Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzuridagi Jamoatchilik kengashining majlisi
2-sonli BAYoNNOMASI
2025 yil 30 aprel Toshkent shahri
Raislik qiluvchi: A.Saidov - Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilgacha bo‘lgan Milliy strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh raisi
Qatnashdilar: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, respublika vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilgacha bo‘lgan Milliy strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh a’zolari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, Markaz xodimlari
KUN TARTIBI
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilgacha bo‘lgan Milliy strategiyasi loyihasini muhokama qilish, Loyiha bo‘yicha taklif va tavsiyalar olish
(A.Saidov, M.Tillabaev, D.Muratova, M.Nurmatova, B.Raxmonov, O.Isakov, F.Normatov, T.Muradov, Sh.Soburov, F.Rajabov, Sh.To‘xtasheva)
Markaz direktori A.Saidov bugungi yig‘ilish ishtirokchilarini kun tartibidagi masalalar bilan tanishtirdi hamda Loyihani ishlab chiqish jarayoni, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilgacha bo‘lgan milliy strategiyasi loyihasining asosiy qoidalari va undagi chora-tadbirlar, Milliy strategiyaning tuzilishi, shuningdek Milliy strategiyani qabul qilish doirasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish orqali erishiladigan natijalarga qisqacha to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari M.Nurmatova Milliy strategiya loyihasida xotin-qizlar huquqlari va gender tengligi masalalariga keng to‘xtalib o‘tilgani, uning xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlariga to‘la mos kelishi, shuningdek bugungi kunda ushbu sohada mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha chora-tadbirlar yetarlicha nazarda tutilganligi to‘g‘risida gapirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi boshqarma boshlig‘i, Milliy strategiya loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh a’zosi B.Raxmonov so‘nggi yillarda mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani, ushbu sohada qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek Milliy strategiyada ijtimoiy himoya masalalari alohida urg‘u berilgani, ijtimoiy himoya tizimiga xususiy sektorni jalb qilish, ijtimoiy uy-joy bilan ta’minlash masalalari xususida to‘xtalib, Milliy strategiyaning O‘zbekistonning inson huquqlari va ijtimoiy himoya sohasidagi siyosiy irodasini namoyon etuvchi dasturiy harakatlar rejasi ekanligini ta’kidladi.
O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi raisi O.Isakov esa, Milliy strategiya loyihasidagi Milliy qonunchilik va amaliyotni BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalari va tamoyillariga muvofiqlashtirish, Nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy, muhandislik va transport infratuzilmasi ob’ektlaridan hamda ularning xizmatlaridan foydalanish imkoniyatining majburiy milliy standartlarini ishlab chiqish, ta’lim muassasalarida inklyuziv ta’lim bo‘yicha resurs markazlari tarmog‘ini rivojlantirish masalalari haqida gapirdi va bir qator takliflar bildirdi.
Milliy strategiya loyihasi bo‘yicha milliy maslaxatlashuvlar doirasidagi muhokamalarda “Adolat ko‘zgusi” gazetasi bosh muharriri F.Normatov Loyihaga pensionerlar huquqlarini yanada ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni kiritish, Veteran faxriy jangchilar birlashmasi raisi T.Muradov Loyihaga nogironligi bo‘lgan sobiq harbiy xizmatchilarning harakatlanishi usun qulayliklar yaratish, AOKA vakili Sh.Soburov Axborot kodeksi loyihasini ishlab chiqish muddatlarini kechiktirish, Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakili F.Rajabov Milliy strategiyada nazarda tutilgan chora-tadbirlarning moliyalashtirish manbalarini aniqlashtirish, Bosh prokuratura bo‘lim prokurori Sh.To‘xtasheva miting, yig‘ilish va namoyishlar, shuningdek, ommaviy tadbirlar to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni qayta ko‘rib chiqishni shuningdek, aholining Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiyadan xabardorligini oshirish va uni mamlakatimizning eng chekka hududlarida ham keng targ‘ib qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi raisi O.Isakov Milliy strategiya loyihasini Prezident farmoni bilan qabul qilish maqsadga muvofiqligi hamda2026-2030 yillarga mo‘ljallangan Nogironlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha milliy harakatlar dasturini ishlab chiqish bo‘yicha chora-tadbirlarni Milliy strategiya loyihasiga kiritish bo‘yicha takliflar bildirdilar.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilgacha bo‘lgan Milliy strategiyasi loyihasi o‘z vaqtida va sifatli ishlab chiqilishini tashkil etish maqsadida yig‘ilish
QAROR QILADI:
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 30 yanvardagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga doir davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF-16-son Farmoni ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida Milliy strategiya loyihasini tayyorlashni tezlashtirilsin.
- Ishchi guruh a’zolari Milliy strategiya loyihasini takomillashtirishda ushbu yig‘ilishda bildirilgan taklif va mulohazalarni inobatga olsin.
- Mazkur yig‘ilishining bayoni ijrosi ustidan nazoratni o‘z zimmamda qoldiraman.
Kengash kotibi G. Yuldasheva
Ўзбекча
English
Русский