Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash xalqimiz uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratib berishga qaratilgan demokratik islohotlarning bosh mezoni hisoblanadi.
Dunyo tajribasini o‘rgangan holda, shuningdek, inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish maqsadida 2020 yil 22 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi.
Inson huquqlarini himoya qilish va rivojlantirish maqsadida dunyo mamlakatlari o‘zlarining milliy strategiya va harakat rejalarini qabul qilmoqda. Har bir davlatning ushbu yo‘nalishdagi strategiyasi o‘z milliy xususiyatlari va xalqaro majburiyatlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan. Bugungi kunga kelib, jahonning 40 dan ortiq davlati inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyasi (rejasi)ni qabul qilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya xalqimiz turmush darajasi va farovonligini oshirishning eng muhim va zaruriy sharti sifatida O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha izchil olib borilayotgan davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy vazifalari va yo‘nalishlarini belgilab beradi.
Prezident Shavkat Mirziyoevning 2021 yil 22 fevraldagi BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari mamlakatimizda har bir insonning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashni ko‘zda tutadigan “hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik” tamoyili asosida amalga oshirishda Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyani amalga oshirish ahamiyatini ta’kidlab o‘tdi.
Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga tizimli hamda bosqichma-bosqich implementatsiya qilinmoqda. Bugungi kunda O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi 90 dan ortiq xalqaro hujjat normalari milliy qonunchilikda o‘z aksini topgan.
Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya quyidagi 5 ta ustuvor yo‘nalishlardan iborat:
- Shaxsiy va siyosiy huquqlarni himoya qilish;
- Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni himoya qilish hamda barqaror rivojlanish;
- Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga implementatsiya qilish hamda monitoring qilish mexanizmlarini takomillashtirish;
- Inson huquqlari sohasida huquqiy savodxonlikni oshirish, jumladan bu borada axborot tarqatish, ta’lim berish faoliyatini samarali tashkil etish;
- Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, xorijiy mamlakatlarning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirish.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Milliy strategiyaning bajarilishini muntazam monitoring qilib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Prezident Administrasiyasi va Vazirlar Mahkamasiga umumlashtirilgan ma’lumotni kiritib bormoqda.
Bugungi kunga qadar Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiyani amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ning 78 ta bandidan 69 ta bandi (88%) to‘liq bajarildi, 2 ta bandi (3%) nazoratdan yechildi, 7 ta bandni (9%) amalga oshirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
2020–2024 yillarda inson huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga bevosita qaratilgan 58 ta qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 57 ta farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining
29 ta qarorlari qabul qilindi.
- Shaxsiy va siyosiy huquqlarni himoya qilish yo‘nalishda 2020–2024 yillarda Milliy strategiya doirasida 25 ta tadbir tashkil etildi, 2 ta videorolik tayyorlandi, 200 dan ortiq jamoatchilik monitoringi o‘tkazildi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda qabul qilinishi belgilangan 13 ta qonundan 9 tasi qabul qilindi:
- “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun (yangi tahrirdagi) (2020 yil 17 avgust);
- “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun (2021 yil 8 fevral);
- “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun (2021 yil 27 aprel);
- “O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun (2021 yil 31 may);
- “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi qonun (2021 yil 4 iyun);
- “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun (yangi tahrirdagi) (2021 yil 5 iyul);
- “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun (2021 yil 7 dekabr);
- “Favqulodda holat to‘g‘risida”gi qonun (2021 yil 15 dekabr);
- “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun (2023 yil 16 iyun).
Qabul qilingan ushbu Qonunlar jamiyatdagi inson huquqlari yo‘nalishida mavjud muammolarni hal qilishga qaratilgan.
Xususan, mamlakatimizda bolalar mehnatiga batamom barham berildi, majburiy mehnatga jalb qilish holatlari keskin qisqardi. 2022 yil 10 mart kuni paxtadan tayyor mahsulotlar ishlab chiqaruvchi va ular bilan savdo qiluvchi jahondagi yetakchi kompaniyalarni birlashtiruvchi Cotton Campaign koalitsiyasi O‘zbekistonda majburiy va bolalar mehnati batamom bartaraf etilganligini tan olib, O‘zbekiston paxtasiga qo‘yilgan boykotni bekor qildi. Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha milliy qonunchilik takomillashtirildi, oxirgi 5 yilda ushbu yo‘nalishda 40 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.
Sud tizimini izchil demokratlashtirish, sud hokimiyatining mustaqilligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy normaga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash mamlakatimizni yanada rivojlantirishning eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. 2021 yilda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi qonun bu sohadagi muhim qadamlardan biridir.
