Milliy markazning 2024 yilgi sarhisobi: Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqish monitoringi natijalari

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 40-moddasi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun talablari va O‘zbekiston Prezidentining 2018-yil 10-dekabrdagi qarori bilan berilgan vakolatlar doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash yo‘lga qo‘yilgan.

Tahlillarga ko‘ra, 2024-yilda Markazga 1 ming 455 ta murojaat kelib tushgan. 2023-yilda kelib tushgan murojaatlar soni esa 1 ming 430 tani tashkil etgan.

O‘tgan yil davomida Markaz qabulxonasida jami 600 nafardan ortiq fuqaro qabul qilindi. Shundan 506 nafar fuqaroning yozma murojaatlari ish yuritishga qabul qilinib, yana 100 nafarga yaqin fuqaroga huquqiy tushuntirish va maslahatlar berilgan.

Shuningdek, 1 ming 211 ta murojaat taalluqliligi bo‘yicha tegishli idoralarga ko‘rib chiqish uchun yuborilgan, shundan 203 ta murojaatlar bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan. Murojaatlarning 41 tasi anonim murojaatlar hisoblanganligi sababli “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun 3,6 va 29-moddalariga binoan ko‘rmasdan qoldirilgan.

Ko‘rib chiqilgan murojaatlarning:

· 506 tasi (35,8%) fuqarolardan to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul jarayonida;

· 908 tasi (64,2%) aloqa vositalari (asosan pochta aloqa tarmog‘i orqali);

· 47 ta murojaat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Virtual qabulxonalari orqali;

· 239 ta murojaat  Milliy markazning Virtual qabulxonasi orqali kelib tushgan.

Murojaat mualliflarining jinsi bo‘yicha tahlilga ko‘ra, ular 690 nafar (65,7%) erkak va 657 nafar (46,4%) ayol tomonidan yuborilgan, 67 tasi (0,04%) jamoaviy kelib tushgan. Murojaatlarning 1 ming 210 tasi (85,5%) ariza, 199 tasi (14%) shikoyat va 5 tasi (0,03%) takliflardir.

Hududlar kesimida taqqoslanganda, eng ko‘p murojaatlar Toshkent shahri, Qashqadaryo, Toshkent, Samarqand, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlarida yashovchi fuqarolardan kelib tushganligini ko‘rish mumkin. Aksincha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Xorazm, Sirdaryo, Jizzax va Andijon viloyatlari aholisidan kelib tushgan murojaatlar soni kamaygan.  Ya’ni, murojaatlarning:

·       419 tasi (28,8%)  Toshkent shahri;

·       244 tasi (16,7%)  Qashqadaryo ;

·       241 tasi (16,5%) Toshkent;

·       84 tasi (0,06%) Samarqand ;

·       72 tasi (0,05%) Farg‘ona va 

·       65 tasi yoki 0,04% Surxondaryo viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi.

Murojaatlarning 686 tasi (48,5%) ijtimoiy-iqtisodiy, 563 tasi (39,8%) shaxsiy, 145 tasi (10%) siyosiy huquqlarga va 20 tasi madaniy huquqlarga oid murojaatlardir. Shuningdek, murojaatlarning:

· 237 tasi – fuqarolarning odil sudlovga oid huquqlariga taalluqli;

· 129 tasi – surishtiruv va dastlabki tergov organlarining mansabdor shaxslari xatti-harakatlaridan, shuningdek, qarorlaridan norozilik;

· 169 tasi – mahalliy davlat hokimiyati idoralari qarorlaridan bilan bog‘liq;

· 297 tasi – boshqa davlat idoralari, muassasalari va tashkilotlarining qarorlari hamda mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari bilan bog‘liq;

· 88 tasi – munosib turmush kechirishga doir;

· 135 tasi – davlat organlariga murojaat qilish bilan bog‘liq;

· 224 tasi – shaxsiy mulk huquqlariga doir;

· 57 tasi – sud qarorlari ijrosi bilan bog‘liq murojaatlardir.

Monitoring natijasida, o‘tgan yillardagi kabi, tahlil qilinayotgan davrda kelib tushgan murojaatlarning aksariyati odil sudlovni amalga oshirish, sud qarorlaridan, dastlabki tergov harakatlari hamda ularni olib borgan mas’ul shaxslarning, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati idoralarining qarorlaridan norozilik, yer ajratish, shaxsiy mulkka va uy-joyga bo‘lgan huquqlarga doir murojaatlar ko‘p kelib tushganligi ma’lum bo‘ldi.

Milliy markaz tomonidan turli davlat idoralari va huquqni muhofaza qilish organlariga 2024-yil davomida yuborilgan 420 dan ortiq tavsiyaning ko‘rib chiqilishi natijasida:

-         85 ta murojaat qanoatlantirildi, ya’ni fuqarolarning huquqlari tiklandi va qonuniy huquq va manfaatlarining ro‘yobga chiqarilishida amaliy yordam berildi;

-         203 ta holatda fuqarolarga qonunchilik hujjatlari talablari bo‘yicha tegishli huquqiy tushuntirishlar berildi.

Sudlarda inson huquq va erkinliklari ta’minlanishini kuzatish maqsadida jami 14 ta sud jarayonida Markaz vakili ishtirok etdi.

Bundan tashqari, 2024-yil davomida telefon qo‘ng‘iroqlari orqali murojaat qilgan 3 ming 650 nafardan ortiq fuqaroga huquqiy maslahatlar berildi.

