Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston sud tizimidagi shiddatli islohotlar samaradorligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shib kelayotgan Ustoz Ubaydulla Mingboyev mohir huquqshunos, tajribali sudya va pokdil, fidoyi, yuksak ma’naviyatli hamda adolatparvar yoshi ulug‘ vatandoshimiz sifatida mamlakatimizning sud-huquq idoralarida qariyb 60-yildan buyon faol mehnat qilmoqda. Bu xizmatlari jamiyatimiz va davlatimiz tomonidan e’tirof etilib, Ubaydulla aka “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist” faxriy unvoni, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni, “Jasorat” medali bilan taqdirlangan va Ustozga Oliy malaka toifasi berilgan.
“Sudyaning ongida – adolat, tilida – haqiqat, dilida – poklik bo‘lishi kerak”. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat sud tizimi vakillari, o‘zbek sudyalari oldiga ana shunday haqqoniy talabni qo‘ydi. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 13-iyunda sudyalar bilan bo‘lib o‘tgan tarxiy uchrashuvida so‘zlagan nutqi zamirida sud tizimini fuqarolarimizning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qiladigan adolat qo‘rg‘oniga aylantirishdek ustuvor maqsad o‘z mujassamini topgan.
Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida har qaysi huquqni muhofaza qilish organi bevosita o‘z vakolati doirasidan chiqmaydigan, bir-birining funksiyasini takror etmaydigan tizimni shakllantirishimiz shart, degan qat’iy maqsadni belgilab berdi. Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, «Sudlarning asosiy vazifasi adolatni qaror toptirishdan iborat. Buning uchun sud har bir ish yuzasidan qonuniy, asosli va adolatli qaror chiqarishi lozim».
Ubaydulla aka Oliy sudning o‘zida salkam 20-yil faoliyat olib borgan, shu jumladan, qariyb 12-yil davomida – 1991-2002-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi lavozimida xizmat qilgan. Shuningdek, 2009-yildan buyon O‘zbekiston sud tizimi faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik markazi raisi sifatida faoliyat olib bormoqda.
Ma’lumki, Istiqlolning dastlabki davrida, tarixan juda qisqa muddatda, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahbarligidagi Konstitutsiyaviy komissiya ishtirokida mustaqil O‘zbekiston Konstitutsiyasi ishlab chiqildi va qabul qilindi. Ustoz Ubaydulla Mingboyev ham a’zosi bo‘lgan ushbu Komissiya sa’y-harakatlari bilan Asosiy qonunimizda sud hokimiyatining konstitutsiyaviy asoslarining ustuvor prinsiplari aniq ifodalab berildi.
Xususan, davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud tarmoqlariga bo‘linishi eng muhim konstitutsiyaviy prinsip sifatida belgilandi. Konstitutsiyada, shuningdek, inson huquqlarining davlat manfaatlaridan, umume’tirof etilgan xalqaro huquq normalarining esa milliy huquq normalaridan ustunligi mustahkamlandi.
Ayni vaqtda, sudlarni jazolovchi va faqat davlat manfaatlarini himoya qiluvchi organdan qonun ustuvorligini va inson huquqlari himoyasini ta’minlovchi organga aylantirishga qaratilgan yaxlit sud hokimiyati tizimini shakllantirish vazifasi kun tartibidan joy oldi. Shu asosda yurtimizda Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, umumiy yurisdiksiya sudlari joriy etildi. Jinoyat, jinoyat-protsessual, sud-huquq va boshqa yo‘nalishlarning qonunchilik asosini tashkil etuvchi mustahkam huquqiy baza yaratildi.
Milliy taraqqiyotimizning keyingi mantiqiy bosqichida, ya’ni Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi, shuningdek, Harakatlar strategiyasi, Taraqqiyot strategiyasi va “O‘zbekiston-2030” strategiyasi negizida mamlakatimizda sud-huquq tizimini huquqiy davlatni shakllantirishning muhim tarkibiy qismi sifatida chuqur isloh etish va erkinlashtirish bo‘yicha yangi konsepsiya izchillik bilan hayotga tatbiq etilmoqda.
