, “o‘lkamiz bir yarim asr davomida ikki bor mustamlakachilikni boshidan kechirdi... Qolaversa, bugungacha bizning nomimizdan ham gapirdilar, kimlardir bizni atrofga tanishtirdi. Biz ham uzoq yillar hukmron kuchlar oldida “churq etmay o‘tiruvchi” “o‘zga”ga aylandik...”.

O‘z navbatida, intervyuda amerikalik siyosatshunos Z.Bjezinskiyning asari ham tahlilga tortilgan. Bu kitob nomida tilga olingan “shaxmat taxtasi” iborasi nimani anglatadi?

Markaziy Osiyo mintaqasi, Z.Bjezinskiyning ta’rificha, shaxmat taxtasiga o‘xshaydi. Bu taxtada, oq va qora tomonlar, ya’ni do‘st va g‘anim kuchlar bor. Taxtadagi “shoh”lardan torib, “piyoda”largacha barcha “dona”lar “o‘yin”ga jalb etilgan.

Bunda “shoh”lar – kuchli davlatlar, albatta, “piyoda”larni, ya’ni mintaqamizda 1991-yildan e’tiboran mustaqilligini e’lon qilgan navqiron davlatlarni yengadi. Shu tariqa go‘yoki muazzam Sharqning qadimiy Movarounnahr atalmish hududida batamom G‘arb hukmronligi o‘rnatiladi.

Kezi kelganda, ilk bor Z.Bjezinskiy tomonidan ilgari surilgan “Yevroosiyo Bolqonlari” degan nazariya ham atroflicha bahs-munozaralarga turtki berganligini aytmasak bo‘lmas. Bu nazariyaga ko‘ra, Markaziy Osiyo strategik ahamiyatga ega mintaqa hisoblanadi.

Shunday bo‘lsa-da, kuchli davlatlar raqobati markazida hamda ularning ta’sir doirasida turgani uchun mintaqamiz go‘yoki kelgusida taraqqiy etmaydi va beqaroru omonat bo‘lib qolaveradi. Hatto, Markaziy Osiyo Yevropaning Bolqon mintaqasi kabi turli siyosiy va etnik mojarolar domida qolib ketishi tayin emish.

Shuni ta’kidlash joizki, Qudratilla Rafiqov G‘arb siyosatshunoslarining mazkur asarlariga ilmiy asoslangan baho tarzidagi o‘z qat’iy, asosli va xolis munosabatini bildirganidan mamnunmiz. Ayniqsa, o‘zbek siyosatshunosining “men janob Z.Bjezinskiyning bashoratlari oqlanmadi, deb bemalol ayta olaman”, degan dadil fikri har qancha e’tirofga arziydi.

Xo‘sh, janob Bjezinskiyning bashoratlari nega puch bo‘lib chiqdi? Chunki mintaqamizdagi mamlakatlar ichki barqarorlik va tinchlik-osoyishtalikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Shuningdek, mintaqa davlatlari ko‘p vektorli tashqi siyosat olib bormoqda.

Bunday oqilona yondashuv, bir tomondan, bugungi murakkab va tez o‘zgarayotgan dunyoda mintaqamizda istiqomat qilayotgan har bir inson va barcha xalqlarning farovonligini ta’minlamoqda. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo davlatlarining ikki tomonlama, mintaqaviy va xalqaro darajalardagi o‘zaro yaqin hamkorligi mintaqamiz tinchligi, barqarorligi hamda taraqqiyotiga xizmat qilmoqda.

Shu o‘rinda bir amaliy taklif: bundan bir necha yillar oldin YUNESKO tomonidan nashr etilgan 6 jildli “Markaziy Osiyo tamaddunlari tarixi” kitobi hududimizning boy tamaddunlari tarixini o‘rganishga bag‘ishlangan. Uni tayyorlashda o‘zbek olimlari ishtirok etgan.

Prezidentimiz mazkur kitoblar turkumini o‘zbek tiliga tarjima qilish tashabbusini ilgari surgandilar. Mas’ul tashkilotlar ushbu 6 jildlikni tarjima qilish va nashr etishni endi ortga surmasliklari kerak, deb hisoblaymiz.

