GULAG qamoqxonalari tarixi  va o‘zbekistonlik mahbuslar taqdiriga bir nazar

1960-yil 25-yanvar – sobiq SSSRda GULAG yopilgan kun

 

“O‘ylaymanki, tarixda ikki buyuk Renessansga zamin bo‘lgan mintaqamizda uchinchi Renessansni aynan jadid ajdodlarimiz amalga oshirishlari mumkin edi. Afsuski, mustabid tuzum ularning ezgu g‘oya va amaliy harakatlarini to‘la ro‘yobga chiqarishga imkon bermadi”[1]. Ushbu fikrlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 6-mart kuni jadidlar merosini o‘rganishga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro konferensiya ishtirokchilariga murojaatidan keltirildi.

Keyingi vaqtda Internetda sobiq Ittifoq tarkibida bo‘lgan xalqlar va millatlarga nisbatan go‘yo o‘sha davrda hech qanday tazyiq, zulm hamda qatag‘onlar o‘tkazilmagani, go‘yoki sovetlar mustamlakasi o‘ta insonparvar tuzum bo‘lganligi haqidagi “cho‘pchak”lar tez-tez tarqatilmoqda. Vaholanki, sobiq SSSRni Stalin boshqargan 1922-1953-yillar oralig‘ida NKVD tomonidan millionlab insonlar nohaq qatag‘on qilingani, qamoqqa tiqilgani va o‘ldirib yuborilgani bugun ko‘pchilikka sir emas.

O‘z davrida sobiq SSSRning rahbari bo‘lgan Nikita Xrushchyov qayd etgan ma’lumotga qaraganda, 1937-1953-yillarda qatag‘on qilingan 17 milliondan ortiq, boshqa bir manba – Enn Epplbaumning “GULAG” nomli kitobiga[2] ko‘ra esa o‘sha davrda 28 million 700 mingdan ziyod mahbusning barchasi GULAG tizimidagi qamoqxonalar va axloq tuzatish- mehnat lagerlarida og‘ir sharoitda saqlangan va ishlatilgan.

Shu ma’noda, GULAG o‘sha totalitar tizimning shafqatsiz va g‘ayriinsoniy qiyofasini o‘zida ifoda etgan qabohat ramzidir. Ayni tarixiy haqiqatni ta’kidlash asnosida, bu haqdagi xolis ma’lumotlarni imkon qadar keng va ochiq oshkor etib borish zarur, degan fikrdamiz.

GULAG nima degani o‘zi? GULAG – ruscha “Главное управление лагерей” atamasidagi so‘zlarning bosh harflaridan yasalgan qisqartma nom. Ushbu nom sobiq sovet mustamlakachiligi zamonida, 1939-59-yillarda  axloq tuzatish-mehnat lagerlari tizimiga rahbarlik qilgan NKVD, keyinchalik sobiq SSSR Ichki ishlar va Adliya vazirliklarining maxsus bo‘linmasi, ya’ni “Axloq tuzatish-mehnat lagerlari, mehnat posyolkalari va qamoqxonalar bosh boshqarmasi”ni anglatadi.

Atoqli rus yozuvchisi Aleksandr Soljenitsin bu haqdagi salmoqli kitobini “GULAG orollari” (“Arxipelag GULAG”) deb nomlagani bejiz emas. Chunki GULAG maxsus boshqarmalari sobiq SSSRning Qarag‘anda, Dalstroy, Solovki, Belomor-Boltiq, Vorkuta, Norilsk kabi juda ko‘plab hududlaridagi  axloq  tuzatish-mehnat  lagerlarini o‘zida birlashtirgani mazkur yo‘nalishda tom ma’nodagi sun’iy “arxipelag” vujudga keltirilganini tasdiqlaydi. 

O‘sha zamonda GULAG 53 ta qamoqxona boshqarmasini qamrab olgan bo‘lib, ana shu boshqarmalar tarkibida minglab qamoqxona va lagerlar, 425 ta manzil-koloniya, 2 mingdan ortiq maxsus komendatura bo‘lgan. GULAG qamoqxonalarida jami qancha mahbus saqlangani haqidagi arxiv ma’lumotlari oxirigacha oshkor etilmagan. Ba’zi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, GULAG lagerlarida bir paytning o‘zida 2,5-3 million nafargacha mahbus jazoni o‘tagan[3].

