6 soat ishlab 8 soatga oylik olsa bo‘ladimi?

Juda qiziq savol, to‘g‘rimi?

Nahotki, biror tashkilotda 6 soat ishlasangiz-u, sizga 8 soatga maosh to‘lashsa...

Keling bu masalaga oydinlik kiritamiz. Avvalo ish vaqti tushunchasiga ta’rif bersak: Ish vaqti bu:  Xodim ish tartibi yoki grafigiga yoxud mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq o‘z mehnat vazifalarini bajarishi lozim bo‘lgan vaqt.

                Ish vaqtiga quyidagilar kiradi:

Xodim mehnat majburiyatlarini haqiqatda bajargan vaqt;

Mehnat kodeksida nazarda tutilgan vaqt davrlari (xodimning aybisiz bekor turib qolingan vaqt, texnologiya hamda ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etish bilan bog‘liq bo‘lgan tanaffuslar, bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar va boshqalar), shuningdek mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan boshqa vaqt davrlari.

Ish vaqtining turlari qanday?

ish vaqtining normal davomiyligi;

ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi;

to‘liqsiz ish vaqti.

Ish vaqtining normal davomiyligi

Xodim uchun ish vaqtining normal muddati haftasiga 40 soatdan ortiq bo‘lishi mumkin emas.

Olti kunlik ish haftasida har kungi ishning muddati 7 soatdan, besh kunlik ish haftasida esa 8 soatdan ortib ketmasligi lozim. Tashkilotlarda ish kunlari bo‘yicha ish vaqti davomiyligining boshqa tartibi ham ko‘zda tutilishi mumkin. Bunda asosiysi ish vaqtining haftasiga 40 soatdan ortib ketmasligi.

Ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi

Ayrim toifadagi xodimlar uchun ularning yoshi, sog‘lig‘ining holati, mehnat shartlari, mehnat vazifalarining o‘ziga xos xususiyatlari va boshqa holatlar hisobga olingan holda qonunchilikka hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, shuningdek, mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq mehnatga to‘lanadigan haqni kamaytirmasdan ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi belgilanadi.

Ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi quyidagilarga majburiy tartibda belgilanadi:

18 yoshga to‘lmagan xodimlarga; 

I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga. 

Noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlarga 

ishi yuqori darajadagi ruhiy, aqliy, asabiy zo‘riqish bilan bog‘liq bo‘lgan tibbiyot xodimlariga, pedagoglar va boshqa toifadagi xodimlarga 

3 yoshgacha bo‘lgan bolaning byudjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda ishlaydigan ota-onasidan biriga (vasiysiga) 

To‘liqsiz ish vaqti.

Mehnat shartnomasi taraflarning kelishuviga ko‘ra xodimga ishga qabul qilish chog‘ida va keyinchalik to‘liqsiz ish vaqti (to‘liqsiz ish kuni (smena) va (yoki) to‘liqsiz ish haftasi, shu jumladan ish kunini qismlarga bo‘lgan holda) belgilanishi mumkin. To‘liqsiz ish vaqti ham muddati cheklanmagan holda, ham mehnat shartnomasi taraflari kelishgan har qanday muddatga belgilanishi mumkin.

Ish beruvchi:

Mehnat Kodeksining 398-moddasiga muvofiq homilador ayolning, 14 yoshgacha bo‘lgan bola (16 yoshgacha bo‘lgan nogironligi bo‘lgan bola) ota-onasidan birining (ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxsning), shuningdek oilaning betob a’zosini parvarishlashni amalga oshirayotgan shaxsning iltimosiga ko‘ra tibbiy xulosaga binoan;

nogironligi bo‘lgan shaxsning iltimosiga ko‘ra, agar mazkur shaxs uchun ish vaqtini belgilash Mehnat Kodeksi 424-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining tavsiyalarida nazarda tutilgan bo‘lsa;

To‘liqsiz ish vaqti va qisqartirilgan ish vaqtining asosiy farqi shundaki, to‘liqsiz  ish vaqtida ishlaydigan xodim ishlagan ishiga mutanosib ravishda ish haqi oladi, qisqartirilgan ish vaqtida ishlaydigan xodim esa, kam ishlagan bo‘lsa xam, to‘liq ish haqi oladi. 

Xullas,  mavzuga yakun yasaydigan bo‘lsak, qisqartirilgan ish vaqtida ishlash huquqiga ega imtiyozli guruhga kiruvchi xodimlar haftasiga 35 soat ishlab 40 soatga ish haqi olishadi. Bu 5 kunlik ish haftasida kuniga 6 soat emas, 7 soat bo‘ladik-u, deb o‘ylayapsizmi? 

Ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi majburiy tartibda belgilanadigan xodimlar toifasiga 3 yoshgacha bo‘lgan bolaning byudjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda ishlaydigan ota-onasidan biriga (vasiysiga)  degan bandiga e’tibor qaratamiz:

 Shu toifadagi xodimlarga  bolani ovqatlantirishi uchun xar 3 (uch) soatda yarim soatdan tanaffus beriladi. Bu tanaffuslar xodimning xohishiga ko‘ra ish kunining boshiga yoki oxiriga ko‘chirib berilishi mumkin. Endi hisoblab ko‘ringchi, 2 marta yarim soatlik tanaffus ish vaqtining yana bir soat qisqarishiga olib kelarmikan. Ana masalaning yechimi ham shu yerda.

Demak, ish vaqtining 6 soatida ishlab 8 soati uchun maosh olish mumkin bo‘lgan xodimlar – bular byudjet hisobidan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda ishlaydigan, 3 yoshgacha farzandi bor ota-ona yoki vasiy ekan.

Ish vaqti normalariga amal qilmaslik oqibatlari va ish vaqtidan ortiqcha vaqtga ishlash qoidalari to‘g‘risida keyingi maqolalarimizda batafsil tanishtirib o‘tamiz.

 

Iroda Qahhorova,

yurist

O‘zA

Powered by GSpeech