160 nafar afg‘on ayolini O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida tibbiyot yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitish rejalashtirilgan. Loyihaga doir xarajatlarning katta qismini Qatar tomoni o‘z zimmasiga oldi.
9 sentabr kuni Qatar davlati poytaxti Doha shahrida O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Qatarning "Ta’lim har narsadan ustun" fondi o‘rtasida afg‘on ayollarini O‘zbekistonda tibbiyot sohasida o‘qitishni tashkil etishni nazarda tutuvchi memorandum imzolandi.
Mazkur kelishuv doirasida 160 nafar afg‘on ayolini O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida tibbiyot yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitishi rejalashtirilgan.
O‘quv dasturlari O‘zbekistondagi tajribali tibbiyot mutaxassislari tomonidan olib borilib, ayollarning kasbiy ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qilish bilan birga ularning o‘z vatanidagi tibbiyot sohasiga qo‘shayotgan hissasini kuchaytirishga ham katta ta’sir ko‘rsatadi.
Loyihaga doir xarajatlarning katta qismini Qatar tomoni o‘z zimmasiga oldi. Xususan, "Ta’lim har narsadan ustun" fondi afg‘on ayollarini o‘qitish, turar joy bilan ta’minlash va boshqa zarur xarajatlar uchun 2,2 million dollar miqdorida moliyaviy yordam ajratadi.
Mazkur memorandumning imzolanishi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqib, xalqaro ta’lim va tibbiyot sohasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlaydi.
Mazkur kelishuv nafaqat O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlaydi, balki Afg‘onistondagi ayollar huquqlarini himoya qilish, ularning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish va kelajakda o‘ziga ishonadigan tibbiyot mutaxassislari yetishib chiqishiga zamin yaratadi.
Kun.uz
- Qo'shildi: 10.09.2024
- Ko'rishlar: 796
- Chop etish