GULAG nima uchun tashkil etilgan? Manbalarda bu savolga javob sifatida, odatda, ikkita sabab ko‘rsatiladi.

Birinchi sabab: kollektivlashtirish davrida barcha baquvvat dehqonlar – xo‘jaligi baquvvat, mehnat qilishda baquvvat, e’tiqodda baquvvat va imoni mustahkam kishilar “quloq” deb atalgan va qatag‘on etilgan. Oqibatda juda ko‘plab odamlar qamalgani tufayli mamlakatda qamoqxonalar yetishmay qolganidan so‘ng qatag‘onlarda jazolanganlarni saqlash uchun qamoqxonalar va axloq  tuzatish-mehnat lagerlari qurila boshlangan. Shu tariqa 1930-yil 1-oktyabrda GULAG tashkil etilib, mamlakatdagi barcha qamoqxonalar uning tarkibiga o‘tkazilgan.

Ikkinchi sabab: GULAGning haqiqiy vazifasi odamlarni shafqatsiz ravishda o‘lim holatigacha ishlatib, ulardan qutulishdan iborat bo‘lgan, deydi ayni mavzuni chuqur o‘rgangan ayrim tadqiqotchilar. Sobiq SSSRda qurilgan aksariyat yirik inshootlarda mahbuslar tekin ishchi sifatida ishlatilgani ham buning o‘ziga xos isbotidir.

GULAG tizimidagi qanchadan-qancha axloq tuzatish-mehnat lagerlari shu nuqtayi nazardan muayyan turlarga, xususan,  qurilish lagerlari, o‘rmon-sanoat, hududiy ishlab chiqarish komplekslari, qishloq xo‘jalik va yordamchi lagerlarga bo‘lingan. Ularning aksariyatini qurilish lagerlari tashkil etgan.

Tegishli manzillardagi qurilishlar tamom bo‘lganidan keyin bu lagerlar tugatilib, mahbuslar boshqa obyektlarga ishga yo‘naltirilgan. Natijada GULAG mahbuslari mehnati evaziga, jumladan, Belomor-Boltiq va Volga-Don kanallari qazilgan, Baykal-Amur magistral temir yo‘lini qurishga kirishilgan.

Ikkinchi jahon urushi yillari GULAG mahbuslarining anchagina qismi, ya’ni 975 ming kishi harakatdagi armiyaga, qolganlari esa muhim mudofaa obyektlarini qurishga, o‘q-dorilar va boshqa mudofaa mahsulotlarini ishlab chiqarishga jalb etilgan. Urushdan keyingi yillarda GULAG mahbuslari vayron bo‘lgan obyektlarni tiklaganlar, magistral avtoyo‘llar qurganlar, atom sanoati korxonalari barpo etganlar va hokazo.

Rossiyadagi Komsomolsk, Dudinka, Vorkuta, Uxta, Inta, Pechora, Naxodka, Voljskiy va Dubna shaharlarini mahbuslar qurishgan, deydilar. Bunday qurilish maydonlarida ochlik, kasallik va mashaqqatli mehnat tufayli o‘lim haddan tashqari ko‘p bo‘lgan. Ammo, mahbuslarning asosan tekin ish kuchi evaziga amalga oshirilgan o‘sha qurilishlar “sovet xalqining sotsialistik mehnat musobaqasi evaziga qo‘lga kiritgan yutuqlari” deya taqdim etilgan.

GULAG lagerlarida jazoni o‘tash va mehnat qilish jarayonlarida juda og‘ir sharoit o‘rnatilgan, eng oddiy insoniy huquqlarga ham rioya etilmagan, ish rejimi  ozgina  buzilgani uchun qattiq jazo berilgan. Mahbuslarga 52 turdagi qiynoq qo‘llanilgan bo‘lib, A.Soljenitsin o‘z kitobida shularning 31 ta turiga atroflicha izoh bergan.

Qizig‘i shundaki, A.Soljenitsin maqola, kitob, xotira va xatlariga tayangan 227 nafar guvoh orasida bitta ham o‘zbekcha ism-familiyali inson uchramaydi. Shuningdek, GULAG haqida yana bir salmoqli asar muallifi hisoblanuvchi Enn Epplbaumning kitobi yakuniga ilova qilingan qamrovdor bibliografiya ro‘yxatida – memuar va adabiy-badiiy asarlar, e’lon qilinmagan xotira va yodnomalar, hujjatli, publitsistik va tadqiqot adabiyotlari, arxiv hujjatlari hamda intervyu bergan shaxslar nomlari orasida ham O‘zbekistonga bevosita taalluqli bironta manba mavjud emas.

Bu holni qanday izohlash mumkin? Fikrimizcha, avvalo, bunda A.Soljenitsin “GULAG orollari” (“Arxipelag GULAG”) nomli kitobini SSSRda chop etishga ruxsat bermasliklarini yaxshi bilgani uchun qo‘lyozmani yashirincha yo‘llar bilan xorijga jo‘natgani holatini hisobga olish o‘rinlidir. Mazkur asar ilk bor 1973-yili Parijda chop etilgani va oqibatda uning muallifi vatanidan xorijga badarg‘a qilingani uchun yozuvchi yanada ko‘plab manbalardan foydalanish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan. E’tibor bering: «GULAG orollari» asari sobiq SSSRda faqat 1990-yilga kelibgina kitob holida chop etilgan.

O‘z navbatida, Enn Epplbaum ayni mavzuga bag‘ishlangan kitobida GULAG lagerlari azob-uqubatini boshidan kechirgan ruslar va amerikaliklar, polyaklar va yahudiylar, kommunistlar va aksilkommunistlar xotiralariga keng o‘rin bergan. Biroq, ingliz tilli adiba GULAGning biron-bir o‘zbek mahkumi haqida hech narsa qayd etmagan. Ayni voqelik ham muallifning yurtimiz hududi, xalqimiz tarixi va millatimiz tilidan bir qadar uzoq bo‘lganligi bilan bog‘liq, deb taxmin qilamiz.

Bu omillar, albatta, “o‘zbeklar va o‘zbekistonliklar GULAG lagerlariga yuborilmagan ekan-da” degan yanglish xulosaga olib kelmasligi kerak. Zero, “Vikipediya” ma’lumotlariga ko‘ra, har qaysi yilning 1-yanvar holatiga muvofiq, GULAG lagerlarida:

  • 1939-yilda – 24 ming 499 nafar;  
  • 1940-yilda – 26 ming 888 nafar; 
  • 1942-yilda – 26 ming 978 nafar; 
  • 1943-yilda – 20 ming 129 nafar; 
  • 1944-yilda – 8 ming 380 nafar; 
  • 1945-yilda – 8 ming 426 nafar; 
  • 1946-yilda – 5 ming 570 nafar; 
  • 1947-yilda – 4 ming 777 nafar o‘zbek millatiga mansub mahbus jazoni o‘tagan va sovet qurilishlarida tekinga mehnat qilgan.

O‘z navbatida, 1951-yil 1-yanvar holati bo‘yicha – GULAG lagerlarida 30 ming 29 nafar o‘zbek millatiga mansub mahbus bo‘lgan. Qiyos uchun: xuddi shu davrda GULAGda saqlangan o‘zbeklarning soni rus, ukrain va belarus millati vakillari miqdoridan ancha oz bo‘lgani holda, latish, arman, qozoq, eston, ozarbayjon, gruzin, moldavan, qirg‘iz, tojik, turkman millatlariga mansub mahkumlar sonidan sezilarli darajada ko‘pchilikni tashkil etgan.

Shu mahbuslar orasida 1951-yilda nohaq qamalgan va Stalin vafotidan keyin oqlangan taniqli o‘zbek adibi Shukrullo ham bo‘lgan. Keyinchalik yozuvchi boshidan o‘tkazgan voqealar asosida yozgan «Kafansiz ko‘milganlar» asarida GULAGda sodir bo‘lgan aksariyat yovuzliklarni ochiq hikoya qilgan.