So‘nggi yillarda sudlar ixtisoslashtirildi, fuqarolik va jinoiy ishlar bo‘yicha alohida sudlar tashkil etildi. Sudlar sud qarorlarini ijro etish kabi o‘zlariga xos bo‘lmagan vazifalardan ozod qilindi. Sud-huquq tizimidagi bunday hayotbaxsh islohotlar, hech shubhasiz, soha vakillarini nafaqat mamnun etmoqda, ayni chog‘da, o‘z faoliyatida samarali natijalarga erishishga rag‘batlantirmoqda. Ubaydulla aka Mingboyev bu boradagi eng tajribali va peshqadam insonlardan, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ustoz O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi bo‘lib ishlagan yillari, shuningdek, 2003-2017-yillarda O‘zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, 2017-2018-yillarda ushbu Assotsiatsiyaning raisi sifatida faoliyat ko‘rsatgan davrda o‘zining ko‘p yillik boy tajribasi, samarali amaliy va ma’rifiy-ijodiy faoliyati bilan ushbu yangilanishlar jarayonida faol qatnashdi.
Ubaydulla aka O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2018-yil 29-iyundagi qarori bilan 2018-2020-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi lavozimida xizmat qildi. Bugungi kunda Ustoz Sudyalar oliy kengashining jamoatchilik asosidagi a’zosidir.
Bu haqda so‘z yuritganda, avvalambor, Prezidentimiz tomonidan “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonning qabul qilinishi sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash, odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud-huquq tizimini yanada isloh qilishni yangi bosqichga ko‘targani xususida muxtasar to‘xtalish lozim.
Hozirgi kunning konstitutsiyaviy tamoyillaridan kelib chiqib, sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlashga ko‘maklashadigan hamda nomzodlarni tanlash va sudyalik lavozimiga tayinlash tizimini tubdan takomillashtirish, sudyalarning mazkur jarayondagi ishtirokini kengaytirish, yuqori malakali sudyalar korpusini shakllantirish uchun mas’ul bo‘lgan organning maqomi hamda vakolatlarini oshirish tizimli yo‘lga qo‘yildi.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining alohida bir bobi – XXIII bob “Sud hokimiyati” deb nomlangan. Bu bobdan 11 modda o‘rin olgan. Xususan, Asosiy qonunimizning:
- 130- moddasi – odil sudlov;
- 131-moddasi – sud tizimi;
- 132-133-moddalari – Konstitutsiyaviy sud faoliyati;
- 134-moddasi – Oliy sud faoliyati;
- 135-moddasi – Sudyalar oliy kengashi faoliyati;
- 136-moddasi – sudyalar mustaqilligi va daxlsizligi;
- 137-moddasi – sudlarning ochiqligi;
- 138-moddasi – sud hujjatlarining majburiyligi;
- 139-moddasi – sud ishlari yuritiladigan tillar;
- 140-moddasi – sudlar faoliyatini moliyalashtirishga oid normalardan iboratdir.
Prezidentimiz har gal sud tizimidagi o‘zgarishlarga to‘xtalganda, avvalambor, adolat mavzusida atroflicha so‘z yuritishi bejiz emas. Chunki adolat tantana qilishida davlat hokimiyatining mustaqil tarmog‘i bo‘lgan sud tizimining o‘rni va ahamiyati beqiyos.
Ushbu soha vakillari inson hayoti bilan bog‘liq faoliyat olib boradi. Sodda qilib aytganda, ishi sudda ko‘rilgan shaxsning keyingi taqdiri ko‘p hollarda sudya qabul qilgan qarorga bog‘liq bo‘ladi. Biror kishining nohaq ayblanishi, masalan, qilmagan aybi uchun uzoq yilga ozodlikdan mahrum etilishining oqibatini tasavvur qilish qiyin emas.
