Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga koʻra, tergov sudyasining vakolatlari belgilanib, tergov sudyasi yakka oʻzi ish tutib, Kodeksda nazarda tutilgan tartibda sudga qadar ish yuritish bosqichida shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi ustidan sud nazoratini amalga oshiradi.
Shuningdek, tintuv oʻtkazish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish hamda uni koʻrib chiqish asoslari belgilandi.
Bunda, tintuv oʻtkazish uchun asoslar mavjud boʻlgan taqdirda prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchi tintuv oʻtkazish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqida uni oʻtkazish uchun asoslarni bayon etgan holda qaror chiqaradi.
Telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turishni, ular orqali uzatiladigan axborotni olishni amalga oshirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish asoslari belgilandi.
Bundan tashqari, mol-mulkni xatlash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish tartibi belgilandi.
Bunda, mol-mulkni xatlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma surishtiruv yoki dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudining tergov sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»