Prezidentimizning 2023 yil 7 fevraldagi “Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ijrosi izchil ta’minlanmoqda.
Qaror ijrosi doirasida Inson huquqlari uyida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan nashr etilgan inson huquqlariga oid adabiyotlarni Huquqni muhofaza qilish akademiyasi hamda Fanlar akademiyasining Davlat va huquq institutiga taqdim etish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning ochilishida markaz direktori, akademik A.Saidov inson huquqlari sohasidagi ta’limni rivojlantirish holati va istiqbollariga e’tibor qaratdi. Bunda, yangi tahrirdagi Konstitutsiya, Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi, “O‘zbekiston - 2030” strategiyasi, Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya, 2020 - 2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash Milliy dasturi kabi hujjatlar muhim ahamiyatga egaligi ta’kidlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz ana shu dasturiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda bir qator davlat organlari va xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari va ilmiy-ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlikda ish olib bormoqda.
Tadbirda Milliy markaz tomonidan Huquqni muhofaza qilish akademiyasi hamda Davlat va huquq institutiga jami 400 dan ortiq huquqiy adabiyot, darslik va qo‘llanmalar beg‘araz taqdim etildi.
Davlat va huquq instituti direktori M.Turg‘unov hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari M.Mamasiddiqov e’tirof etganidek, tuhfa qilingan kitoblar har ikki muassasa kutubxonalari fondini inson huquqlari sohasiga oid adabiyotlar bilan boyitdi.
Bu, o‘z navbatida, jamiyatimizda huquqiy savodxonlikni oshirish va inson huquqlari bo‘yicha madaniyatni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shadi.
N.Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 24.01.2025
- Ko'rishlar: 683
- Chop etish