Biz Mir Alisher Navoiyni ulug‘ shoir va mutafakkir, davlat arbobi, ilm-fan va madaniyat, ona tilimiz va adabiyotimiz homiysi, saxovatpesha zot, avliyolar avliyosi sifatida yaxshi bilamiz hamda yuksak qadrlaymiz. Ayni chog‘da, Navoiy serqirra hayotining yana bir muhim jihati borki, bu ham bo‘lsa, ul zotning fiqh, ya’ni huquqshunoslik ilmi bilimdoni ekanidir.
Alisher Navoiy huquq bobidagi bilim va tajribasini nafaqat asarlarida, balki davlat arbobi sifatida amaliy faoliyatida ham izchil qo‘llagan. Hazrat asarlarini mutolaa qilish asnosida, huquq atamalari ulug‘ shoir tomonidan juda keng ma’nolarda, ayni vaqtda, nihoyatda aniq va juda nuktadonlik bilan ishlatilganini ko‘rish mumkin.
Masalan, Navoiy “adl” so‘zini adolat, to‘g‘rilik, insof tushunchalarini anglatish uchun ishlatsa, o‘z navbatida, “adolat” so‘zini haqqoniyat, shafqatlilik, odillik, diyonat ma’nolarida qo‘llagan. E’tibor qiling, ushbu tushunchalar bugungi kunda adolat va yuksak insonparvarlik negizida tubdan isloh etilayotgan mamlakatimiz sud-huquq tizimi faoliyatining asosiy mazmun-mohiyati bilan tom ma’noda uyg‘un va hamohang ezgu tamoyillardir!
Davlatimiz rahbarining “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi islohotlarning izchil hamda mantiqiy davomi bo‘ldi. Ushbu hujjat odil sudlovni amalga oshirish sifatini yaxshilash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasi kafolatlarini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Modomiki Ubaydulla akaning bu boradagi hissasi haqida so‘z borar ekan, Ustoz o‘z kasbini ulug‘lash masalasiga nafaqat amaliy, ayni chog‘da ijodiy jihatdan ham munosib ulush qo‘shib kelayotganini ta’kidlash maqsadga muvofiqdir. U kishi sohaning tarixi va istiqbollariga, bugungi kunda sud tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga oid ko‘plab risolalar muallifi hisoblanadi.
Ustozning “Oliy sud: kecha va bugun” (Toshkent, “O‘zbekiston”, 1994), “Sud shunday hokimiyatki...” (Toshkent, “Sharq”, 1999), “Sud – fuqarolar himoyachisi” (Toshkent, 2001), “Odil sudlov madaniyati va odobi” (Toshkent, “Adolat”, 2004), “Adolat insonparvarlikning oliy nuqtasi” (Toshkent, “ILM-ZIYO-ZAKOVAT”, 2021), “Sudya va sud xodimlariga murojaat” (Toshkent, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, 2023) kitoblari shular jumlasidandir.
Xususan, Ustozning “Sudya va sud xodimlariga murojaat” kitobidan o‘z hamkasblariga shunday chorlovi o‘rin olgan: “Sudyaning kasbiy mahorati shundaki, u har bir murojaatchi bilan odob-axloq va qonun-qoida tamoyillariga qat’iy rioya etgan holda munosabatga kirishishi talab etiladi. Albatta, bularning barchasi siz, azizlarning ma’naviyatingiz va olgan tarbiyangizga ham ko‘p jihatdan bog‘liq”.
U.Mingboyev katta hayot maktabini ko‘rgan ustoz alloma sifatida “Yetti pushtni bilmoq istagi” (Toshkent, “Qatortol-Kamolot”, 1999), “Kasb-korim adolat bo‘ldi” (Toshkent, “Yangi asr avlodi”, 2003), “Adolat mezoni” (Toshkent, “Nur-poligraf”, 2009), “Sudyalik – ulkan mas’uliyat” (Toshkent, 2014), “Shukrona” (Toshkent, “Turon zamin ziyo”, 2015), “Istaklarim” (Toshkent, 2017), “Poklanish pallasi” (Toshkent, “Oltin qalam”, 2024) kabi bir qator ommabop kitoblar ham yozgan.