Yurtimizda vijdon erkinligini ta’minlash har doim ustuvor vazifalardan biri bo‘lib kelgan. Shu bois, 2021 yilda yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Qonundagi prinsipial yangiliklar diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning izchil davomi sifatida, avvalo, har bir insonning vijdon erkinligini ta’minlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga, huquqni qo‘llash amaliyotiga aniqliklar kiritildi.
Qonun bilan belgilab qo‘yilgan vijdon erkinligini ta’minlash sohasidagi asosiy ustuvorliklar konfessiyalar o‘rtasida tinchlik va totuvlikni ta’minlash, dunyoviy davlatchilik tamoyilini kafolatlash, shuningdek, aholi ongi va qalbiga yot g‘oyalarning singdirilishiga qarshi ma’rifat yo‘li bilan kurashishni nazarda tutadi.
Milliy strategiya doirasida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy maqomini aniqlash, respublikadagi mehnat faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, mamlakatdan chiqish va unga kirishni tashkil etish tizimi va mexanizmlarini tartibga solish maqsadida 2021 yilda “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Aytish kerakki, bunday holatlarni bartaraf etish maqsadida O‘zbekistonda 2024 yilgacha bo‘lgan muddatda fuqarosizlikka barham berish borasida “Men mansubman” (“#Ibelong”) global kampaniyasini amalga oshirish bo‘yicha qator ijobiy ishlar qilindi. Xususan, 2017–2024 yillar davomida 80 554 nafar shaxsga O‘zbekiston fuqaroligi berildi.
Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish inson huquqlarini himoya qilish va ijtimoiy adolatni ta’minlash vositasi sifatida katta ahamiyatga ega. Bu tizim har bir shaxsga ijtimoiy yoki iqtisodiy holatidan qat’i nazar, o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilish imkoniyatini beradi. Shuningdek, huquqiy yordam ko‘rsatish qonun ustuvorligini ta’minlash va jamiyatda qonuniy madaniyatni shakllantirishga qaratilgan muhim qadamdir. 2023 yilda qabul qilingan “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun bilan davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladigan ishlar ro‘yxatiga fuqarolik, ma’muriy va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni kiritish orqali fuqarolarning bepul yuridik yordam olish imkoniyatlari kengaytirildi.
Mamlakatimiz xalqaro munosabatlarning teng huquqli sub’ekti sifatida O‘zbekiston tomonidan ratifikasiya qilingan shartnomalarning bajarilishi bo‘yicha BMTning shartnomaviy organlariga o‘z vaqtida Davriy ma’ruzalarni taqdim etib kelmoqda.
2020–2024 yillar davomida inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarning bajarilishi yuzasidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi va shartnomaviy qo‘mitalariga O‘zbekiston Respublikasining 7 ta Davriy ma’ruzalari taqdim etildi, shundan 5 tasi ko‘rib chiqildi va tegishli tavsiyalar berildi.
Milliy strategiya doirasida 2021–2024 yillarda BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari hamda boshqa mexanizmlarining tavsiyalarini amalga oshirish maqsadida 7 ta yangi milliy harakatlar rejasi qabul qilindi.
O‘zbekistonda inson huquqlari holati, shu jumladan inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hujjatlar bajarilishini monitoring qilishda jamoatchilik nazorati rolini oshirish maqsadida davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Xususan, 2022–2024 yillarda Nodavlat notijorat tashkilotlari va davlat tashkilotlari o‘zaro hamkorligida “Inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlashda nodavlat notijorat tashkilotlari va davlat organlarining hamkorligi” mavzusida 3 ta Milliy forum tashkil etildi.
Shu bilan birga, ushbu yo‘nalishda “O‘zbekiston Respublikasida ommaviy tadbirlar to‘g‘risida”, “Sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining huquqiy asoslarini shakllantirish to‘g‘risida”, “Advokatura va advokatlik faoliyati to‘g‘risida”, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunlar loyihasi hamda O‘zbekiston Respublikasining Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi kodeksi, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining yangi tahriri, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining yangi tahriri loyihalari ishlab chiqildi. Ammo ushbu Kodeks va Qonun loyihalarini qabul qilish bo‘yicha ishlar yakuniga yetkazilmagan.
- Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni himoya qilish hamda barqaror rivojlanish yo‘nalishida 10 ta qonun, 2 ta Prezident qarori, 3 ta Hukumat qarori hamda 1 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari, 2 ta Milliy harakatlar rejasi, 2 ta konsepsiya, 2 ta dastur ishlab chiqildi, 6 ta monitoring hamda 2 mingdan ortiq targ‘ibot tushuntirish tadbirlari, 4 ta davra suhbatlari o‘tkazildi, 10 ga yaqin videoroliklar tayyorlandi.