“Yangi O‘zbekiston” asoschisi, me’mori va bunyodkori

 

Jurnalistning “Jamiyatda va ijtimoiy-siyosiy hayotda ajabtovur epitet – “Yangi O‘zbekiston” kalimasining paydo bo‘lishiga sabab nima?”, degan savoliga Qudratilla Rafiqov batafsil to‘xtalib:

birinchidan, tarixiy faktlarga asoslangan holda;

ikkinchidan, ilmiy yondashuv negizida;

uchinchidan, 30-yillik tarixiy jarayonlarning bevosita ishtirokchisi sifatida xolis hamda munosib javob qaytargan.

Bu javobning o‘q ildizini “Yangi O‘zbekiston” va uning asoschisi, me’mori hamda bunyodkori – Prezident Shavkat Mirziyoyev, degan haqqoniy xulosa tashkil etadi. Binobarin, ushbu atama aynan Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston rahbari sifatida faoliyat boshlagan davrdan e’tiboran kun tartibiga chiqdi.

Sodda qilib aytganda, “Yangi O‘zbekiston” – bu mamlakatni yangilash va isloh etish konsepsiyasidir. Bunda iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash, demokratlashtirish va  fuqarolarning turmush darajasini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyat tepasiga kelganida – O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda vaziyat qanday edi?

O‘zbekistonning yangi Prezidentiga qanday meros qoldi?

Yangi rahbarning ichki va tashqi siyosatga doir ilk qadamlari qanday bo‘ldi?

O‘tgan sakkiz yillik siyosati tufayli Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda qanday natijalarga erishdi?

Qudratilla Rafiqov shu kabi taqdirulamal savollarga javob berar ekan, tarixiy-qiyosiy uslubga murojaat qilgan holda, Yangi O‘zbekistonni ichki va tashqi dunyoga tanitgan o‘ziga xos bir qator yutuqlarni e’tirof etgani juda muhim. Asosiysi, o‘zbek siyosatshunosi xorijiy jurnalistning “Yangi O‘zbekiston” atamasi qayerdan paydo bo‘ldi, degan mazmundagi savoliga shunday javob qilgan:

“Darhaqiqat, bunga ham ma’naviy, ham siyosiy nuqtayi nazardan ehtiyoj bor edi. Chunki odamlar ham, davlat ham endi bu yo‘sin yashab bo‘lmasligini teran anglayotgandi. Yangi O‘zbekiston sifatlovchisi esa shu yo‘lda safarbarlik yoki istiqboldagi yangilanishlarga da’vat – ishoradek kun tartibiga chiqdi”.

 

Qudratilla Rafiqovning siyosiy publitsistikasi haqida

ikki og‘iz so‘z

 

Rostini aytsam, shu vaqtgacha bunday ta’sirchan, qamrovdor va haqqoniy intervyuni o‘qimagan edim. Suhbatda taniqli siyosatshunos, senator, jamoat arbobi Qudratilla Rafiqovning yuksak siyosiy salohiyati, xususan, Yangi O‘zbekistonning davlat va jamiyat qurilishi sohasi bilan bog‘liq o‘zgarishlardan to‘la xabardorligi yaqqol namoyon bo‘lgan.

Bu bejiz emas. Chunki Qudratilla aka so‘nggi 8-yilda O‘zbekiston, Markaziy Osiyo mintaqasi, MDH makoni va butun jahon sahnida yuz berayotgan eng muhim voqea-hodisalardan nafaqat xabardor bo‘lib, ayni vaqtda ana shu voqeliklarga o‘z munosabatini bildirib kelmoqda.

Muhimi, hassos o‘zbek siyosatshunosi ta’biri bilan aytganda, ushbu izchil va ko‘lamdor yangilanishlar asnosida Inson va Qadr, Istiqlol va Vatan kabi o‘zak tushunchalarning asl mohiyatini qaytadan angladik. Yanada muhimi, “Yangi O‘zbekiston”, “Uchinchi Renessans”, “Xalqparvar davlat”, “Adolatli jamiyat” degan istilohlar nafaqat ong-shuurimizdan, balki hayotimizdan chuqur joy ola boshladi.

