Mahkumlar huquqlari

Mahkumlarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib ularning ba’zi huquqlari cheklanishiga qaramasdan ular bir qator  asosiy huquqlarga ega bo‘ladilar.

Xususan, barcha mahkumlarga inson sifatida o‘ziga xos qadr-qimmati tufayli hurmat bilan munosabatda bo‘lish;

irqi, rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa e’tiqodi, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy, mulk yoki boshqa mavqei bo‘yicha kamsitmaslik;

ularning diniy e’tiqodlari va madaniy an’analarini hurmat qilish;

barcha mahkumlar inson shaxsini har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan madaniy tadbirlarda qatnashish va ta’lim olish;

mahkumlarning mamlakat mehnat bozoriga qayta integratsiyalashuvini osonlashtiradigan va o‘zlarini va oilalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga hissa qo‘shishga imkon beradigan mazmunli, pullik ish bilan shug‘ullanish;

mamlakatda mavjud bo‘lgan sog‘liqni saqlash xizmatlaridan ularning huquqiy ahvoliga qarab kamsitilmasdan foydalanish va boshqalar.

Shuningdek, barcha mahkumlar Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida va agar manfaatdor davlat ishtirokchi bo‘lsa, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktda va Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt va unga fakultativ protokol, shuningdek, BMTning boshqa inson huquqlari bo‘yicha xalqaro konvensiyalarida nazarda tutilgan huquqlari va asosiy erkinliklarini (ozodlikning cheklanishi va saylov jarayoni bilan bog‘liq ba’zi huquq va erkinliklar  bundan mustasno) saqlab qoladilar.

Xalqaro miqyosda mahkumlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ko‘plab halqaro va mintaqaviy hujjatlar qabul qilingan. 1955 yilda BMTning Jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarlarga qarshi kurash bo‘yicha birinchi Kongressida Mahkumlar bilan muomala qilishning minimal standart qoidalari qabul qilindi. 2015 yilda BMT Bosh Assambleyasi XX asrning eng taniqli mahbuslaridan biri sharafiga ushbu qoidalarning yangilangan va kengaytirilgan versiyasini (“Nelson Mandela qoidalari”) tasdiqladi.

Natijada, Nelson Mandela qoidalari a’zo davlatlar uchun sudgacha qamoqda saqlanayotgan shaxslardan tortib, ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan mahkumlarning huquqlari bo‘yicha batafsil ko‘rsatmalarni o‘z ichiga oladi.

Qoidalar mahkumlarning insoniy qadr-qimmatini hurmat qilish, qiynoq va boshqa turdagi suiiste’mollarga yo‘l qo‘ymaslik majburiyatiga asoslanadi. Qoidalarda intizomiy choralardan tortib sog‘liqni saqlashgacha bo‘lgan keng ko‘lamli masalalar bo‘yicha ko‘rsatmalar batafsil bayon etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28-moddasida ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishi hamda inson shaxsiga xos bo‘lgan sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga ega ekanligi kafolatlangan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksida (JIK) mahkumlar huquqlari belgilab berilgan. Jumladan, JIKning 9-moddasiga ko‘ra mahkumlar quyidagi huquqlarga ega:

jazoni o‘tash tartibi va shartlari to‘g‘risida, o‘z huquqlari va majburiyatlari haqida axborot olish;

jazoni ijro etuvchi muassasa yoki organ ma’muriyatiga, boshqa davlat organlari va jamoat birlashmalariga o‘z ona tilida yoki boshqa tilda taklif, ariza va shikoyatlar bilan murojaat etish;

o‘z taklif, ariza va shikoyatlariga murojaat etilgan tilda javob olish. Murojaat etilgan tilda javob berishning iloji bo‘lmagan taqdirda javob O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida beriladi. Javobni intizomiy qismga jo‘natish va ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs murojaat etgan tilga tarjima qilib berish jazoni ijro etuvchi muassasa yoki organ tomonidan ta’minlanadi;

tushuntirish berish hamda yozishmalar olib borish, zarur hollarda tarjimonning shu jumladan surdotarjimonning xizmatidan foydalanish;

o‘quv, badiiy va boshqa xil axborot materiallaridan foydalanish;

sog‘lig‘ini saqlash, shu jumladan tibbiy xulosaga ko‘ra ambulatoriya-poliklinika va statsionar sharoitda tibbiy yordam olish;

ob-havo sharoiti yo‘l qo‘ysa, ishdan bo‘sh vaqtida toza havoda jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish;

jazoni ijro etish muassasasining psixologik xizmat ko‘rsatish xodimlari tomonidan ko‘rsatiladigan psixologik yordamni olish. Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning psixologik yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq tadbirlarda ishtirok etishi faqat ularning roziligi bilan amalga oshiriladi;

mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq xavfsiz mehnat sharoitiga ega bo‘lish, dam olish, ta’tilga chiqish, shuningdek mehnatiga haq to‘lanishi;

mahkum ajnabiy fuqarolar shuningdek o‘z davlatlarining diplomatiya vakolatxonalari va konsullik muassasalari bilan, O‘zbekiston Respublikasida diplomatiya va konsullik muassasalari bo‘lmagan mamlakatlarning fuqarolari esa, ularning manfaatlarini himoya qilishni o‘z zimmasiga olgan davlatning diplomatiya vakolatxonalari bilan aloqa qilib turish huquqiga ega.

Ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovlarida hamda referendumda ishtirok etish huquqiga ega.

Powered by GSpeech