"Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!"
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida to‘la o‘z aksini topgan. Keyingi davrda mamlakatimizda so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish, jurnalist va blogerlarning erkin faoliyat yuritishi uchun huquqiy asoslar yanada kuchaytirildi.
Xususan, xalqimiz 2023-yil 30-aprel kuni referendumda ovoz bergan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada uchta yo‘nalishda:
birinchidan, axborotni izlash, olish va tarqatish erkinligini kengaytirish;
ikkinchidan, ommaviy axborot vositalari erkinligini yanada mustahkamlash;
uchinchidan, ommaviy axborot vositalariga fuqarolik jamiyatining asosiy institutlaridan biri sifatida konstitutsiyaviy maqom taqdim etilishi timsolida so‘z erkinligi har tomonlama kafolatlandi.
Endilikda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 33-moddasiga muvofiq:
“Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega.
Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega.
Davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqni cheklashga faqat qonunga muvofiq hamda faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash, shuningdek davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir oshkor etilishining oldini olish maqsadida zarur bo‘lgan doirada yo‘l qo‘yiladi”.
E’tibor bering: yangi normalar bilan har bir shaxsning Internet jahon axborot tarmog‘iga kirish va undan erkin foydalanish huquqi e’tirof etildi. Mazkur huquqning ta’minlanishi uchun bevosita davlatning o‘zi shart-sharoitlar yaratishi aniq belgilandi.
Binobarin, Internet nafaqat aloqa vositasi, balki virtual muhitga ham aylanib borayotgan, ko‘plab tushuncha va xizmatlar “real” zamindan jadal tarzda “virtual” hayotga ko‘chayotgan bugungi davr ayni shunday ilg‘or yondashuvni taqozo etmoqda. Hozirgi kunda Internetni taqiqlash va cheklash nafaqat noto‘g‘ri, balki mantiqsiz ham ekanini isbotlab o‘tirishga hojat qolmadi.
Nega deganda, bugun odamlar ishini, o‘qishini, hobbilarini, turli tovar va xizmatlar logistikasini, qolaversa, davlat xizmatlarini ham Internetga ko‘chiryapti. Bu, o‘z navbatida, Konstitutsiya va qonunlarni zamonga hamnafas tarzda o‘zgartirishni talab qilmoqda.
Internetdan erkin foydalanish huquqi insonning so‘z erkinligi huquqi doirasiga kiradi. Ushbu huquq, davlat chegaralaridan qat’i nazar, turli axborot va g‘oyalarni qidirish, olish va tarqatish erkinligini o‘zida qamraydi.
Shunday ekan, axborotni, jumladan Internet orqali izlash, olish va tarqatish erkinligini istifoda etuvchi insonlar zimmasiga huquqlar bilan bir qatorda majburiyat va mas’uliyat ham yuklanib, qonunga muvofiq ravishda ayrim cheklovlar o‘rnatilishi tabiiy holdir. Shu ma’noda, 33-moddaning oxirgi bandidagi normalar barchamizni ijtimoiy mas’uliyatni anglashga, oqni qoradan, haqiqatni uydirmadan, dalilni bo‘htondan ajratishga da’vat etadi.
Haqiqatan ham, biz yashayotgan I asrda insonning fikr va so‘z erkinligi, har qanday axborotni izlash, olish va tarqatish singari huquqlari qanday amalga oshirilishi uning axborot resurslari, kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, Internetdan qanchalik erkin foydalanishiga bevosita bog‘liq.
Shu nuqtayi nazardan, bugungi “raqamlashtirish” zamonida demokratik huquqiy davlat va adolatli ochiq jamiyat barpo etayotgan aksariyat davlatlar qatori O‘zbekiston ham o‘z Konstitutsiyasida fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligiga oid yangi normalarni mustahkamlagani, bir tomondan, fuqarolarimizning bu boradagi huquqlari va erkinliklari amalga oshishiga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, har bir insonning himoyasi va xavfsizligini ta’minlash uchun muhim ahamiyatga ega.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 69-moddasi birinchi qismida fuqarolik jamiyati institutlarining tushunchasi va tizimi quyidagi norma bilan ochib berilgan:
“Fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etadi”.
Boshqacha aytganda, ommaviy axborot vositalariga fuqarolik jamiyatining asosiy institutlaridan biri sifatida konstitutsiyaviy maqom berildi. Shu orqali so‘z erkinligi konstitutsiyaviy asosda yana bir bor kafolatlanmoqda.
Bu haqda fikr yuritganda, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining jamoatchilik nazoratini amalga oshirish borasidagi o‘rni va ahamiyatini qonunchilik negizida kuchaytirishga izchil e’tibor qaratilayotganini ta’kidlash lozim. Chunki, Prezidentimiz qayd etganidek, ommaviy axborot vositalari aholining talab va ehtiyojlarini hokimiyat idoralariga yetkazishning muhim va ta’sirchan vositasiga, xalqning eng yaqin ko‘makchisi va hamdardiga, demokratiya ko‘zgusiga aylanishi zarur.
Eng muhimi, endilikda Konstitutsiyada ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyati instituti maqomida e’tirof etildi. Bu ilg‘or konstitutsiyaviy-huquqiy asos:
bir tarafdan, jamoatchilik nazoratining yanada haqqoniy, xolis va adolatli tashkil etilishiga munosib hissa qo‘shsa;
boshqa tarafdan, jamoatchilik nazorati asnosida aniqlanadigan qonunbuzarliklar va kamchiliklarga taalluqli ma’lumotlarning asossiz ravishda panada olib qolinishi yoki xaspo‘shlanishiga yo‘l qo‘ymaydi, ya’ni oshkorlik tom ma’noda ta’minlanadi.
Konstitutsiyamizga ilk marotaba fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritilgani va ular faoliyati kafolatlarining belgilangani jamiyatda ochiqlik, oshkoralik va qonuniylik muhitini, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda kuchli jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam zamin hozirlaydi. Bu tom ma’noda juda muhim yangiliklardandir.
Shu tariqa yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari yanada faol bo‘lishi uchun keng imkoniyat va kuchli himoya taqdim etildi. Ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari qat’iy kafolatlandi.
Shuningdek, ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilandi.
Konstitutsiyaning “Ommaviy axborot vositalari” deb nomlangan XV bobidagi ikkita moddada ommaviy axborot vositalari faoliyati erkinligi davlat tomonidan kafolatlangan. Xususan, 81-moddaga ko‘ra:
“Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ish olib boradilar.
Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi.
Ommaviy axborot vositalari o‘zi taqdim etadigan axborotning ishonchliligi uchun javobgardir”.
Ayni shu konstitutsiyaviy normalardan ko‘langan maqsad ommaviy axborot vositalari uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratishga, davlat va jamiyat o‘rtasida amaliy muloqotni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan konstitutsiyaviy asoslarni shakllantirishdir. Shunga o‘xshash normalar Slovakiya, Ispaniya, Janubiy Koreya kabi bir qator mamlakatlarning Konstitutsiyalarida mavjud.
O‘z navbatida, yangilanayotgan Konstitutsiyaning 82-moddasida ushbu normalar mustahkamlangan:
“Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi”.
Shunday qilib, senzuraning taqiqlanishiga oid norma Konstitutsiyada oldin ham bor edi. Ayni chog‘da, keyingi norma muhim yangilik bo‘lib, ommaviy axborot vositalarining samarali faoliyat yuritishi uchun ta’sirchan huquqiy asos vazifasini o‘tashi tayin.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 01.12.2024
- Ko'rishlar: 436
- Chop etish