22-yanvar kuni Toshkent shahridagi Inson huquqlari uyida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlarining 33-yilligiga bag‘ishlangan huquqiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. U Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tashkil etildi.
Uchrashuvda qariyb 30 nafar ishtirokchi qatnashdi. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari Akademiyasi vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi “Vatan tayanchi – Opora Rodini” otryadi, O‘zbekiston “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi hamda «Vmeste mi – sila!» volontyorlik jamiyati a’zolari, Ohangaron shahrida joylashgan 9-son maxsus harbiylashtirilgan maktab o‘quvchi-yoshlari shular jumlasidandir.
Milliy markazning ta’lim va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i F.Hayitboyev tadbirni ochib, mehmonlarni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganligining 33-yilligi va yaqinda nishonlangan Vatan himoyachilari kuni bayrami bilan tabrikladi. Ushbu muloqot yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlari samaradorligini oshirish uchun muayyan hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.
Milliy markaz xodimlari N.Sultonov, A.Nabiyev, X.Xolmamatov ishtirokchilarga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining faoliyati va vazifalari xususida atroflicha ma’lumot berdi. Shuningdek, mutaxassislar sohaga taalluqli ko‘plab savollarga batafsil javob qaytardilar.
Milliy markazning axborot-multimedia bo‘limi boshlig‘i H.Mo‘minov ishtirokchilarni yaqinda ish boshlagan Inson huquqlari uyi faoliyati bilan tanishtirdi. Ushbu ma’rifat maskanida yaratilgan shart-sharoitlarga to‘xtalib, kitob fondidagi nodir adabiyotlar, ilmiy-amaliy nashrlar, mamlakatimizda va xalqaro darajada chop etilgan inson huquqlariga oid eng muhim hujjatlar hamda huquqiy adabiyotlar haqida so‘z yuritdi.
Tadbir davomida Ichki ishlar vazirligi faxriysi, “Veteran” birlashmasi raisining maslahatchisi B.Zuxurov, Mudofaa vazirligi huzuridagi “Vatan tayanchi – Opora Rodini” harakati rahbari, podpolkovnik A.Nurulloyev, Qurolli kuchlar akademiyasining dotsenti J.Saidmusayev hamda katta o‘qituvchisi U.Shukurov so‘zga chiqdi.
Ko‘tarinki ruhda va yuqori saviyada o‘tgan uchrashuvda davlat tashkilotlari bilan fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirish muhimligiga e’tibor qaratildi. Ayniqsa, yoshlar ongiga vatanparvarlik, mardlik tuyg‘ularini singdirish borasidagi huquqiy-ma’rifiy ishlarni kengaytirish yo‘lida doimiy hamkorlikda faol ish olib borishga kelishib olindi.
Muloqot yakunida ishtirokchilarga Milliy markaz tomonidan inson huquqlariga oid turkum kitoblar tuhfa qilindi.
O‘z navbatida, Inson huquqlari uyiga mehmonlar nomidan “Vatan tayanchi – Opora Rodini” otryadining esdalik sovg‘asi taqdim etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 23.01.2025
- Ko'rishlar: 556
- Chop etish