Milliy markazga og‘zaki huquqiy maslahat so‘rab murojaat qiluvchilar soni yildan yilga ortib bormoqda. Shu munosabat bilan fuqarolarga “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun mazmun-mohiyatini tushuntirish borasida Toshkent viloyati, Ohangaron tumanida uchrashuv va ochiq muloqotlar o‘tkazildi.

E’tiborli tomoni shundaki, bir insonning buzilgan huquqini tiklash uchun bir necha yillar talab etilmoqda. Ya’ni, Milliy markaz tomonidan ko‘rib chiqilgan ayrim murojaatlar bo‘yicha unda ko‘tarilgan masalani qonuniy hal qilish vakolatiga ega bo‘lgan davlat organiga kiritilgan tavsiya va xulosalar yuzasidan bir necha yillardan so‘ng ijobiy qarorlar qabul qilinmoqda.

Milliy markaz kiritgan tavsiyalarga binoan fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari ham tiklanmoqda. Bu jarayonda murojaat egalariga moddiy zarar undirib berilishi ta’minlangan holatlar anchagina. Xususan:

· fuqaro F.X.ga – “Toza hudud” DUKdan jami 3.034.955 so‘m miqdoridagi ish haqi;

· fuqaro B.U.ga – qarzdor M.B.dan 2,9 mln. so‘m aliment puli;

· pensioner S.M.ga 1,2 mln. so‘m pensiya puli;

· fuqaro X.B.ga – qarzdor Olmaliq shahar hokimligi hisobidan 744,5 mln so‘m kompensatsiya pullari;

· fuqaro I.N.ga – qarzdor A.J.dan 2 mln so‘m aliment puli undirib berilgan.

         Milliy markaz tavsiyasi asosida huquqi tiklangan hamda huquqlari ro‘yobga chiqarilgan fuqarolardan minnatdorchilik xatlari kelib tushmoqda. Masalan, Markaz tomonidan Toshkent viloyat hokimligiga kiritilgan tavsiyaga muvofiq, Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi A.A.ga 1 xonali uy ajratilganligi uchun fuqaro Markaz rahbariyatiga o‘z “Minnatdorchilik xati”ni yuborgan.

Shuningdek, Sirdaryo viloyatida yashovchi fuqaro S.X.ning murojaati o‘rganib chiqilib, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markaziga kiritilgan tavsiya xatiga binoan, S.X. o‘z lavozimiga tiklangan.

         Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Muhimi, mamlakatimizda odil sudlov O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Fuqarolik-protsessual, Jinoyat-protsessual, Iqtisodiy-protsessual, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslar va “Sudlar to‘g‘risida”gi qonun talablariga binoan faqat sudlar tomonidan amalga oshiriladi, ularning faoliyatiga aralashish taqiqlanadi. Shuningdek, tergov va surishtiruv organlarining faoliyati yuqori turuvchi organ hamda prokurorlar tomonidan nazorat qilinishi Jinoyat-protsessual kodeksi va “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunda mustahkamlab qo‘yilgan.

Konstitutsiyaning 54-moddasida insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadidir, deb belgilangan. Sud organlari ana shu maqsadni ro‘yobga chiqarishda asosiy vazifani o‘taydi va buzilgan huquqlarni tiklashni kafolatlaydi.

Konstitutsiyaning 55-moddasida “har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi” deyilgan. Shuningdek, Konstitutsiyada “har kimga buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun uning ishi qonunda belgilangan muddatlarda vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan ko‘rib chiqilishi huquqi kafolatlanadi. Har kim O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqli”, deb belgilangan.

Konstitutsiyaning 133-moddasiga “Fuqarolar va yuridik shaxslar, agar sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, sudda ko‘rib chiqilishi tugallangan muayyan ishda sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi shikoyat bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilishga haqli” degan yangi norma kiritilgan. Bu ham, shubhasiz, sudda jismoniy va yuridik shaxslar o‘z huquqlarini himoya qilishlarida yana bir muhim imkoniyat yaratdi.

Endilikda fuqarolar va yuridik shaxslar sudda himoyalanishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib bo‘lgach, bevosita Konstitutsiyaviy sudga unga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risida shikoyat qilishga haqli. 

 Chunki “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunga ko‘ra, Konstitutsiyaviy sudning asosiy vakolatlaridan biri qonunlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash, Konstitutsiya va qonunlari normalariga sharh berish hisoblanadi. Ya’ni, bu holatda Konstitutsiyaviy sud aniq bir inson yoki yuridik shaxsning vajlarini inobatga olgan holda tegishli qonun normasining Konstitutsiyaga muvofiqligiga baho berishi lozim bo‘ladi.

Shuningdek, 2021-yil 28-aprelda qonuniy kuchga kirgan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaviy qonunga ko‘ra, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi ham Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilishga haqlidir. Milliy markazga berilgan ushbu vakolatlar doirasida 2024-yil 19-iyun kuni fuqaro K.E.ning murojaatini o‘rganib chiqish natijasiga ko‘ra “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 86-moddasi birinchi qismiga rasmiy sharh berish to‘g‘risida murojaat kiritildi.

Konstitutsiyaviy sudning tegishli qarori bilan ayni murojaat qanoatlantirildi. Shu negizda Konstitutsiyaviy sud tomonidan qonunchilik normasiga sharh berish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.

Xulosa qilib aytganda, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi qonunchilik hujjatlarida belgilab berilgan vakolatlari doirasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish orqali ularning huquqlari va manfaatlari buzilishining oldini olishda muntazam asosda amaliy yordam ko‘rsatib kelmoqda.

 

 

Otabek Norboyev,

Milliy markazning Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i

Powered by GSpeech