Ertaga, 2020 yil 12 avgust kuni o'z ishini boshlaydigan "Yoshlar 2020: global hamjihatlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusidagi Inson huquqlari bo'yicha Samarqand veb-forumida qariyb 1000 nafar ishtirokchi qatnashadi.
Ishtirokchilarning 50 nafardan ko'prog'i – xalqaro tashkilotlar va 30 nafardan ziyodi mintaqaviy tashkilotlar namoyandalari bo'lsa, salkam 30 nafari – inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar, taxminan 30 nafari – davlat organlari, 60 nafardan ortig'i - xalqaro va milliy nodavlat notijorat tashkilotlari hamda 100 nafardan ziyodi yoshlar tashkilotlari vakillaridir.
Samarqand forumining ikki kunlik dasturida 50 dan ortiq chiqishlar rejalashtirilgan. Xususan, 15 ta mamlakatdan 40 nafar xalqaro ma'ruzachi va 10 nafar milliy ma'ruzachi so'zga chiqishi ko'zda tutilmoqda.
Anjumanning 4 ta yalpi majlisi davomida "Yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro standartlarning rivojlanishi", "Yoshlar huquqlari va Barqaror rivojlanish maqsadlari", "Yoshlar uchun inson huquqlari bo'yicha ta'lim", "Tinchlik va xavfsizlikni ilgari surishda yoshlarning roli: 2030 yilgacha yanada xavfsizroq kelajakka nazar" kabi mavzular yuzasidan munozaralar bo'lib o'tadi.
Xalqaro anjuman ishtirokchilari 2017 yil 19 sentyabrda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan BMTning 72-sessiyasida taklif qilingan xalqaro tashabbuslar doirasida ishlab chiqilgan Yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro konventsiya loyihasini ko'rib chiqadilar. Navqiron avlodning hozirgi zamonda dunyo miqyosida e'tirof etilishi zarur bo'lgan huquqlari o'z aksini topgan mazkur tom ma'nodagi yangi hujjatning muhokamasi Samarqand forumining eng muhim voqealaridan biri hisoblanadi.
Chunki ushbu sohada majburiy mazmunga ega muayyan xalqaro hujjat haligacha qabul qilinmagan. Bu esa butun dunyoda yoshlarga oid davlat siyosatining zamonaviy qonunchilik bazasini shakllantirishni murakkablashtirmoqda.
Shuningdek, aholining yoshlar qismiga kimlar mansubligini aniqlash bo'yicha xalqaro mezonlarni ishlab chiqish zaruriyati mavjud. Shu ma'noda, yoshlar salohiyatini munosib baholash imkonini beradigan ushbu Konventsiya kelgusida yosh avlod hayotiga doir ko'plab yo'nalishlarning yanada shiddatli rivojlanishi uchun xizmat qilishi tayin.
Bu haqda so'z borganda, parlament tizimida yoshlarning roli haligacha munosib qadrlanmayotganini misol sifatida keltirish mumkin. Bugungi kunda dunyo miqyosida 30 yoshgacha bo'lgan parlament a'zolari 2,2 foizdan ham ozroqni tashkil etishining o'zi ham buni yaqqol tasdiqlaydi.
Shunga qaramay, parlamentlarning ozchilikdan iborat ana shu navqiron a'zolari ko'plab masalalar bo'yicha o'z qarashlariga ega. Ular o'zlarining mustaqil yondashuvlari asosida zarur qonun hujjatlarini ishlab chiqishda aholining katta qismini tashkil etuvchi yoshlarning ishonchini qozonib kelmoqdalar.
Shu nuqtai nazardan, Yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro konventsiyaning BMT tomonidan oliy darajada qabul qilinishi butun dunyoda davlatlarning yoshlar muammolariga e'tiborini yo'naltirishiga kuchli turtki beradi. Yanada muhimi, maxsus Konventsiya yoshlarga ularning rivojlanish maqsadlarini yanada jadallashtirishga qaratilgan yangi bosqichdagi huquqlarni taqdim etadi.
Samarqand forumining asosiy milliy tashkilotchisi O'zbekiston Hukumati hisoblanadi. Xalqaro anjumanni o'tkazish mas'uliyati Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markaziga yuklangan.
Mazkur Forum BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi hamda ushbu Boshqarmaning Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy bo'limi, BMT Taraqqiyot dasturi, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratiya va inson huquqlari bo'yicha byurosi, YEXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi kabi bir qator xalqaro sheriklar bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 11.08.2020
- Ko'rishlar: 4348
- Chop etish