BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 22 fevraldan ish boshlaydi

O'zbekiston ilk bor BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining a'zosi sifatida 2021 yil 1 yanvardan o'z vazifalarini bajarishga kirishdi.

Shu yil 22 fevraldan – 23 martgacha Jeneva shahrida Inson huquqlari bo'yicha kengashning 46-sessiyasi bo'lib o'tadi.

Bahorgi sessiya doirasida har yili bir marta Yuqori darajadagi segment majlisi o'tkaziladi. Joriy yilda BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasi Yuqori darajadagi segmentining majlisi 22-24 fevral` kunlari o'tkaziladi.

Segment majlisidan ko'zlangan maqsad – dunyo mamlakatlarida inson huquqlarini himoya qilish,  shuningdek  ushbu sohada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda Inson huquqlari bo'yicha kengash mexanizmlari va tartib-taomillarini mustahkamlashning dolzarb masalalarini yuqori siyosiy darajada muhokama qilishdan iborat.

Yuqori darajadagi segment Inson huquqlari bo'yicha kengashning yil davomidagi eng asosiy siyosiy tadbiri hisoblanadi. Mazkur Segment BMTga a'zo mamlakatlarning inson huquqlari va erkinliklarini rag'batlantirish hamda himoya qilish masalalari bo'yicha umumiy va o'zaro mutanosib yondashuvlarini ishlab chiqish va kelishib olish mexanizmi sifatida tuzilgan.

Har yili Yuqori darajadagi segment majlisida davlat boshliqlari va hukumat rahbarlari, tashqi ishlar vazirlari, inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar namoyandalaridan iborat turli mamlakatlar delegatsiyalari, bir qator xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etadi.

 

Ma'lumot uchun: BMT Bosh Assambleyasining 2006 yil 15 martdagi 60/251-son rezolyutsiyasiga muvofiq, ilgari faoliyat yuritib kelgan Inson huquqlari bo'yicha komissiya o'rniga BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi tashkil etilgan.

BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining bosh vazifasi – erkinlik, qonun ustuvorligi va adolatni targ'ib qilishdir. Shuningdek, Kengash jahon bo'ylab bu boradagi vaziyatni nazorat qilib, hukumatlarga ko'rsatma va tavsiyalar berib boradi.

BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi BMT Bosh Assambleyasining organi bo'lib, o'z majlislarini muntazam, yilida kamida uch marta – mart, iyun` va sentyabr` oylarida o'tkazadi. Ushbu sessiyalardan biri asosiysi sanaladi va uning ishi o'n hafta davom etadi. Kengash a'zolarining uchdan bir qismi talabi asosida, jumladan, muayyan mamlakatlardagi inson huquqlari bilan bog'liq tashvishli ahvolni o'rganish maqsadida maxsus favqulodda sessiyalar ham chaqirilishi mumkin.

BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi qarorgohi Jeneva shahrida joylashgan. BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi Kengash uchun kotibiyat vazifasini bajaradi.

Bosh  Assambleyaning 60/251-rezolyutsiyasi 7-bandiga muvofiq, "Kengash tarkibiga 47 ta a'zo-davlat kiradi va ularning har biri Bosh  Assambleyaning ko'pchilik a'zolari tomonidan bevosita yashirin ovoz berish yo'li bilan saylanadi".

Inson huquqlari bo'yicha kengash yil davomida inson huquqlari sohasida e'tibor qaratishni talab etadigan barcha masalalar va vaziyatlarni muhokama qilish vakolatiga ega. Kengash fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bilan bir qatorda, rivojlanishga bo'lgan huquq ta'minlanishiga ham birdek e'tibor qaratadi, shuningdek davlatlarga texnik ko'mak ko'rsatadi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech