Internetdan ko‘ra ardoqli jozibalar ham bor bu dunyoda

26-yanvar – Xalqaro internetsiz kun

 

Xalqimizda: “Asalning ham – ozi shirin, ko‘pi zahar” degan naql bejiz aytilmagan. Zero, Internet ko‘plab tashvishlarimizni bartaraf qilgan, yumushlarimizni osonlashtirgan, og‘irimizni yengillashtirgan bo‘lsa-da, yaqinlarimiz bilan oramizni uzoqlashtirib yubordi.

Shu ma’noda, savol tug‘iladi: Internetdan hozirgi kunda faol foydalanayotgan va “Butunjahon o‘rgimchak to‘ri”ga o‘ralashib qolgan insonlar sivilizatsiyaning ana shu buyuk yutug‘idan atigi bir kunga to‘la voz kecha oladilarmi?

 Dunyo miqyosida nishonlanadigan xalqaro sanalar qatorida Internet kuni bilan birga, Xalqaro internetsiz kun (International Internet-Free Day) ham mavjud bo‘lib, bu muhim sana xuddi shu muammoga ijobiy yechim topishga qaratilgandir. Ushbu bayram har yili yanvar oyining oxirgi yakshanbasida nishonlanadi.

Shu ma’noda, joriy 2025-yilda Xalqaro internetsiz kun 26-yanvarga to‘g‘ri keldi. Dastlab ushbu o‘ziga xos xalqaro sananing ta’sis etilishi tarixi bilan  bog‘liq uchta omilga to‘xtalamiz.

Birinchidan, Xalqaro internetsiz kun BMT yoki boshqa biron-bir nufuzli xalqaro tashkilotning alohida rezolyutsiyasi asosida ta’sis etilmagan. Bu bejiz emas, albatta.

Gap shundaki, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining alohida rezolyutsiyasi bilan Internet tarmog‘idan foydalanish erkinligi asosiy inson huquqlariga tenglashtirilgan. Chunki 2017-yili 20 ta mamlakatga mansub 10 ming nafar Internet foydalanuvchisi o‘rtasida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovda so‘ralganlarning 83 foizi Internet tarmog‘idan foydalanish erkinligi asosiy inson huquqlaridan biri sifatida e’tirof etilishini ma’qullagan.

Ikkinchidan, bir qator xorijiy mamlakatlarda raqamli inson huquqlari, ya’ni insonning Internet imkoniyatlaridan foydalanish bilan bog‘liq huquqlari allaqachon Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan.

Ayni sohadagi ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro tendensiyalarni hisobga olgan holda, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasiga ham onlayn makonda  inson huquqlarini himoya qilishga oid normalar kiritilgan. Xususan, Asosiy qonunimizning 33-moddasida: “Davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi”, degan qoida mustahkamlab qo‘yilgan.

Shu ma’noda, nima uchun dunyo hamjamiyati ham, xalqaro hamjamiyatning teng huquqli a’zolari hisoblanuvchi suveren davlatlar ham insonlarni atigi bir kunga bo‘lsa-da Internetdan holi bo‘lishlarini targ‘ib etishga qaratilgan mazkur xalqaro sana tashabbuskorlari emasligini tushunsa bo‘ladi. 

Uchinchidan, bugungi kunda iste’molchilik jamiyatidan – bilimlar jamiyatiga o‘tish davrida yashayapmiz. Bilimlar jamiyati – “bilim” degan ne’mat, iqtisodiy va zaxiraviy jihatdan, tom ma’noda ustuvor qadriyatga aylanadigan jamiyat, degani.

Ayni chog‘da, akademik Akmal Saidov ta’biri bilan aytganda, axborot – bilim emas, balki bilish uchun muhim bir vositadir. Axborotlashgan jamiyat bosqichidan keyin innovatsion jamiyatga gal keladi. Shundan so‘nggina axborotning soni emas, balki sifatiga tayanadigan bilimlar jamiyati rivojlanish davriga qadam qo‘yadi.

Shunday ekan, yorug‘, farovon va taraqqiy etgan kelajak sari intilayotgan hech bir mamlakat jamoatchiligi ana shu ezgu maqsadga xilof tuyuladigan har qanday tashabbusni, jumladan, Xalqaro internetsiz kunning ta’sis etilishini ham qo‘llab-quvvatlamasligi tabiiydir.

Qolaversa, butun dunyoda Internetning tezligi va arzonligini, undan har kimning erkin foydalanishini ta’minlamaslik, shuningdek, Internetni vaqtincha o‘chirib qo‘yish, cheklash yoki tezligini kamaytirish kabi har qanday holatga nisbatan keskin salbiy munosabat bildirilayotgan hozirgi zamon sharoitida internetsiz kunning rag‘batlantirilishi oson ish emas.

Mana, nima uchun jahon internet-hamjamiyatining sizu biz kabi vakillari – oddiy insonlar tomonidan 2000-yillar boshidan buyon Xalqaro internetsiz kun nishonlab kelinmoqda. Yanada aniq qilib aytganda, ayrim taxminlarga ko‘ra, ushbu sananing ilk tashabbuskori Buyuk Britaniyaning "DoBe.org" notijorat onlayn-loyihasi namoyandalari – Internetning faol, ilg‘or foydalanuvchilari hisoblanadi.