Ubaydulla aka otaxon sudya sifatida, turli bosqich sudlarida sudya, sud raisining o‘rinbosari va sud raisi sifatidagi uzoq yillik faoliyati natijalariga tayangan holda, sud madaniyatining mohiyatiga nazar tashlar ekan, “odil sudlovning maqsadi – adolat va insonparvarlikdir”, degan ezgu xulosaga keladi. Bu fikr har bir kitobda sud jarayonining madaniyati, sudda fuqarolarni qabul qilish madaniyati, sudyalik etikasi, sud madaniyatining zamonaviy moddiy-texnika ta’minotiga aloqadorligi kabi dolzarb mavzular va hayotiy misollarda imkon qadar keng ochib beriladi.
Ustoz Ubaydulla akaning har bir yangi kitobini mutolaa qilish asnosida Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz sud-huquq tizimidagi tub ijobiy o‘zgarishlar jarayonida sud ishini amalga oshirish vakolatiga ega va bunga ma’naviy huquqi bor protsessual shaxs sanalgan sudyalar oldiga qo‘ygan qat’iy talablar bilan o‘zim o‘qiyotgan asar muallifining hayotiy tamoyillari o‘rtasida o‘ziga xos mushtarak xususiyatlar mavjud ekaniga amin bo‘laman. Bu uyg‘un jihatlar, fikrimcha, quyidagilarda namoyon bo‘ladi.
Birinchidan, sudyalar va sud xodimlari o‘z xizmat faoliyatini ado etishda ma’naviy-axloqiy qiyofasi, kasbiga doir vazifalarni bajarish bilan bog‘liq axloqiy me’yorlarga ega bo‘lishlari shart.
Ikkinchidan, sudyalar o‘zlarining namunali intizomi, xushmuomalaligi va munosib xulq-atvorini namoyon etib, hamisha adolatga tayangan holda, qonun ustuvorligini ta’minlashi talab etiladi.
Uchinchidan, sudyalarning O‘zbekiston Respublikasi nomidan sud hujjati qabul qilishlari – ular zimmasiga benihoya sharafli va mas’uliyatli vazifa yuklatilganini anglatadi. Bundan chiqadigan xulosa shuki, sudyalarning o‘z burchiga sodiqligi, tegishli vakolatlarini nechog‘lik halol hamda sidqidildan ado etishi mustaqil sud hokimiyatining obro‘sini va fuqarolarda odil sudlov hamda adolatga bo‘lgan ishonchni tubdan oshiradi.
To‘rtinchidan, odil sudlovning bosh maqsadi – adolat va insonparvarlikdir. Insonparvarlikning zamirida yuksak madaniyat mujassam. Madaniyat, o‘z navbatida, xalqimizning uzoq o‘tmishiga borib taqaladi. Negaki, xalqimizning milliy tabiatiga xos bo‘lgan jamiki ezgu insoniy fazilatlar ana shu madaniyatimizda jamlangan. Shu ma’noda, sudyalarning madaniyatliligi sud ishlarini xolisona, bilimdonlik asosida, jamiyat va xalq manfaati uchun kuyunchaklik bilan adolatli hal etishida ko‘zga tashlanadi.
Beshinchidan, sudyalarning jamoatchilik vakillari oldida o‘zini tuta bilishi, mulohaza bilan ish tutishi, xushfe’l, odobli, kamtarin va shirinsuxan bo‘lishi – bu nafaqat sudyaning, balki mustaqil sud hokimiyatining ham obro‘sini oshiradi. Burch mas’uliyatini chuqur anglagan sudya o‘z ustida muntazam ishlab, bilim hamda tajribasini oshirib borishi lozim.
Oltinchidan, sudyalar o‘z qasamyodiga hamisha sodiq qolishi, vijdonan ish tutishi, sabr-toqatli va mustahkam iroda egasi bo‘lishi darkor. Xalq va Vatanga bo‘lgan sadoqatini, o‘zining fidoyiligini o‘zgalarga munosabatida namoyon etishi zarur.
