Fraksiyalar yig‘ilishida muhim masala ko‘rib chiqildi

Fraksiyalar yig‘ilishida muhim masala ko‘rib chiqildi

2022 yil 24 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP, Xalq demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyalarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

 Unda “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi yakunlari asosida Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar atroflicha ko‘rib chiqildi.

 Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar negizini tashkil etuvchi “Inson qadri uchun” g‘oyasi hamda hozirgi islohotlarimizning bosh tamoyili bo‘lgan degan yondashuv Konstitutsiyamizning mazmuniga chuqur singdirilmoqda.

 Qonun loyihasi muhokamalarida yoshlar, o‘qituvchilar, tibbiyot xodimlari, tadbirkorlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, siyosiy partiyalar faollari, vatanimiz taqdiriga befarq bo‘lmagan barcha yurtdoshlarimiz katta qiziqish bilan ishtirok etib, o‘z takliflarini bildirdi. Pirovardida umumxalq muhokamasi doirasida 150 mingdan ortiq takliflar kelib tushdi.

 Bundan tashqari, siyosiy partiya fraksiyalari a’zolari o‘z tavsiyalarini Bosh qomusimizda aks ettirish maqsadida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan takliflarni qabul qiladigan va umumlashtiradigan “Fraksiya – markaz – viloyat – tuman” tartibida ishlaydigan tizim yo‘lga qo‘yildi. Mazkur tizim orqali fraksiyalarga taqdim etilgan fikr va takliflarni muhokama qilish hamda mas’ul qo‘mitalarga yo‘naltirish amaliyoti joriy etildi.

 Shuningdek, ushbu jarayonda fraksiya a’zolari jamoatchilikning keng qatlamlari vakillari bilan ochiq muloqot tadbirlari o‘tkazib, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha taklif-mulohazalar olishga alohida e’tibor qaratdi.

 Fraksiyalar a’zolari Konstitutsiyaviy islohotlar yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bildirar ekan, xalqimizning takliflari asosida shakllantirilgan konstitutsiyaviy qonun loyihasida davlatning ishsizlikni tugatishi, soliqqa tortishning adolat prinsiplariga mos bo‘lishi, davlatning zarur hollarda xorijdagi fuqarolarga huquqiy va boshqa yordam ko‘rsatishi, mehnat huquqlarini davlat tomonidan himoya qilinishi, ayollar va erkaklar huquqlarining tengligi, yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor vazifalaridan biri bo‘lishi, odil sudlov faqat sud tomonidan amalga oshirilishini belgilash va boshqa shu kabi takliflar o‘rin olganini alohida e’tirof etishdi.

 Deputatlar Konstitutsiyaviy komissiya hamda mas’ul qo‘mitalar tomonidan amalga oshirilgan ishlarni ma’qullashdi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasini jamiyatdagi bugungi real voqelikka, shiddatli islohotlarimiz mantig‘iga moslashtirishga qaratilgan takliflarni ilgari surib, o‘zlarining pozitsiyalarini bildirishdi.

 Yig‘ilishda Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish maqsadida fraksiyalar oldida turgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti

 

Powered by GSpeech