Taraqqiyotni ilm-­fansiz tasavvur etib bo‘lmaydi

Bugungi kunda jahonning yetakchi davlatlari qatori yurtimizda ham ta’limni rivojlantirish, sifatini oshirish masalalariga birinchi galdagi vazifa sifatida qaralmoqda.

24 yanvar – BMT Bosh Assambleyasining 2018 yil 3 dekabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq Xalqaro ta’lim kuni. Bu muhim qaror xalqaro hamjamiyat tomonidan ta’limning tinchlik va taraqqiyot yo‘lidagi ahamiyati nechog‘lik yuksak e’tirof etilayotganining yaqqol tasdig‘idir. Bundan ko‘zlangan maqsad – insoniyatning ilm-ma’rifatga tashnaligini e’tirof etish, dunyo davlatlari hukumatlari va jamiyatlari e’tiborini ta’lim sohasida mavjud muammolarga qaratish, jumladan, savodsizlikni bartaraf etish, turli mintaqalarda yaxlit ta’lim dasturlari ishlab chiqish hamda amalga oshirish kabi ustuvor masalalardan iborat.

Afsuski, keyingi davrda ijtimoiy tarmoqlarda tobora keng tarqalayotgan “nafrat tili” kaltabinlik va kamsitish kabi illatlarga tayangan holda odamlarni tajovuzkorlikka gijgijlamoqda hamda zo‘ravonlikni odatiy voqelik sifatida qabul qilishga ko‘ndirish uchun urinmoqda. Butun dunyoda turli nizo va ziddiyatlarning kuchayib borayotgani esa “nafrat tili” yoqayotgan tajovuzkor gulxanning yanada alangalanishiga turtki bo‘lmoqda.

Shu nuqtai nazardan o‘tgan yilgi “Xalqaro ta’lim kuni” nafratomuz ifoda uslubi bilan bog‘liq muammolarga bag‘ishlangani muhim ahamiyat kasb etdi. Binobarin, “nafrat tili” va nafratomuz ifoda uslubi bilan bog‘liq muammolarga qarshi kurashning eng samarador vositasi – ta’lim.

Ta’lim insoniyatga “nafrat tili”ning yanada chuqur ildiz otib ketishiga barham beradi. Xususan, oflayn va onlayn ta’lim yordamida millionlab o‘quvchi-talaba yoshlarni “nafrat tili”ning ziyonkorligi va uning har xil usul, turlaridan o‘z vaqtida voqif etish mumkin.

Yanada muhimi, ta’lim navqiron insonlarning shaxs sifatida shakllanishi va o‘zga madaniyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiya olishi uchun xizmat qiladi. 

Binobarin, YUNESKO tomonidan 2023 yilda chop etilgan “Ta’lim vositasida nafrat hissini gijgijlashga qarshi kurashish” nomli qo‘llanmada ayni sohada davlat siyosatini yanada mustahkamlash yuzsidan mamlakatlar hukumatlariga muhim amaliy tavsiyalar berilgan.

Mamlakatimizda bolalar va yoshlarning ta’lim olishga bo‘lgan huquqlarini ro‘yobga chiqarish hamda ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratish jarayonlari “Yangi O‘zbekiston — maktab ostonasidan boshlanadi” g‘oyasi asosida tubdan takomillashtirilayotgani bu fikrning amaliy ifodasidir.

–  Taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham ilm-fan, ta’lim va tarbiyadir. Ayni mas’uliyatli jarayonda avvalo BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida ta’lim sohasidagi islohotlarimiz tashkilotning Barqaror rivojlanish maqsadlariga uyg‘un va hamohang ekani e’tirof etilgani diqqatga sazovor, – deydi  Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi G‘ulom Mirzayev. – Ikkinchi tomondan, 2023 yili yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda ilk bor o‘qituvchi maqomi alohida belgilanib, ta’lim tizimini rivojlantirish davlatning bosh vazifalari qatoriga kiritilgani iftixor bag‘ishlaydi.

Bularning barchasi bejiz emas. Chunki davlatimiz va jamiyatimiz butun e’tiborini Yangi O‘zbekiston uchun eng katta investitsiya bo‘lgan ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratmoqda. Prezidentimiz uqtirganidek, “Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir”.

O‘tgan 2024 yil davomida mamlakatimiz miqyosida 4 ming 644 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etildi va buning natijasida qo‘shimcha 170 mingdan ortiq bola o‘rni yaratildi. Bolalarni maktabgacha ta’limga qamrov darajasi 76 foizga, 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlov qamrovi 96 foizga yetkazildi.

Butun dunyoda iqtisodiyotni rivojlantirishda professional ta’lim alohida o‘rin tutadi. Bu muhim voqelikni birgina raqam – taraqqiy etgan davlatlarda o‘quvchilarning 75 foizigacha kasbiy ta’lim bilan qamrab olinganligi  ham aniq tasdiqlab turibdi.

Shu jihatdan, 2024 yilda kasb-hunarga o‘qitish amaliyoti joriy etilgan maktablar soni 289 taga, yangi baholash tizimi joriy etilgan maktablar soni 1 500 taga, ikkinchi xorijiy til o‘qitiladigan maktablar soni 354 taga yetkazilgani juda muhim.

Maktablarda xorijiy tillarni ommalashtirish maqsadida xorijiy davlatlardan 500 nafar chet tili fani o‘qituvchilari jalb etildi. Til bilish bo‘yicha B2 va undan yuqori darajadagi sertifikatga ega xorijiy til o‘qituvchilarining soni 29 ming nafardan oshirildi.

Inklyuziv ta’lim joriy etilgan maktablar soni 947 taga yetkazilib, unga 2 ming nafarga yaqin o‘quvchi qamrab olindi. Buxoro, Namangan, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahrida “Mehrli maktab” filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Qolaversa, “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 104 ming nafar o‘quvchi xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025 yil 22 yanvar kuni oliy ta’lim va ilm-fan sohasidagi ustuvor vazifalarga oid taqdimot bilan tanishishi asnosida qayd etilganidek, mamlakatimiz taraqqiyotining tayanchi sifatida bu yo‘nalishlarga katta e’tibor qaratilmoqda. Yangi oliygohlar ochilib, qamrov ancha kengaydi. Ta’lim jarayonlari sifat jihatidan yaxshilanmoqda.

Xususan, yana mingdan ortiq ta’lim dasturlari “TOP-300” universitet dasturlari asosida takomillashtiriladi va 45 ta ta’lim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.

Dual ta’limga yana 50 ming talaba jalb qilinadi. Binobarin, dual ta’lim amaliyot bilan uyg‘unlikni kuchaytirish maqsadida yo‘lga qo‘yilmoqda. Hozirda 15 ming talaba 957 ta korxonaga biriktirilgan.

Istiqbolda Nukus, Buxoro, Farg‘ona va Namangan texnika universitetlari ham ish boshlaydi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, bu yo‘nalishdagi 35 ta muassasani yiriklashtirish hisobiga, 22 ta texnika universiteti tashkil qilinadi. Shu yil oxirigacha yana 17 ta muhandislik maktabi ochiladi.

Ha, jahondagi murakkab vaziyatga qaramasdan, o‘tgan yil mamlakatimiz uchun qutli va barakali bo‘ldi. Yangi uy-joylar, bog‘cha va maktablar, oliy o‘quv yurtlari, madaniyat va sport maskanlari qad ko‘tarmoqda. Bilimli va shijoatli, navqiron yoshlarimiz ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda.

Mamlakatimizda Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili deb nomlangan 2025 yilda asosiy maqsadimiz – inson va tabiat muvozanatiga asoslangan tizim yaratishdir. Bunda jumladan, farzandlarimizning zamonaviy bilim va kasb-hunar egalari, barkamol insonlar bo‘lib tarbiya topishlari uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz. Ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at, sport sohalariga e’tibor yanada kuchaytiriladi.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimiz taraqqiyotini ilm-­fansiz tasavvur etish qiyin.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “Biz jahonga faqat xomashyo emas, avvalo ilm-ma’rifat, ma’naviy boylik yetkazib bergan ne-ne ulug‘ zotlarning avlodimiz. Hech shubhasiz, ularga xos bo‘lgan buyuk fazilatlar, ular yaratgan shonli an’analar bugun ham bizning qalbimizda, ongimizda, hayotimizda yashamoqda. Men ishonaman, biz bu tarixiy yo‘lni munosib davom ettirishga har tomonlama qodirmiz. Bugungi kunda dunyo xaritasida tutgan o‘rnimiz, o‘z oldimizga qo‘yayotgan juda ulkan maqsad va marralarimiz ham aynan shuni taqozo etmoqda”. 

Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA

Powered by GSpeech