Yettinchidan, sudyalar zimmasidagi vakolatlarni mas’uliyat va sharaf bilan ado etishi barobarida, obro‘-e’tiborli, adolatparvar inson sifatida atrofdagilarda yaxshi taassurot qoldirishi ham farzu qarz.
Adolat xalqimiz uchun azaldan tinch va farovon hayot mezoni, barcha ezguliklar manbai bo‘lib kelgan. Amir Temur bobomiz “Kuch — adolatda” degan hikmatga amal qilib, davlat boshqaruvini tashkil qilish, el-yurtning tinchligi va obodligini ta’minlashga erishgan. Ulug‘ ajdodimiz uzuk-muhridagi ushbu adolatparvar shior muhtasham Oqsaroyning hozirgi kungacha saqlanib kelayotgan asosiy peshtoqida “Adolat – davlatning asosi va hukmdorlar shiori!”, degan yanada chuqur mazmunda bitib qo‘yilganini ta’kidlash joiz.
Shu o‘rinda Ustoz Ubaydulla Mingboyevning “Yetti pushtni bilmoq istagi” nomli kitobida bitilgan mana bu hayotiy satrlar Sohibqiron ajdodimiz o‘gitlariga nechog‘lik hamohang ekanligiga e’tiborni qaratgimiz keldi: “Inson eson-omon yursa, sabr-qanoat bilan yashasa, ko‘p narsani ko‘rar ekan. Men bu gaplarni o‘z hayotim misolida aytyapman. Gohida o‘yga tolaman, mustaqil O‘zbekistonimiz Oliy sudining birinchi raisi bo‘lganimdan, birinchi Konstitutsiyamiz loyihasini tuzishda ishtirok etganimdan qoniqish hosil qilaman. Respublikamizda birinchi bor “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunni tayyorlashda ishchi guruhga rahbarlik qilganimni ham, 30–35-yillarda qatag‘on qilinganlarning, 83–86-yillarda “O‘zbeklar ishi” deb nohaq qamoqda yotganlarning ko‘plariga adolatli sud qarorlari chiqarganimizni ham Tangri taoloning menga ko‘rsatgan inoyati, bergan ne’mati deb bilaman. Harqalay, bu ishlar ham osonlikcha kechgani yo‘q. Gohida har bir ish uchun, undagi har bir taqdir uchun bevosita kurash olib borishga to‘g‘ri keldi… Men qayerda va qaysi mansabda ishlamay, adolatli fikr yuritishni va har ishda beg‘araz bo‘lishni kasb qildim, oiladagilarimdan ham, do‘stlarimdan ham, qo‘l ostimda ishlaydigan shogirdlarimdan ham shuni talab qildim”.
Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, sudya shaxsida o‘z mujassamini topgan jamiki yaxshi fazilatlar – odil sudlovni ta’minlashning muhim sharti. Binobarin, Ubaydulla akaning ma’naviy-ma’rifiy asarlari yosh avlodni Vatanga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat-ehtirom ruhida, adolatparvar, haqiqatsevar, bir so‘z bilan aytganda, barkamol insonlar etib tarbiyalashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Ishonchimiz komilki, taniqli huquqshunos Ubaydulla Mingboyevning qariyb oltmish yillik samarali faoliyati bugungi va kelajak avlodlar uchun sud tizimi, sudyalik kasbi, sudyaning vazifasi va mas’uliyati haqidagi yetarlicha foydali hamda ibratli ma’lumotlar xazinasidir. Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, «Sud va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ishiga faqat va faqat xalqimizning o‘zi baho beradi. Ular uchun yagona va eng qattiq talab – bu fuqarolarning qonuniy manfaatlariga xizmat qilish va ularning huquqlarini har qanday holatda ham himoya qilishdan iborat».
Akmal Saidov,
akademik
«Kuch – adolatda» gazetasining 2025-yil 24-yanvar kungi 4 (1038)-soni
- Qo'shildi: 24.01.2025
- Ko'rishlar: 716
- Chop etish