Bu haqda joriy yilning 10-iyun kuni O‘zbekiston milliy matbuot markazida “O‘zbekistonda advokatura sohasida amalga oshirilayotgan so‘nggi islohotlar, joriy etilgan yangiliklar va kelajakdagi rejalar” mavzusida Adliya vazirligi va Advokatlar palatasi mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ta’kidlandi.
Tadbirda Adliya vazirligi va Advokatlar palatasi hamkorlikda so‘nggi yillarda sohani rivojlantirishga qaratilgan islohotlar va ularning natijasi, advokaturani raqamlashtirish borasida amalga oshirilgan
chora-tadbirlar, “Yuridik yordam” axborot tizimining imkoniyatlari, advokatlar tomonidan davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish borasida qilinayotgan ishlar haqida vazirlik va Advokatlar palatasi mas’ullari ma’lumot berib o‘tdi.
Xususan, aholining yuridik yordamga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash uchun advokatlar sonini ko‘paytirish maqsadida, advokaturaga kirishdagi ayrim quyidagi to‘siqlar olib tashlandi:
- advokat maqomini olish uchun ikki yillik yuridik staj talab etilishi bekor qilindi;
- advokat maqomini olish uchun stajirovka o‘tash talablari yengillashtirildi, bunda ortiqcha hujjatlar talab etilishi, stajirovka davrida referat va ortiqcha hisobotlar topshirish talablari chiqarib tashlandi;
- o‘rindoshlik asosida ham advokat stajyori bo‘lib ishlashga ruxsat berildi;
- talabgorlarga advokat maqomini olish bo‘yicha malaka imtihoniga hujjat topshirishning elektron tartibi yo‘lga qo‘yildi, talabgorga imtihon o‘tkaziladigan sana, vaqt va joy haqidagi ma’lumotlar elektron shaklda uning shaxsiy kabinetiga yuborilishi yo‘lga qo‘yildi;
- advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi uchun litsenziya berish “Litsenziya” axborot tizimi orqali amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi, bunda litsenziya berish jarayonida inson omili mavjud emas, agar talabgor malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan va davlat boji to‘lovlari amalga oshirgan bo‘lsa, Tizim avtomatik tarzda litsenziya beradi;
- advokatlik tuzilmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatish “yagona darcha” tamoyili asosida faqat elektron tarzda amalga oshiriladigan bo‘ldi;
- advokatlik guvohnomasi QR-kod qo‘yilgan, maxsus himoya qatlamiga ega ID-karta shaklida berilishi belgilandi va advokatlarning guvohnomalari yangi namunadagi guvohnomalarga almashtirildi.
Shu bilan birga, “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinganligi munosabati bilan, davlat hisobidan yuridik yordam jinoyat ishlari bilan bir qatorda, fuqarolik, ma’muriy va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha ham ko‘rsatilishi belgilandi.
Shu jumladan, tadbirda mas’ullar bir necha kun avval qabul qilingan Advokat stajyori va yordamchisi faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan yangiliklar, advokaturaga kirish yengillashtirilganligi, stajirovka o‘tashdagi byurokratik to‘siqlarning bartaraf etilganligi haqida gapirdi va sohani rivojlantirish uchun kelgusida rejalashtirilgan ishlar mazmuni ham tushuntirildi.
Rasmiy xabarlar
- Qo'shildi: 11.06.2024
- Ko'rishlar: 1733
- Chop etish