Nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun 15 milliongacha subsidiya ajratiladi

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 21 dekabrdagi «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har yili 500 nafargacha nogironligi bo‘lgan yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida subsidiya ajratib borish tizimini joriy etish vazifasi belgilangan.

Ushbu tizimni joriy etish maqsadida 21 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Nogironligi bo‘lgan yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida» qarori tasdiqlandi.

Mazkur qarorda Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har yili 500 nafargacha 14-30 yoshdagi nogironligi bo‘lgan yoshlarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha, jumladan, 15 milliongacha bo‘lgan miqdorda subsidiya ajratish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Subsidiya 2 ta yo‘nalishda ajratiladi, xususan, nogironligi bo‘lgan yoshlarga o‘qish, yashash va transport xarajatlarini qoplash uchun, asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun beriladi.

Hujjatlar qanday qabul qilinadi.

Subsidiya olishni xohlovchi qarorga muvofiq subsidiya ajratishni so‘rab murojaat qilgan o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan nogironligi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, O‘zbekiston Respublikasi hududida yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs nomidan murojaat qilgan uning qonuniy vakili) tomonidan nodavlat ta’lim tashkilotida o‘qish yoki asbob-uskuna xarid qilish uchun subsidiya ajratishni so‘rab davlat xizmatlari markaziga murojaat qiladi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Yoshlar ishlari agentligiga bevosita ariza yuboradi.

Arizalarni qabul qilish xizmati davlat xizmatlari markazi tomonidan bepul amalga oshiriladi.

Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Yoshlar ishlari agentligi tomonidan nogironligi bo‘lgan yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida subsidiya ajratib borish tartibiga bag‘ishlangan brifingda agentlik axborot xizmati rahbari Nodirjon Abduqodirov ma’lumot berdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilda 500 nafar talabgorga subsidiya ajratilgandan so‘ng subsidiya berish uchun ariza qabul qilish to‘xtatiladi. Keyingi yillar subsidiya ajratish uchun arizalar 2023 yildan boshlab har yili — 10 yanvardan qabul qilinadi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA

Powered by GSpeech