Toshkent shahridagi Inson huquqlari uyida “Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya” nomli to‘plamning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. To‘plam to‘rt tilda bo‘lib, davlat idoralari va xalqaro tashkilotlar mutaxassislari, huquqshunoslar, tadqiqotchilar, talabalar hamda gender tenglik masalalariga qiziqadigan jami kitobxonlarga mo‘ljallangan.
Mazkur konvensiya bundan 45 yil oldin, BMT Bosh Assambleyasining 34/180-sonli rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan. Konvensiya (CEDAW Konvensiyasi) yigirmata davlat tomonidan ratifikatsiya qilinganidan so‘ng, 1981 yil 3 sentyabrda kuchga kirgan. O‘zbekistonda 1995 yil 18 avgustda ratifikatsiya qilingan. Bugungi kunga kelib, hujjat 189 ta mamlakatda ratifikatsiya qilgan.
Konvensiya xotin-qizlarning fuqarolik, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy huquqlariga bag‘ishlangan xalqaro qonun sifatida e’tirof etilgan. Ushbu hujjat BMTning inson huquqlari bo‘yicha to‘qqizta asosiy Konvensiyasidan biri bo‘lib, xalqaro hamjamiyatning xotin-qizlar huquqlari borasidagi yakdil qarashlarini ifoda etadi.
Konvensiyaning asosiy prinsip va qoidalari 2023 yil aprel oyida umumxalq ovoz berish yo‘li bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida o‘z ifodasini topgan. Xususan, Konstitutsiyaning 42- va 58-moddalarida ayollarning mehnat huquqlari buzilishining oldini olish, ular uchun munosib turmush va ish sharoitlari yaratish hamda xotin-qizlarga jamiyatning barcha jabhalarida erkaklar bilan teng huquq va imkoniyatlar ta’minlanishi nazarda tutilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov tadbirni ochar ekan, ushbu yangi to‘plam davlat idoralari va xalqaro tashkilotlar mutaxassislari, huquqshunoslar, tadqiqotchilar, talabalar hamda gender tenglik masalalariga qiziqadigan jami kitobxonlarga mo‘ljallanganini ta’kidladi.
To‘plamdan konvensiyaning to‘rt – o‘zbek, qoraqalpoq ingliz va rus tillaridagi matni joy olgan.
Qayd etilishicha, ushbu nashr Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilinganining 45 yilligi hamda Xotin-qizlar ahvoli bo‘yicha to‘rtinchi Butunjahon konferensiyasida qabul qilingan Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasining 30 yilligi munosabati bilan nashr qilingan.
– To‘plamni tayyorlash, nashr etish va taqdimotini o‘tkazishdan maqsad ayni Konvensiyada belgilangan xalqaro standartlar va xotin-qizlar huquqlariga bag‘ishlangan qoidalarning asl mazmun-mohiyatini keng ommaga yetkazishdir. Bu ma’rifiy tadbir zamirida, shuningdek, ushbu xalqaro-huquqiy hujjat normalarini mamlakatimiz ijtimoiy hayotiga izchil tatbiq etib borishga ko‘maklashish maqsadi ham mujassam, – dedi A.Saidov.
Taqdimotda so‘zga chiqqan ekspertlar Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi islohotlar qat’iy, uzviy va izchil davom ettirilayotganiga e’tibor qaratib, bu boradagi samarador sa’y-harakatlar milliy, mintaqaviy va xalqaro darajalarda keng qo‘llab-quvvatlanayotganini e’tirof etdi.
Shu o‘rinda, mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi ishtirokiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, bu boradagi faol ishlar o‘z samaralarini amalda namoyon etayotganiga guvoh bo‘lamiz.
Masalan, xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 35 foizga yetgan. Yangi saylangan Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizi, Senat a’zolarining 27 foizini ayollar tashkil etmoqda.
Tadbirkor ayollar safi 37 foizga ko‘paygan. Yuz minglab ayollar kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilmoqda. Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan qizlar soni 6 barobar ko‘payib, ta’lim olayotgan talabalarning yarmidan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etmoqda.
Yana bir muhim jihat: Yangi O‘zbekistonning gender tenglikka erishishdagi yutuqlari BMT, Parlamentlararo Ittifoq, Jahon banki tomonidan alohida e’tirof etilib, xalqaro indekslarda o‘z aksini topmoqda. Mamlakatimiz 2024 yilda gender tenglik va boshqaruv indeksi bo‘yicha 72,8 ball to‘pladi. Natijada 2022 yil qayd etilgan 103-o‘rindan 51 pog‘onaga ko‘tarilib, 52-o‘rinni band etdi.
Shuningdek, o‘tgan yilda mamlakatimiz Jahon bankining "Ayollar, biznes va qonun" indeksida 48 pog‘onaga yuqorilab, 190 ta davlat orasida 91-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston ayollar huquqlari va gender tenglik sohasida eng katta natijalarga erishgan 5 ta mamlakatdan biri sifatida qayd etildi.
Umidjon Qurbonov, Oybek Pardayev (surat), O‘zA
- Qo'shildi: 30.01.2025
- Ko'rishlar: 736
- Chop etish