Yana bir o‘zbek adibi – O‘zbekiston Qahramoni Said Ahmad ham urushdan so‘ng, 1947-yilda nohaq qamalgan va bir necha yil davomida GULAGning eng dahshatli qamoqxonalaridan biri bo‘lgan Jezqazg‘an yaqinidagi lagerda jazo muddatini o‘tagan. U ham Stalin vafotidan keyin oqlangach, GULAG qamoqxonalari haqida bir qancha asarlar yozgan. Jumladan, adib “Qo‘rquv saltanati” nomli hikoyasida Jezqazg‘an qamoqxona lageridagi shafqatsiz holatlarni, ya’ni mahbuslar tortgan azob-uqubatlarni boricha tasvirlagan.

Shu o‘rinda 2023-yilda kaminaning qalamiga mansub “Ey, darvesh: zulmni yenggan mazlumlar qissasi” nomli kitob nashrdan chiqqani haqida muxtasar to‘xtalmoqchiman. Nega deganda, kitobda GULAG lagerlarida 10-yil jazo o‘tgan Mirza So‘fi bobom va 6-yillik muddatni oxirigacha yetkazib qaytgan otam Abdirayim Mirzayevning hayoti hamda sinovlarga to‘la taqdiri haqida so‘z borgan.

Bobom aksilinqilobiy faoliyatda aybdor deb topilgani va “xalq dushmani” deb e’lon qilingani hamda sovet hokimiyati uchun alohida xavfli jinoyatchi hisoblangani bois aynan qayerda jazoni o‘tagani haqida 75-yildan beri hech kim hech vaqo bilmaydi. Otam esa Volga-Don kanali qurilishida qatnashganidan xabardormiz, xolos.

Darvoqe, Volga-Don kanali qurilishida qatnashgan mahbuslar uchun sobiq SSSRning to‘rtta milliy tilida – tatar, turk, o‘zbek va qozoq tillarida gazetalar chop etilgan ekan[4]. Rahmatli padari buzrukvorimizdan o‘sha gazetalarni o‘qiganmi-yo‘qligini so‘rab qolish imkonini boy berganimga, afsuski, ancha vaqt bo‘ldi.

Asosiysi, bu dalil jadidlik harakatining ta’siri o‘sha vaqtlarda ham mavjud bo‘lganidan bir ajib payg‘omdir. Ya’ni, sovet qamoqxonalaridagi o‘zbek tilida chiqqan gazetalar – jadid bobolarimizning ma’rifatparvarlik g‘oyasi GULAG sarhadlarigacha kirib borganidan dalolat ekaniga ishongim keladi.

Alqissa, Stalin vafotidan so‘ng axloq tuzatish-mehnat lagerlaridagi mahbuslar soni ikki barobar qisqarib ketgach, 1953-yil mart oyida GULAG sobiq SSSR Adliya vazirligi ixtiyoriga o‘tkaziladi. Oradan bir yil o‘tib, 1954-yil yanvar oyida u yana sobiq SSSR Ichki ishlar vazirligiga qaytarib beriladi va nomi «IIVning qamoqxonalar bo‘limi» deb o‘zgartiriladi.

Keyinchalik, 1956-yilda GULAG “Axloq tuzatish mehnat koloniyalari bosh boshqarmasi”, 1959-yilda esa u yana «Qamoqxonalar bosh boshqarmasi» deb ataladi. Shukrki, 1960-yil 25-yanvarda GULAG atamasi barcha yovuzliklari bilan tarix qa’ridan joy oldi.

 

G‘ulom MIRZO

[1] Shavkat Mirziyoyev,O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti. Jadidlar merosini o‘rganishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya ishtirokchilariga// https://president.uz/uz/lists/view/6007.

[2] Эпплбаум, Энн. ГУЛАГ/ перевод с английского Л.Мотылева. – Москва: Издательство «ACT: CORPUS», 2023. – С. 576.

[3] Qarang: https://kun.uz/news/2023/05/13/mahbuslar-bajargan-ishlar-sovet-xalqiga-nisbat-berilgan-millionlab-insonlarning-songi-manzili-bolgan-gulagda-qancha-mahbus-saqlangan

[4] Qarang: Солженицын А. Архипелаг ГУЛАГ. – СПб.: «Aзбука, Азбука-Аттикус», 2022. – С. 57.

Powered by GSpeech