Buning tasdig‘i sifatida, avvalo, Qudratilla Rafiqovning qalamiga mansub “Ilk va so‘nggi so‘zimiz: Vatan”[1], “Vatan va millat qayg‘usi”[2], “Mening Prezidentim!”[3] nomli kitoblarini tilga olish o‘rinli, deb hisoblayman. Kamina ushbu kitoblar tahlili va taliqiniga bag‘ishlangan “Yangi O‘zbekiston simfoniyasi”[4] risolasini nashr ettirgan bo‘lib, ayni nashrning dastlabki sahifalarida mana bunday satrlar qayd etilgan:

“Millat Sardori ilgari surgan ushbu yangi hamda millatimiz, xalqimiz va Vatanimiz istiqboliga bevosita daxldor tushunchalarning amaliy mohiyatini ochib berishda yurtimiz ishchi-xizmatchilari – mehnatda erishayotgan samaralari, muallimlar – sifatli saboqlari, olimlar – ilmiy natijalari, shoiru yozuvchilar – yoniq asarlari, siyosatchilar – da’vatkor g‘oyalari bilan salmoqli hissa qo‘shmoqdalar.

Bu qizg‘in jarayonda taniqli siyosatshunos, davlat va jamoat arbobi, sentor, qisqacha aytganda, millatni ulg‘aytirayotgan bedor insonlardan biri Qudratilla Rafiqovning amaliy va publitsistik faoliyati alohida e’tiborga sazovor”.

Keyingi davrda Qudratilla akaning siyosiy ijod bilan bog‘liq faoliyatida yangi marralar zabt etildi. Bu o‘rinda o‘zbek siyosatshunosining 2023-yilda nashrdan chiqqan “Millatparvar”[5] nomli navbatdagi kitobi haqida so‘z bormoqda. Ushbu kitoblarning ayrimlari hatto xorijiy mamlakatlar tillarida, masalan, Bokuda ozar tilida ham nashr etildi.

Bu kitoblar turkumi, ta’bir joiz bo‘lsa, muallifning ma’naviyat jamlangan oltin sandiqlari nafaqat millatimiz ziyo ahli, balki jahon afkor ommasining ham e’tiboriga tushganligi bejiz ems. Chunki siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning kitoblarida keyingi sakkiz yil davomida butun dunyo bemisl qiziqish va havas bilan kuzatayotgan Yangi O‘zbekistondagi yuksalish odimlari hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning xalqimizga, millatimizga ko‘rsatayotgan mislsiz mehribonliklari va g‘amxo‘rliklari, eng muhimi, ishonchli Liderlik salohiyati hayotiy dalillar va aniq misollar asosida talqin etilgan.

Eng muhimi, Qudratilla Rafiqov o‘z nuqtayi nazarini kitob va gazetalardagi hammaga ma’lum hamda bir qadar rasmiy axborotlarga tayanib emas, balki yaqin va uzoq o‘tmishni teran tahlil etish asnosida bayon qiladi. Tarixiy jarayonlarga ochiq ko‘z bilan qarab, ilmiy-publitsistik nuqtayi nazardan tiyrak yondashadi.

Qudratilla Rafiqov siyosiy publitsistikasining o‘ziga xos xususiyati shundaki, avvalo, u tushunarli va sodda tilda yozadi. Shu bilan birga, ilmiylik, tarixiylik, kuchli mantiqiy asoslanganlik, mavzuga oid tarixiy va ilmiy manbalardan xabardorlik fazilatlari ham Qudratilla akaning ijodiy uslubiga “uzukka ko‘zdek” yarashiqli jihatlardir.

 

Akmal SAIDOV,

akademik

«Ishonch» gazetasining 2024-yil 30-noyabr kungi 147 (5055)-soni

Ishonch.uz

[1] Qudratilla Rafiqov. Ilk va so‘nggi so‘zimiz: Vatan. – Toshkent, 2020.

[2] Qudratilla Rafiqov. Vatan va millat qayg‘usi. – Toshkent, 2021.

[3] Qudratilla Rafiqov. Mening Prezidentim!.– Toshkent, 2021.

[4] Akmal Saidov. Yangi O‘zbekiston simfoniyasi. – Toshkent: Inson  huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy  markazi, 2022.

[5] Qudratilla Rafiqov. Millatparvar. – Toshkent: “Akademnashr”, 2023.

Powered by GSpeech