Shuningdek, ushbu yo‘nalishda qabul qilinishi belgilangan 10 ta qonundan 7 tasi qabul qilindi:
- “Aholi bandligi to‘g‘risida” (2020 yil 20 oktyabr);
- “Ta’lim to‘g‘risida” (yangi tahrirda 2020 yil 23 sentyabr);
- ““Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida” (2022 yil 18 yanvar);
- “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida” (2022 yil 28 oktyabr);
- “Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida” (2024 yil 14 fevral);
- “Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida” (2023 yil 17 yanvar);
- “Pedagogning maqomi to‘g‘risida” (2024 yil 1 fevral) qonun.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni bilan aholini ijtimoiy himoya qilishning yo‘nalishlari belgilandi. Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida mamlakatimizda doimiy ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 2016 yilda 466 ming nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bugunga kelib 2 milliondan oshdi.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 18 yanvardagi “O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Konsepsiya BMTning “Yoshlar – 2030” strategiyasida belgilangan “Yoshlar manfaatlarini ko‘zlab, ular bilan ishlash” bosh tamoyiliga asoslandi.
Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni himoya qilish yo‘nalishida belgilangan davlat organlarida, nodavlat va xususiy tashkilotlarda, ayniqsa, qarorlar qabul qilish bilan bog‘liq yuqori lavozimlarda ayollarning teng vakilligini ta’minlash siyosatini takomillashtirish vazifasini amalga oshirish maqsadida 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining “2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi. Ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hamda ma’naviy hayotda xotin-qizlarning ishtiroki tobora kengayib, ularning davlat boshqaruvidagi ulushi 35% ga, tadbirkorlik sohasida 37% ga, siyosiy partiyalar tarkibida esa 49% ga yetdi.
2024 yilga kelib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 38%, Senat a’zolarining 27%, mahalliy kengashlar deputatlarining 25% ayollardan iborat. Vazir va vazirga tenglashtirilgan lavozimlarda xotin-qizlar ulushi 2018 yilda qariyb 3 % ni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan davrda bu ko‘rsatgich ikki barobar oshib, 5,7 %ga yetkazilgan.
Ishchi-xodimlar huquqlarini himoya qilishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida 2022 yil 28 oktyabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun imzolandi. Yangi Mehnat kodeksida mehnatga oid munosabatlarni huquqiy tartibga solish asoslari insonning mehnat huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirildi. Xususan, insonning mehnat qilishga bo‘lgan o‘z qobiliyatlarini tasarruf etish, ularni qonun bilan taqiqlanmagan har qanday shaklda amalga oshirish, mashg‘ulot turini, kasbni va mutaxassislikni, ish joyini hamda mehnat sharoitlarini erkin tanlash huquqi mustahkamlandi.
- Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga implementatsiya qilish hamda monitoring qilish mexanizmlarini takomillashtirish yo‘nalishida2 ta kodeks loyihasi ishlab chiqildi, 30 ta o‘quv kursi, 2 ta davra suhbati, 14 ta trening o‘tkazildi, 6 ta o‘quv qo‘llanma va 17 ta maqola chop etildi.
Shuningdek, ushbu yo‘nalishda qabul qilinishi belgilangan 5 ta qonundan 4 tasi qabul qilindi:
- “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun (2020 yil 15 oktyabr);
- “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun (2024 yil 15 noyabr);
- “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi qonun (2024 yil 29 fevral);
- “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun (2024 yil 28 avgust).
O‘zbekistonda inson huquqlari faoliyatini kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Prezidentining 2022 yil 25 martda qabul qilingan “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatining moddiy-texnika ta’minotini yanada yaxshilash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Inson huquqlari bo‘yicha axborot-kutubxona markazi – “Inson huquqlari uyi” tashkil etildi.
2024 yil 3 dekabr kuni Markazning Inson huquqlari bo‘yicha axborot-resurs markazi negizida yangi ma’rifat maskani – “Inson huquqlari uyi”ning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
“Inson huquqlari uyi” mamlakatimizda inson huquqlari bo‘yicha faoliyatni kuchaytirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yaratilgan ixtisoslashtirilgan platforma, ya’ni “inson huquqlari ma’rifati maydoni” hisoblanadi. Bu yerda, jumladan, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro va milliy hujjatlar, ilmiy tadqiqotlar, sharhlar va tahliliy hisobotlarning zamonaviy kutubxonasi shakllantirildi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish va ularning huquqlarini kafolatlash maqsadida nogironlar huquqlarini amalga oshirish va himoya qilish kafolatlari, ularning kamsitilishining oldini olish hamda jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida teng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan normalarga ega “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun 2020 yil 15 oktyabrda qabul qilindi.
