Yer – bizning yagona uyimiz, borlig‘imiz, hayotimiz, bugunimiz va ertamiz. Shunday ekan, ona Yerni asrash, uni borligicha saqlash, yerga, tuproqqa zazar yetkazmaslik insoniyat oldidagi burch va vazifadir.
Ma’lumki, Yer sayyorasi vujudga kelganiga qariyb to‘rt yarim milliard yil bo‘lgan. Uning 29 foizdan ortiqrog‘i quruqlikdan, qolgan qismi esa dengiz va okeanlardan iborat. Ishlov beriladigan maydonlar esa bor-yo‘g‘i 11 foizni tashkil qiladi. Bu turdagi yerlar kam bo‘lishiga qaramay, insoniyatning hayoti uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarining 88 foizini yetishtirib beradi.
Bugungi kunda ona zamin va tabiat bilan bog‘liq ekologik muammolar — iqlim o‘zgarishlari, pandemiya, o‘rmonlarning qisqarishi va cho‘llanish jarayonlari, muzliklarning erishi, noyob jonivorlarning qirilib ketayotgani, o‘simlik dunyosining kamayayotgani singari masalalar Yerni asrash va unga zarar yetkazmaslikning yanada dolzarbligini oshiradi. Bu kabi muammolar qarshisida odamlarning ona sayyorani himoya qilish yo‘lida birdamligi g‘oyat muhimdir.
22-aprel — Xalqaro Yer kuni. Ushbu sana 2009-yilda BMT Bosh Assambleyasining 63-sessiyasida 50dan ortiq davlat vakillari tomonidan ma’qullangan va 2010-yildan buyon keng nishonlab kelinadi.
22-aprel sanasi turli mamlakatlarda insonlarni sayyoramiz yagonaligini his etish, barcha kuchlarni dunyoda xavfsizlikni ta’minlash, xalqaro tinchlikni saqlash va barcha insonlarning yagona uyi hisoblangan Yerni himoya qilishga chorlaydi.
Ona zamin yagona uyimiz, borlig‘imiz ekan, undan boshqa boradigan joyimiz yo‘q. Shuning uchun ham Yer bilan bog‘liq barcha muammolarni, hayot-mamot masalalarini o‘zimiz hal qilishimiz, har birimiz shu zamin, tuproq, tabiat, borliq uchun nimadir qilishga harakat qilishimiz lozim. Zero, kundan kunga keskinlashib borayotgan ekologik muammolarning ham asosiy aybdori, sababchisi insoniyatdir, ularni yumshatish ham o‘z qo‘limizda!
Muhtarama Komilova,
O‘zA
- Qo'shildi: 22.04.2024
- Ko'rishlar: 1766
- Chop etish