O‘z navbatida, ushbu bayramni nishonlashdan maqsad nima, degan savol tug‘ilishi tayin. Xalqaro internetsiz kunning asosiy maqsadi – odamlarni kompyuterlardan va global tarmoqdan hech bo‘lmaganda bir kun davomida butunlay chalg‘itishdir.

Albatta, ushbu bayram g‘oyasi hayotga tatbiq etila boshlangan dastlabki yillarda Internetdan foydalanuvchilar soni ancha kam bo‘lgan. Hali “o‘rgimchak to‘ri”ga uzil-kesil bog‘lanib qolmagan o‘sha insonlarni  do‘stlar bilan chinakam suhbatu muloqotlar uchun Internet tarmoqlaridan ajratib olish nisbatan osonroq kechgan. 

Keyingi yigirma yil ichida, bir tomondan, Internetdan foydalanuvchilar soni milliardlab kishigacha o‘sgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, foydalanish tezligi 30 barobardan ko‘proqqa oshgan Internet ta’lim, biznes, muloqot, hordiq singari insoniyat hayotining deyarli barcha sohalariga chuqur kirib bordi. Endilikda sayyoramizdagi millionlab odamlar har kuni tongni quyoshning chiqishiga qarab emas, balki Internetdagi yangiliklar yoki elektron pochtadagi xatlar bilan tanishishdan boshlaydilar.

Ba’zi zamondoshlarimiz deyarli kun bo‘yi tarmoqda ishlaydi, chunki ularning ishi Internet bilan bevosita bog‘liq. Yana kimlardir soatlab ijtimoiy tarmoqlarda o‘tiradi, chatlarda tinimsiz yozishma olib boradi yo ko‘ngilochar saytlarni tomosha qiladi. Boshqa birovlar, uydan chiqmasdan, onlayn-auksion orqali savdo ishlarini bitiradi. 

Shu tariqa ko‘pchiligimiz o‘zimizni telefon, smartfon, planshet, netbuk, noutbuk yoki kompyuterimizdan biron daqiqa ayro tasavvur eta olmaymiz. Binobarin, Internetdan uzoq, lekin o‘zimizga eng yaqin insonlarimizdan ko‘ra virtual do‘stlarimiz va tanishlarimiz bilan ko‘proq muloqotda bo‘lamiz.

Bugungi kunda Internet aksariyat odamlar uchun muhim ma’lumot manbai va daromad vositasi ekaniga shubha yo‘q. Ayni chog‘da, Internetga mukkadan ketish, o‘z navbatida, vaqtni yo‘qotish va mablag‘ni ortiqcha sarflash, hatto salomatlikni boy berish, oiladan uzoqlashish, jamiyatga begonalashish kabi salbiy oqibatlarga olib kelayotganini ham inkor etish mumkin emas.

Afsuslanarli jihati shundaki, Internetga oshno bo‘lganlar, ayniqsa, yoshlarning ko‘pchiligi onlayn-hayotni haqiqiy hayotdan ko‘ra qulay va maqbul, deb bilmoqda. Navqiron avlod vakillarining ijtimoiy tarmoqlarga bu qadar tobe bo‘lib qolayotgani mutaxassislar va ota-onalarni haqli ravishda jiddiy tashvishga solmoqda.

Xalqaro internetsiz kunni nishonlashga rozi bo‘ldik ham, deylik. Xo‘sh, internetdek qudratli “sehrgar” o‘z foydalanuvchilariga taqdim etayotgan ko‘p va xo‘p ne’matlarning o‘rnini shu bir kun davomida nimalar bosishi mumkin?

Shukrki, bu boradagi ahvol hozircha to‘la izdan chiqib ketmagan, aksincha, umidbaxshdir. Har yili dunyoning turli mamlakatlarida Xalqaro internetsiz kun doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar qamrovi tobora kengayib borayotgani ayni mavzuning dolzarbligi  yildan yilga ortayotganidan dalolat beradi.

Bunday tadbirlarda uqtirilayotganidek, bu yorug‘ dunyoda Internetdan ko‘ra qiziqarli va muhtasham, sirli va jozibali boshqa ne’matlar ham bisyor. Xalqaro internetsiz kunda ushbu tarmoq foydalanuvchilari, ayniqsa, yoshlar bu oddiy haqiqatga e’tibor qaratsinlar va toki:

  • atigi bir kun bo‘lsa ham “onlayn-dunyo”dan uzoqlashib, real dunyoda yashashga qaytsinlar;
  • yaqinlari bilan bir kungina faqat yuzma-yuz muloqot qilishga jazm etsinlar;
  • shu bir kunni kitob varaqlash, sayr-sayohat qilish, muzey va ko‘rgazmalarga borish, sport bilan shug‘ullanish kabi sevimli mashg‘ulotlariga bag‘ishlasinlar.

Xulosa qilib aytganda, ushbu bayram bahonasida Butunjahon tarmog‘iga qarshi kurash olib borilmayapti. Nega deganda, aslida, Internetning o‘zi yomon narsa emas. Masalan, jarrohlik pichog‘ida odam o‘ldirish mumkin bo‘lganidek, hozirda ko‘plab maishiy qotilliklar quroliga aylangan oshxona pichog‘i bilan inson hayotini saqlab qolsa bo‘ladi. Hamma gap – xolis niyatda. Niyat ezgu bo‘lsa, ezgu amalga aylanajak.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech