O'zbekiston ayollar huquqlari va gender tenglik sohasida eng yuqori natijalarga erishgan 5 ta mamlakatdan biri sifatida qayd etildi

TOSHKENT, 29-yanvar. /"Dunyo" AA/. Toshkent shahridagi Inson huquqlari uyida bugun 1995-yil 15-sentyabrda Xotin-qizlar ahvoli bo'yicha to'rtinchi Butunjahon konferensiyasida qabul qilingan Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasining 30 yilligi hamda Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to'g'risidagi konvensiya qabul qilinganining 45 yilligiga bag'ishlangan tadbir doirasida "Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to'g'risidagi konvensiyanomli to'plamning taqdimoti bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

Tadbir Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Milliy markazi tomonidan milliy va xalqaro hamkorlar bilan birgalikda tashkil etildi.

 

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Milliy markazi direktori Akmal Saidov tadbirni ochar ekan, BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 2024-yil 9-sentyabr – 11-oktyabr kunlari bo'lib o'tgan 57-sessiyasida "Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi qabul qilinganining o'ttiz yilligini nishonlash tadbirlari to'g'risida"gi qaror qabul qilinganiga e'tibor qaratdi. Mazkur xalqaro hujjatlarda barcha davlatlarning xotin-qizlarni inson huquqlaridan to'liq va teng ravishda foydalanishini ta'minlash, rag'batlantirish hamda himoya qilish borasidagi majburiyatlari mustahkamlanganligini ta'kidladi.

 

Tadbirda, shuningdek, mazkur xalqaro-huquqiy vositalar o'tgan davrda butun dunyo miqyosida xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta'minlash borasidagi sa'y-harakatlar rivojiga sezilarli hissa qo'shgani e'tirof etildi. Shu jumladan, o'tgan yili 1979-yilda qabul qilingan va 1981-yilda kuchga kirgan "Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to'g'risida"gi konvensiya (CEDAW)ning 45 yilligi keng nishonlangani qayd etildi.

 

CEDAW xotin-qizlarning fuqarolik, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy huquqlariga bag'ishlangan xalqaro qonun sifatida e'tirof etilgan. Bugungi kunda CEDAW 189 ta davlat, shu jumladan O'zbekiston tomonidan 1995-yilda ratifikatsiya qilingan. BMTning Xotin-qizlarni kamsitishga barham berish qo'mitasining tashkil etilishi ham muhim voqea bo'lib, ishtirokchi-davlatlarga gender tenglikka erishish doirasida milliy qonunchilik manbalarini mustahkamlashga ko'maklashadi.

 

CEDAWning asosiy prinsip va qoidalari milliy qonunchiligimizda va yangi tahrirdagi O'zbekiston Konstitutsiyasida o'z ifodasini topgan. Xususan, Konstitutsiyaning 42 va 58-moddalarida ayollarning mehnat huquqlari buzilishining oldini olish, ular uchun munosib turmush va ish sharoitlari yaratish hamda xotin-qizlarga jamiyatning barcha jabhalarida erkaklar bilan teng huquq va imkoniyatlar ta'minlanishi nazarda tutilgan. Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini har tomonlama ta'minlashga oid 40 dan ziyod normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan. Bu o'rinda, avvalo,

 

"Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida", "Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida" hamda "Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to'g'risida"gi yangi qonunlar haqida so'z bormoqda.

 

Shuningdek, 2017-2021-yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi, 2022–2026-yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi, "O'zbekiston–2030" strategiyasi, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Milliy strategiyasi, 2030-yilga qadar O'zbekistonda gender tenglikka erishish strategiyasi, Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning qabul qilinishi hisobiga gender tenglikka erishish va xotin-qizlar huquqlarini kafolatlash borasidagi huquqiy asoslar tubdan mustahkamlandi.

 

O'zbekistonda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi ishtirokini kengaytirish va ularning davlat funksiyalarini tartibga solishga qo'shgan hissasini oshirish bo'yicha faol ishlar o'z samaralarini amalda namoyon etmoqda. Xususan, xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 35 foizga yetkazildi. Yangi saylangan Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizi, Senat a'zolarining 27 foizini ayollar tashkil etmoqda. Tadbirkor ayollar safi 37 foizga ko'paydi. Oliy ta'lim muassasalarida ta'lim olayotgan qizlar soni 6 barobar ko'payib, ta'lim olayotgan talabalarning yarmidan ortig'ini xotin-qizlar tashkil etmoqda.

 

To'plam taqdimoti Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasining 30 yilligini keng nishonlash doirasida tashkil etilgan birinchi tadbir bo'ldi. Davlat idoralari va xalqaro tashkilotlar mutaxassislari, huquqshunoslar, tadqiqotchilar, talabalar hamda gender tenglik masalalariga qiziqadigan jami kitobxonlarga mo'ljallangan mazkur to'plamdan Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to'g'risidagi konvensiyaning o'zbek, qoraqalpoq, ingliz va rus tillaridagi matni joy olgan.

 

Tadbirda Yangi O'zbekistonda gender tenglikka erishish borasidagi islohotlar BMT, Parlamentlararo ittifoq, Jahon banki tomonidan alohida e'tirof etilib, xalqaro indekslarda aks ettirilayotgani ta'kidlandi. Mamlakatimiz 2024-yilda gender tenglik va boshqaruv indeksi bo'yicha 72,8 ball to'pladi. Natijada 2022-yil qayd etilgan 103-o'rindan 51 pog'onaga ko'tarilib, 52-o'rinni band etdi.

 

Shuningdek, o'tgan yilda yurtimiz Jahon bankining "Ayollar, biznes va qonun" indeksida 48 pog'onaga yuqorilab, 190 ta davlat orasida 91-o'rinni egalladi. O'zbekiston ayollar huquqlari va gender tenglik sohasida eng katta natijalarga erishgan 5 ta mamlakatdan biri sifatida qayd etildi.

 

Taqdimotda so'zga chiqqan milliy va xalqaro ekspertlar Yangi O'zbekistonda inson huquqlari sohasidagi islohotlar qat'iy, uzviy va izchil davom ettirilayotganiga e'tibor qaratib, bu boradagi samarali sa'y-harakatlar milliy, mintaqaviy va xalqaro darajalarda keng qo'llab-quvvatlanayotganini e'tirof etdilar. Bunday oqilona va insonparvar siyosat tufayli mamlakatda gender tenglikni ta'minlash, xotin-qizlar huquqlarini ishonchli himoya qilish ishlari tom ma'noda yangi bosqichga ko'tarilgani yuqori baholandi.

 

Powered by GSpeech