Kitoblar – inson huquqlari sohasidagi ta’lim rivoji uchun

23-yanvar kuni poytaxtimizdagi Inson huquqlari uyida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan nashr etilgan inson huquqlariga oid adabiyotlarni O‘zbekiston Respublikasi  Huquqni muhofaza qilish akademiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Davlat va huquq institutiga taqdim etish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-fevralda qabul qilingan “Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etildi. Unda Milliy markaz, shuningdek, Davlat va huquq instituti mas’ul xodimlari va doktorantlari hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi kursantlari ishtirok etdi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov tadbirni ochar ekan, inson huquqlari sohasidagi ta’limni rivojlantirish holati va istiqbollariga e’tiborni qaratdi. Bunda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi, Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi, “O‘zbekiston–2030” strategiyasi, Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya, 2020-2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash Milliy dasturi kabi hujjatlar muhim ahamiyatga egaligi ta’kidlandi.

Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz ana shu dasturiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda bir qator davlat organlari va xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari va ilmiy-ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlikda ish olib bormoqda. Bu hamkorlar safida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bilan Davlat va huquq instituti alohida o‘rin tutadi.

Tadbirda Milliy markaz tomonidan Huquqni muhofaza qilish akademiyasi hamda Davlat va huquq institutiga jami 400 dan ortiq huquqiy adabiyot, darslik va qo‘llanmalar beg‘araz taqdim etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori Murodjon Turg‘unov hamda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari Muzaffarjon Mamasiddiqov e’tirof etganlaridek, tuhfa qilingan kitoblar har ikki muassasa kutubxonalari fondini inson huquqlari sohasiga oid adabiyotlar bilan boyitishga xizmat qiladi.

Bu, o‘z navbatida,  jamiyatimizda huquqiy savodxonlikni oshirish va inson huquqlari bo‘yicha madaniyatni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shadi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Powered by GSpeech