Shuningdek, mamlakatimizda birinchi marta O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun matni Brayl alifbosida kitob holida nashrdan chiqdi. Ushbu rasmiy nashrlar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va “Adolat” milliy-huquqiy axborot markazi tomonidan chop etildi.
BMTning inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari qarorlarining ijrosini ta’minlash yuzasidan doimiy monitoring amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, 2021–2024 yillarda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan inson huquqlari sohasidagi turli yo‘nalishlar yuzasidan 23 ta monitoring tadbirlari amalga oshirildi.
Inson huquqlari sohasida huquqiy savodxonlikni oshirish, jumladan bu borada axborot tarqatish, ta’lim berish faoliyatini samarali tashkil etish yo‘nalishida 1 ta Prezident qarori, 1 ta chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi, 1 ta kodeks loyihasi ishlab chiqildi, 1415 ta axborot-tahliliy va obrazli media materiallar hamda videoroliklar tayyorlandi, 3900 dan ortiq targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi.
O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari ta’limi sohasidagi butunjahon dasturida faol ishtirok etmoqda. Mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi ta’limni yanada takomillashtirish, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi ijrosini ta’minlash, shuningdek, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida 2022 yil 7 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PQ-46-son qarori qabul qilindi.
Ushbu Milliy ta’lim dasturi doirasida quyidagi ishlar amalga oshirildi.
Yoshlarning inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xabardorligini oshirish yo‘nalishida 2023 yil 20–28 fevral kunlari “Inson huquqlari haftaligi” tashkil etildi.
Haftalik davomida oliy va umumta’lim muassasalarida “Yangi O‘zbekiston va inson huquqlari”, “Inson huquqlari – oliy qadriyat” mavzularida 50 ga yaqin seminar, davra suhbati, mahorat darslari, videokonferensiya va uchrashuvlar o‘tkazildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzuridagi inson huquqlari bo‘yicha malaka oshirish o‘quv kurslarida davlat organlarining tegishli xodimlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining inson huquqlari sohasidagi malakasi muntazam ravishda oshirib kelinmoqda. Jumladan, 2020–2024 yillarda “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba”, "Nelson Mandela qoidalarining asosiy tamoyillari", “Qiynoqlar va Istanbul protokoli bo‘yicha tibbiy-huquqiy hujjatlashtirish kursi" mavzularida tashkil etilgan o‘quv seminarida ichki ishlar va prokuratura tizimidagi tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalarining jami 2674 nafar xodimi malaka oshirdi.
Bundan tashqari, “Ayollar huquqlarini himoya qilishda xalqaro va milliy mexanizmlar”, “Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosati va mazkur sohada xalqaro majburiyatlarning bajarilishi masalalari”, “Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilishning xalqaro standartlari: amaliyot va hisobot” mavzularida tashkil etilgan o‘quv seminarlarida esa tegishli davlat tashkilotlarining 1036 nafar xodimlari ishtirok etib, inson huquqlari sohasidagi bilimini oshirdi.
Bu borada 2020–2024 yillarda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan 60 ga yaqin adabiyot hamda “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining 20 ta soni nashr etilib, davlat organlari va tashkilotlariga tarqatildi.
Milliy strategiya doirasida inson huquqlari sohasidagi ta’lim yo‘nalishida olib borilayotgan ilmiy faoliyatni rivojlantirish maqsadida 2021 yil 9 dekabrda Markaz, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat yuridik universitetini birlashtirgan Inson huquqlari sohasida xalqaro magistrlik dasturi bo‘yicha oliy o‘quv yurtlari Konsorsiumi tashkil etildi. Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universitetida “Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquq” magistratura yo‘nalishi ochildi.
Bundan tashqari, Milliy strategiya doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi qarori bilan “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ro‘yxati”ga 12.00.13 – Inson huquqlari (yuridik fanlar, sotsiologiya fanlari) ixtisosligi kiritildi, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzurida yuridik fanlar va sotsiologiya fanlari bo‘yicha fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini beruvchi Ilmiy kengash tuzildi.
2021–2024 yillarda inson huquqlari ixtisosligi bo‘yicha 5 ta falsafa doktori (PhD) va doktorlik (DSc) dissertasiyalarining himoyasi amalga oshirildi.
Inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishga katta hissa qo‘shgan fuqarolarni rag‘batlantirish maqsadida Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya asosida Prezidentimiz tashabbusi bilan 2020 yilda “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni ta’sis etildi.
2020–2024 yillarda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, inson huquqlari madaniyatini oshirish hamda sohani rivojlantirish ishlariga munosib hissa qo‘shgan 51 ta milliy va 17 ta xorijiy sovrindorlar ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
- Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, xorijiy mamlakatlarning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirish yo‘nalishida BMT Bosh kotibining “Inson huquqlari yo‘lida harakatga da’vat” tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan holda Milliy strategiya doirasidagi islohotlar asnosida 2020–2024 yillarda inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, xorijiy mamlakatlarning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari bilan hamkorlik yanada rivojlandi.
Mamlakatimiz xalqaro tashkilotlar doirasida xalqaro normalarni yaratish jarayonida faol ishtirok etmoqda. Xususan, so‘nggi yillarda O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 10 dan ortiq maxsus rezolyusiya, shuningdek Inson hukuqlari bo‘yicha kengashi doirasida 5 ta rezolyusiya qabul qilindi.
O‘zbekiston taklifiga binoan inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda bu boradagi islohotlar bilan tanishish maqsadida BMT Bosh kotibi A.Guterrish, Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktori J.Ungbo, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari F.Tyurk, Yevropa Ittifoqining Inson huquqlari bo‘yicha maxsus vakili I.Gilmor, YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori M.Mekachchi, Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiya delegasiyasi, shuningdek, BMTning Terrorizmga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachi F. Ni Aolayn hamda Munosib turar-joy masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachi B. Rajagopal mamlakatimizga tashrif buyurishdi.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga O‘zbekiston Respublikasi saylanishini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilib, 2020 yil 13 oktyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida bo‘lib o‘tgan saylovda O‘zbekiston milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga uch yil muddatga – 2021–2023 yillarga saylandi. Mamlakatimiz uchun BMTga a’zo 193 davlatdan 169 tasi ovoz berdi.
Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi qarorgohida 2024 yil 29 may kuni bo‘lib o‘tgan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga a’zo davlatlarning 40-sessiyasida O‘zbekiston vakili 2025–2028 yillarga BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga birinchi marta saylandi.
O‘zbekistonning BMTning nufuzli shartnomaviy organiga
Milliy strategiya doirasida O‘zbekistonning inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha qator xalqaro shartnomalarga qo‘shilishi masalasini ko‘rib chiqish vazifasi belgilangan. Jumladan, 2020–2024 yillarda 7 ta xalqaro shartnomalar ratifikatsiya qilindi:
Milliy strategiya doirasida har ikki yilda bir marotaba Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi yuqori tashkiliy darajada o‘tkazib kelinmoqda.
2020–2024 yillarda:
- “Yoshlar ̶ 2020: global birdamlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari”;
- “Inson huquqlari sohasida ta’lim”;
- “Ekologik tahdidlar: o‘zgarayotgan dunyoda inson huquqlarining istiqboli va barqaror yechimlarni izlash” mavzularidagi 3 ta Samarqand forumi tashkil qilindi.
2020–2024 yillarda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiyaning ijrosi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Prezidenti va Vazirlar Mahkamasiga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining inson huquqlari sohasida xalqaro majburiyatlarga rioya etilishi holati to‘g‘risidagi 4 marotaba yillik axborot taqdim etildi.
Dunyo davlatlari tajribasida inson huquqlari bo‘yicha parlament nazorati faoliyati hukumatni inson huquqlariga rioya qilishga undaydi. Inson huquqlari bo‘yicha parlament nazoratini tashkil qilish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining 2020 yil 25 sentyabrdagi Qo‘shma qaroriga asosan Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasi tuzildi va uning tarkibi hamda Reglamenti tasdiqlandi. Parlament komissiyasining bugungi kunga qadar o‘tkazgan 22 ta yig‘ilishidan 12 tasida Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya monitoringi yuzasidan eshituvlar bo‘lib o‘tdi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi va uning “Yo‘l xaritasi” bandlarining bajarilishi yuzasidan umumlashtirilgan ma’lumot har chorakda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarida muhokama qilish uchun yuborildi. Xususan, 2020–2024 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari Surxondaryo, Navoiy, Farg‘ona, Xorazm viloyatlari Kengashlari yig‘ilishlarida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi ijrosi yuzasidan muhokama o‘tkazilib, 10 ta hududiy Xalq deputatlari kengashi qarorlari qabul qilindi.